U zotning to'liq ismlari - Muhammad Abussuud Afandi ibn Muhyiddin Muhammad ibn Muslihiddin Mustafo Imoduddin Imodiy Iskilibiy Hanafiy yoki Abussuud ibn Muhammad Imodiy bo'lib, “Abussuud Afandi” nomi bilan mashhur bo'lgan faqih va qozi hijriy to'qqizinchi asrning oxirlarida Usmoniylar davlatining Iskilib shaharchasida tavallud topganlar.
Abussuud Afandining tug'ilish sanasi haqida ko'pgina rivoyatlar mavjud bo'lib, ko'pchilik uni 19 safar 896 yil/ 1 dekabr' 1491 yilda tug'ilgan desa, ba'zilar 17 safar 896[1]/30 dekabr' 1490 yoki 19 safar 897/22 yanvar' 1491 yilda deyishadi. Ba'zi tarixchilar esa, uning tug'ilish sanasini 896/1490 yoki 1491 yil deya ko'rsatishadi. Boshqa tarixchilar esa, u hijriy 900[2] yilda tug'ilgan desalar-da, u bilan bir zamonda yashagan tarixchi Toshko'pirzoda hijriy 898/1493 yilni ko'rsatadi[3]. Ali ibn Boliy o'zining hijriy 992 yilda ta'lif qilgan[4] “al-Iqdul manzum fi zikri ulamairrum”[5] nomli kitobida Abussuud Afandining tug'ilgan joyi Istanbul yaqinidagi Iskilib shaharchasi ekanini, shu sababli unga “Iskilibiy” nisbasi berilganini keltiradi. Buni uning shogirdi asli Iskilibdan bo'lgan Oshiq Shibliy ham tasdiqlaydi.
Uning tug'ilgan uyi ilm va fazl bilan tanilgan xonadonlardan bo'lgan. Shu sababdan ba'zilar Abus-Suudning ta'rifida: “U ilmning bag'rida tarbiya topdi va fazlning ko'ksida yayradi, natijada sharafli ilmlar uchun xizmatda qoim bo'ldi, obro'si baland va olamga mashhur bo'ldi”- deganlar.
Dastlab mudarrislik qilganlar, so'ngra qozilik, qoziaskarlik darajasiga ko'tarilganlar. Usmoniylar davlati devonida ishtirok etganlar. So'ngra Usmoniylar poytaxtida muftiy va shayxulislom mansabini egallaganlar. Poytaxt, viloyatlar va asosiy katta shaharlarda fatvo, va'z va xatiblik hay'atini tashkil qilib, unga o'zi rahbarlik qilgan. Istanbul muftiysi mansabida 30 yil ishlagan, bunday uzoq muddatda undan avval ham, keyin ham hech kim faoliyat ko'rsatmagan. Abussuud Afandi hazratlari Sulton Sulaymon Qonuniy tomonidan chiqarilgan amru-farmonlarning deyarli barchasida bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan[6].
Usmoniylar davlatiga hijriy 699/milodiiy 1299 yilda Usmon ibn Ertug'rul tarafidan asos solingan bo'lib, Sulton Sulaymon Qonuniy davrida (926-974/1520-1566) o'zining yuksalish nuqtasiga chiqqan. Aynan o'sha davr Abussuud Afandi o'z mansabini egallab turgan davr bo'lgan, chunonchi Usmoniylar davlatida din ulamolari katta obro'-e'tiborga ega bo'lgan. Hossatan, bu davlat tashkil topganidan keyin uning ibtidosida sulton oshkora ravishda shari'at hukmlaridan tashqariga chiqa olmagan, shuning uchun sulton biror muhim siyosiy ishni amalga oshirishdan oldin unga joiz fatvolarni beruvchi shayxulislomga muhtoj bo'lgan. Shuningdek Abussuud Afandi Sulton Sulaymon Qonuniyning o'g'li Salim II ning hukmronlik davrida (974-982/1566-1574) ham yuqori mansabda bo'lgan. Usmoniylar davlatining yuksalish davri mobaynida shayxulislomlik va Istanbul muftisi lavozimida o'n oltita shayx o'tgan, ularning ichida Abussuud Afandi eng ko'p davlatga xizmat qilgan. U vafotiga qadar ya'ni 30 yil mobaynida Istanbul muftiysi mansabida ishlagan. U yashab o'tgan davr oddiy davr bo'lmagan, shu bilan birga, u Usmoniy sultonlarining eng yoshi ulug'i va chiqargan qonunlari bilan “Qonuniy” deb nom qozongan Sulton Sulaymon I bilan o'zaro do'stona munosabatda bo'lgan. Shuningdek, Abussuud Afandi Sulaymon Qonuniyning qonunlarini ishlab chiqishda ham muhim rol o'ynagan.
Usmoniylar davrida etishib chiqqan tafsir ulamolarining ko'pi Qur'oni karimni to'laligicha tafsir qilmasdan balki, avval yozilgan tafsir kitoblariga hoshiya va ta'liqlar yozish bilan kifoyalanishgan. Abussuud Afandi esa, Qur'oni karimni to'liq tafsir etganligidan unga “Sultonul mufassirin, xatibul mufassirin, xotimatul mufassirin” kabi unvonlar berilgan. Abussuud Afandi bu tafsir kitobini arab tilida yozgan bo'lib, uni Qonuniy Sulton Sulaymonga tuhfa qilgan. “Irshodul aqlis salim ila mazayal Kitabil karim” nomli bu kitobida Qur'oni Karim va hadisi shariflarga katta ahamiyat qaratgan, nuzul sabablari, mansux, qissalar, fiqhiy va kalomga oid masalalar, til, qiroat, isroiliyot, muhkam va mutashobih kabi masalalarni keng ochib bergan. She'riy usulni qo'llab, balog'at va ijoz, oyatlar orasidagi munosabatlar kabi tafsir ilmining nozik jihatlaridan mohirona foydalangan. Tafsirida ahli sunna val jamoa aqidasiga mahkam bog'langan holda aqliy zakovatidan to'la foydalanganligidan va oyatlar orasidagi mutanosiblikni mukammal izohlab berganligidan ba'zilar uning bu asarini Zamaxshariyning “Kashshof”, Bayzoviyning “Anvorut tanzil” nomli tafsirlaridan ham ustun ekanligini e'tirof etganlar. Abussuud Afandining o'zi ham Zamaxshariy va Bayzoviyning tafsirlaridan hamda Roziyning “Mafotihul g'oyb”, Nasafiyning “Madorik” nomli tafsirlaridan keng foydalangan.
Haqiqatan ham mazkur tafsir shirin tili, go'zal iborasi bilan boshqa tafsirlardan ajralib turadi. Muallif Qur'onning balog'iy tushunchalarini hech kim qilmagan uslub bilan ochib bergan.
Bu tafsirning fazilati haqida “Al-aqdul manzum fi zikri afozilir – Rum” kitobi muallifi shunday yozadi: “Bu tafsirda hech bir zamonda misli ko'rilmagan va quloqlar eshitmagan narsalar bayon etilgan.
“Al-favoidul baxiyya fi tarojimil-hanafiyya” kitobining muallifi shunday deydi: “Men u tafsirni mutolaa qildim. Undan ko'p foyda oldim. Kitobxonni zeriktiradigan darajada uzun, tushunmovchilik paydo qiladigan darajada qisqa emas, latifa va nuqtalar bilan bezatilgan, foyda va ishoralarni o'zida mujassam qilgan kitobdir”.
“Kashfuz-zununda” aytilishicha, bu tafsirning nusxalari butun olamga tarqalgan, ulamolar huzurida yaxshi qabul qilingan, tili engil. Shu sababdan ulamolar tafsir muallifini (Abus-suudni) “mufassirlarning xatibi” deb nomlaganlar. Qur'on oyatlarining ma'nolarini tushuntirishda juda oson yo'lni tanlagani uchun, biror oyatning tafsirida mujmallik va maxfiylik yo'qdir, o'z navbatida hoshiyaga ham ehtiyoj yo'q.
Ammo “Kashfuz-zununda” aytilishicha, Abus-suudning tafsiriga ikki kishi: ash-Shayx Ahmad ar-Rumiy al-Oq Hisoriy (vafoti 1041) “Ar-Rum” surasidan “Ad-duxon” surasigacha, ash-Shayx Raziyuddin ibn Yusuf al-Quddusiy tafsirning salkam yarmiga ta'liq-ilova yozgan.
Abus-suud o'z tafsirining muqaddimasida, “az-Zamaxshariy va al-Bayzoviy tafsirlariga qattiq ehtimom va e'tiqod qo'ygan, ularni qayta-qayta mutolaa qilgan, ulardan ilhomlanib tafsir yozishga kirishganini aytadi.
Shuning uchun ham u tafsirlardagidek, har bir suraning oxirida keltirilgan, ulamolar tomonidan bil-ittifoq yolg'on va mavzuligiga qaror qilingan hadislarni Abus-suud Afandi ham rivoyat qilgan.
Lekin muallif tafsir uslubida mazkur ikki tafsirni asos qilib olgan bo'lsa-da, az-Zamaxshariyning tafsiridagi mo''taziliy fikrlardan juda uzoq bo'lgan, undan kitobxonni ham tahzir qilgan va tafsirini to'laligicha “ahli sunna” e'tiqodida yakunlagan.
Har bir oyatning tafsirini boshlashdan avval oyatlarning bog'lanishi va o'zaro munosabatlarining bayoniga to'xtaladi. Ahyon-ahyonda munosabatdan avval qiroatlar haqida ham gapirilgan.
Tafsirda isroiliyotlarning ko'p emasligi ham e'tiborga molik. Isroiliy rivoyat keltirilganda ham jazm va qat'iylik bilan emas, zarurat tug'ilganda uning zaifligiga ishora qilib: “rivoyat kilinishicha”, “aytilishicha”-degan so'zlar bilan boshlangan.
Abus-suudning tafsiridagi yana bir kamchilik, u ham bo'lsa, ulamolar bil-ittifok «kazzob» deb xukm kilgan Al-Kalbiy va Abu Solixdan xadis rivoyat kilishidir. Masalan “Saba'” surasining 15-oyati:
لَقَدْ كَانَ لِسَبَإٍ فِي مَسْكَنِهِمْ آَيَةٌ جَنَّتَانِ عَنْ يَمِينٍ وَشِمَالٍ...
“Saba' (aholisi) uchun o'z maskanlarida (Allohning fazliga doir) bir alomat bor edi – o'ng tomon ham, so'l tomon ham bog'-rog' bo'lib...”[7]- oyati tafsirida, oyat mazmunidagi qissani keltirib shunday deydi: “Al-Kalbiy Abu Solihdan rivoyat qilishicha, ularning asli qissalari shunday bo'lgan edi: Amr ibn Omir Saba' avlodlaridan edi. Ikkovining orasida o'n ikki avlod o'tgan. Saba'ning nomi Maziqiyyo ibn Mous-samo' edi. Unga kohinlar Ma'rab qo'rg'onining xarob bo'lishi va Eram seli ikki tarafi jannat misol bo'lgan erni g'arq qilishini xabar qilgan edi”,- deb u qissani va boshqa rivoyatlarni bemalol keltiravergan.
Holbuki, Al-Kalbiyning kazzobligi barchaga ma'lum. As-Suyutiy o'zining “Ad-dyppyl-mancyp” tafsiri xotimasida shunday yozadi: “Ulamolar Al-Kalbiyni yolg'onchi sanaganlar. U kasal bo'lganda: “Men Abu Solih nomidan keltirgan hadislarimning barchasi yolg'ondir”,-deb e'tirof etgan.
Lekin Abus-Sa'ud mazkur va boshqa hadislarning so'nggida (“Alloh taolo biluvchiroq” deb qo'yishi o'sha hadisning sahihligi yoki zaifligida shubha qilishining alomatidir. Abus-Suud fiqhiy masalalarda oyatning ma'nosidan chiqadigan hukmlarda mazhablarning yo'nalishini, xususan hanafiy va shofiiy mazhab fikrlarini shunchaki keltirish bilan kifoyalanadi.
Shuningdek, nahviy masalalarda ham unchalik chuqur ketmagan. Agar bir oyat bir necha e'robiy ko'rinishlarga ega bo'lsa, muallif ulardan birini tarjih qiladi va tarjihiga dalil keltiradi.
Shunday qilib, Abus-Suudning ushbu tafsiri g'oyat nozik did bilan, behuda gap aralashtirmasdan, lo'nda va ochiq, iboralar bilan yozilgan asar bo'lib, keyingi mufassirlarning ko'pchiligi ham unga murojaat qiladilar.
Abussuud Afandi 982 yil jumadul-avval oyining beshinchi kuni 23 avgust 1574 da vafot etadi. Aydarusiy uning vafoti tarixini 952 yil jumadul axir oyi deb ko'rsatadi. Uning janozasiga ulamolar, vazirlar va Devon sohiblari hozir bo'ladi, Sinon Mahshiy “Sulton Muhammadxon” jomeasida uning janozasini o'qiydi. Sahoba Abu Ayyub al Ansoriy roziyallohu anhu qabristoniga dafn qilinadi. Uning vafoti xabari Masjidul haromda e'lon qilinadi va g'oibona janoza namozi o'qiladi. Istanbul ko'chalaridan biriga uning nomi berilgan.
Manbalar asosida
Muhammadali KATTABOYeV,
“Hidoya” o'rta maxsus islom bilim yurti ARM mudiri,
Toshkent islom instituti Maxsus sirtqi bo'lim 3-bosqich talabasi
[1] “Taadiy ilal a'la li zaylish shaqaiq”. -B. 129.
[2] Abdulqodir Ahmad Ato. “Tafsir Abissuud”. -B. 125.
[3] Abul Abbas Ahmad ibn Muhammad ibn Abilafiya. “Kitabu durratil hijal fi asmair rijal”. -B. 306.
[4] “Taadiy ilal a'la li kitabi shayxislam Abussuud Afandi”. -B. 266.
[5] Ali ibn Lali Bali. “Maxtuta kitabil iqdil manzum fi zikri ulamair rum”. -B. 70.
[6] Muhammad Isom Ali Abdulhafiz Udvon, “Shayxulislam Abussuud Afandi” . (898-982 h/1493-1574m.) -B. 264-265.
[7] “Qur'oni karim ma'nolarining o'zbekcha tarjima va tafsiri”. Shayx Abdulaziz Mansur. Toshkent: 2007 yil
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.