Kuni bo'yi ishxonada yugur-yugurlar ko'paydi. Kamiga ancha vaqt sarflab qilgan ishim boshlig'imizga yoqmadi... Bir uyum kamsitishlar ila no'noqlikda aybladi.
Uyga qaytyapman. Qattiq asabiylik oqibatimi yoki xayolim qochdimi yo'ldagi "tanish chuqurchani" ko'rmay qolib mashinaning g'ildiragini rasvo qildim.
Uyga kelsam ovqat qilinmagan ustiga ustak ayolim ham betob. Unga ovozim boricha baqirdim va jahl bilan yotoqqa kirib yotib oldim. Hayolimda faqat rahbarning asabiy ko'rinishi va aytgan gaplari...
Shu payt, uch yoshli o'g'lim kelib "dadajon mashinangizni mingim kelyapti", degancha, ustimga o'zini otdi (odatda shunday qilishi menga juda ham yoqardi). Uni ustimdan uloqtirib "yo'qol ko'zimdan" deb o'shqirgancha xonadan chiqarib yubordim. U yig'lab-yig'lab onasini yoniga ketdi.
Oradan qancha vaqt o'tdi bilmayman, ko'zim ilingan ekan. Soat tungi 01:00. O'g'lim jajji qo'llari bilan yuzimdan silab, biroz qo'rquv bilan uyg'otdi: "Dadajon xuftonni o'qimay uxlab qolibsiz". Qarasam qo'lida joynamoz. Biroz bir-birimizga tikildik. O'g'limning ko'zida ma'yuslik va mehr qalqib turibdi. Borib tahorat oldim, o'g'lim esa joynamoz ko'targancha ortimdan ergashib yurdi. Uning qo'lidagi joynamozni olib, namoz o'qishni boshladim.
Bir mahal o'g'lim oyoqlarim orasiga kirib: "Allohim dadamni xafa qilganlarni yaxshi odamga aylantir, dadamni yaxshi ko'r, xuddi men seni yaxshi ko'rgandek", deya, ovoz chiqarib duo qildi...
Men esa yig'idan o'zimni to'xta olmadim, hatto, soqolim va ko'ylagim ho'l bo'lib ketdi…
Saidabror Umarov
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Tong otganida:
اللهُمَّ إِنِّي أَصْبَحْتُ مِنْكَ فِي نِعْمَةٍ وَعَافِيَةٍ وَسِتْرٍ فَأتِمَّ نِعْمَتَكَ عَلَيَّ وَعَافِيَتَكَ وَسَتْرَكَ فِي الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ
"Allohumma inniy asbahtu minka fiy ni’matin va ’afiyatin va sitrin faatimma ni’mataka ’alayya va ’afiyataka va satroka fiddunya val axiroh", deb uch marta va kechqurun uch marta aytgan kishiga Alloh shu duoda kelganidek, hammasini mukammal qilib beradi", dedilar (Ibn Sunniy rivoyati).
Ma’nosi: Allohim, Sening ne’matingda, ofiyatingda, ayblar yopilgan holda tong ottirdim. Meni dunyoyu oxiratda ne’matda, ofiyatda, ayblar yopilgan holatda bo‘lishimni mukammal qil.