بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
ISLOM DININING FOLBINLIK, SYeHR VA “DUOHONLIK” KABI AMALLARGA MUNOSABATI
Muhtaram jamoat!Sehr deganda bir narsani haqiqatidan boshqa tarafga burishni tushuniladi. Bundan sehrgarlarni botil narsani haqiqat qilib ko'rsatishlari kelib chiqadi. Sehrni ayrim ulamolar mana bunday tushuntirishgan: sehr bu – sehrgar bilan jin o'rtasidagi kelishuvdan iborat bo'lib, unga ko'ra jin sehrgarga itoat qilib, yordam beradi va so'ragan narsasini bajaradi. Buning uchun sehr qilmoqchi bo'lgan kishi jinga atab ba'zi harom va shirk amallarni bajarishi kerak. Bundan esa sehr-jodu qiluvchilar ma'siyat, shirk va kufrdan iborat ishlarni qilishlari va shunga buyurishlari ma'lum bo'lyapti. Islomdan oldin bu ish juda ham keng avj olgan edi. Jinlarning ayrimlari osmondagi farishtalarning o'zaro gaplarini o'g'rincha eshitib olib, erdagi folbinlarga etkazib turishgan. Qur'on nozil bo'la boshlagandan keyin jinlar va folbinlar o'rtasidagi ushbu munosabatlar nihoyasiga etgan. Bu haqida Qur'on karimda jinlarning tilidan shunday deyiladi:
وَأَنَّا كُنَّا نَقْعُدُ مِنْهَا مَقَاعِدَ لِلسَّمْعِ ۖفَمَنيَسْتَمِعِالْآنَيَجِدْلَهُشِهَابًارَّصَدًا
وَأَنَّا لا نَدْرِي أَشَرٌّ أُرِيدَ بِمَنْ فِي الأرْضِ أَمْ أَرَادَ بِهِمْ رَبُّهُمْ رَشَدًا
(سورة الجن 9-10)
ya'ni: “Endi hozir (Muhammad payg'ambar bo'lgach), kimki (qaysi jin) tinglamoqchi bo'lsa, o'zini kuzatib turgan bir uchar yulduzni topar. Biz erdagi kishilarga yomonlik iroda qilinganmi yoki Parvardigorlari ularga to'g'ri yo'lni iroda qilganmi, bilmasmiz” (Jin surasi 9-10-oyatlar).
Azizlar! Agar e'tibor bersak, sehr-jodu bilan birga doim folbinlik zikr qilinadi. Folbinlik bu – kelajakdan, g'aybdan xabar berishdir. G'ayb ilmi Allohga xos bo'lganligi uchun uni da'vo qilish – islomdagi gunohi kabiralardan biridir. Sehr va folbinlikning har biri gunoh jihatidan bir-biridan kam bo'lmaganligi uchun har ikkisi haqida bir hadisi sharifda umumlashtirib keltirilgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar:
مَنْ أَتَى كَاهِناً أَوْ عَرَّافاً فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أُنْزِلَ عَلَى مُحَمَّدٍ
(رواه الإمام أحمد عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni, “Kimda-kim sehr-jodu qiluvchi yoki fol ochuvchiga borib, uning aytayotgan gaplariga ishonsa, Muhammadga nozil qilingan (islom dini)ga kufr keltiribdi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Folbinlar ko'proq kelajakda ro'y beradigan ishlarni bilishlarini da'vo qiladilar. Bu esa, shariat hukmi bo'yicha, kufr hisoblanadi. Chunki g'aybni faqat Alloh taoloning O'zigina biladi. Kim uni bilishni da'vo qilsa, kofir bo'ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda:
وَعِندَهُۥمَفَاتِحُٱلْغَيْبِلَايَعْلَمُهَآإِلَّاهُوَ...
(سورة الأنعام 59)
ya'ni, “G'ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o'zga bilmas...” deb marhamat qilgan (An'om surasi 59-oyat).
Yana boshqa bir oyatda esa:
عَالِمُ الْغَيْبِ فَلا يُظْهِرُ عَلَى غَيْبِهِ أَحَدًا إِلا مَنِ ارْتَضَى مِنْ رَسُولٍ فَإِنَّهُ يَسْلُكُ مِنْ بَيْنِ يَدَيْهِ وَمِنْ خَلْفِهِ رَصَدًا
ya'ni, “(U) g'aybni biluvchidir. Bas, O'z g'aybidan biror kimsani xabardor qilmas. Faqat O'zi rozi bo'lgan (tanlagan) payg'ambarnigina (ikki dunyoning ba'zi sirlaridan ogoh etar). Bas, albatta, U (Alloh) (har bir payg'ambarning) oldidan ham, ortidan ham kuzatuvchi (farishta) yo'llar”, – deb marhamat qilgan (Jin surasi 27-oyat).
Folbinlar hattoki Alloh taolo payg'ambarlariga ham bildirmaydigan g'ayb ishlarni bilishni da'vo qilayotgan yolg'onchi ekanliklari shu erdan ma'lum bo'lyapti.
Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhu: “Folbin – sehrgardir, sehrgarlik esa kofirlik alomatlaridandir,” – deganlar.
Yuqoridagi oyat va hadisi shariflardan ma'lum bo'lishicha, sehr-jodu, bashoratchilik va boshqa issiq-sovuq qilish kabi ishlar shariatimizda qattiq qoralangan. Hattoki ayrim hadisi shariflarda keltirilishicha, ushbu ishlar halokatga olib boruvchi amallardan ekan. Shuning uchun bu ishlarni hech qanday sabab bilan umuman oqlab bo'lmaydi.
Azizlar! Ming afsuslar bo'lsinki, bugungi kunimizda ham folbinlarning ham jamiyat, ham oilalar tinchligiga rahna solayotgani hech kimga sir emas. Turli “duoxon”, azayimxon va ular kabi boshqa shaxslar huzuriga borib, ham vaqtini ham naqdini sarflash bilan birga Yaratganga osiy bo'layotgan yurtdoshlarimiz hali-hanuz uchrab turibdi. Ularning orasida farzandlarimizning tarbiyasida o'rinlari katta bo'lgan ayollarning ko'pligi tashvishimizni yana ham orttiradi. Jamiyatda yuz beradigan ajralishlarning katta qismiga aynan shular sababchi bo'ladi, desak, xato qilmaymiz. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyilgan:
واتَّبَعُوا مَا تَتْلُو الشَّيَاطِينُ عَلَىٰ مُلْكِ سُلَيْمَانَ ۖوَمَاكَفَرَسُلَيْمَانُوَلَٰكِنَّ الشَّيَاطِينَ كَفَرُوا يُعَلِّمُونَ النَّاسَ السِّحْرَ وَمَا أُنزِلَ عَلَى الْمَلَكَيْنِ بِبَابِلَ هَارُوتَ وَمَارُوتَ ۚوَمَايُعَلِّمَانِمِنْأَحَدٍحَتَّىٰيَقُولَاإِنَّمَانَحْنُفِتْنَةٌفَلَاتَكْفُرْۖفَيَتَعَلَّمُونَمِنْهُمَامَايُفَرِّقُونَ بِهِ بَيْنَ الْمَرْءِ وَزَوْجِهِ ۚوَمَاهُمبِضَارِّينَبِهِمِنْأَحَدٍإِلَّابِإِذْنِاللَّهِۚوَيَتَعَلَّمُونَمَايَضُرُّهُمْوَلَايَنفَعُهُمْۚوَلَقَدْعَلِمُوالَمَنِاشْتَرَاهُمَالَهُفِيالْآخِرَةِمِنْخَلَاقٍۚوَلَبِئْسَمَاشَرَوْابِهِ أَنفُسَهُمْ ۚلَوْكَانُوايَعْلَمُونَ
ya'ni, “Va Sulaymon podshohligidagi shaytonlar (jinlar) aytgan narsalarga ergashadilar. Sulaymon kofir emas edi, balki odamlarga sehr o'rgatadigan shaytonlar kofir edilar. Bobildagi Horut va Morut (nomli) farishtalarga tushirilgan narsalarga (ergashadilar). Holbuki, u farishtalar: "Biz faqatgina fitnamiz (ya'ni, odamlarni aldab imtihon qilish uchun yuborilganmiz) bas, (biz aytgan narsalarni qilib) kofir bo'lib qolma", demasdan turib, hech kimga hech narsa o'rgatmas edilar. Va o'shalardan (Horut va Morutdan) er xotinning o'rtasini buzadigan narsalarni o'rganadilar. (Lekin) ular (yahudiylar) Allohning iznisiz hech kimga zarar etkaza olmaydilar. Hech foydasiz, bilaks, zararli narsalarni o'rganadilar” (Baqara surasi 102-oyat).
Demak, ular qadimdan kishini juftidan ajratishga harakat qilib kelishgan ekan. Aynan folbinlar sabab er-xotinlar o'rtasi buzilib ketayotgani kabi, qarindosh-urug'lar va qo'ni-qo'shnilar orasi ham tobora buzilib ketyapti. Inson boshiga tushgan kulfat, musibat yoki o'ziga etgan xastalik sabab ular huzuriga boradi. Ular esa bu ishlarni ovsiningiz, qo'shningiz yoki falonchilar sizga qarshi o'qitgani, isitma-sovutma qilgani sabab bo'ldi deb, o'zlarini topqir qilib ko'rsatadi. Natijada qarindosh va mahalladoshlar orasiga sovuqchilik tushadi. Biz agar bu borada dinimiz ko'rsatmalariga amal qilsak, imonimiz mukammal va Allohning oldida yuzimiz yorug' bo'ladi. Chunki Parvardigori olam siz-u bizlarni bu dunyoda aka-uka va ahil-do'st bo'lib yashashga buyurgandir.
Hozirgi paytda fol ochishning turlari son-sanoqsiz bo'lib ketdi. Karta bilan, qushlarga xat torttirish bilan, qo'lning kaftiga qarab turib, suratga qarab va hokazolar... Yuqorida aytilgandek, bularning hammasi – kufr ishlardir. Payg'ambarimiz sallollohu alayhi vasallam:
مَنْ أَتَى عَرَّافًا، فَسَأَلَهُ عَنْ شَيْءٍ فَصَدَّقَهُ لَمْ تُقْبَلْ لَهُ صَلَاةٌ أَرْبَعِينَ لَيْلَةً
(رواه الإمام مسلم)
ya'ni, “Kimda-kim folbinga borib, undan biror narsa so'rasayu va uning aytganiga ishonsa, uning 40 kunlik namozi qabul bo'lmaydi”, – deganlar. Bu hadisi sharifda folbinga borish oqibatida qilingan ibodatlarni ham qabul bo'lmasligi aytilmoqda.
Muhtaram jamoat! Ko'pincha shumlanish yoki biror narsani bexosiyat deb hisoblash odamlarda uchrab turadi. Dinimizda buning muolajasi berilgan. Buning uchun Alloh taologa tavakkul qilish va uning qazoi-qadariga imon keltirish kerak. Agar shunda ham insoniy tabiati g'olib kelib, shumlanish davom etsa, bu narsaga engilib yuravermasdan tavakkul qiladi. Bu borada ushbu hadis rivoyat qilingan:
ثَلَاثَةٌ لَا يَسْلَمُ مِنْهُنَّ أَحَدٌ الظَّنُّ وَالطِّيَرَةُ وَالْحَسَدُ فَإِذَا ظَنَنْتَ فَلَا تَحَقَّقْ إِذَا تَطَيَّرْتَ فَلَا تَرْجِعْ
وَإِذَا حَسَدْتَ فَلَا تَبْغِ
(رواه الإمام عبد الرزاق في مصنفه)
ya'ni, “Uch narsadan hech kim salomat bo'lmaydi: gumon, shumlanish va hasad. Agar gumon qilsangiz, ro'yobga chiqarmang, shumlansangiz qaytmang va hasad qilsangiz, o'zingizni tiying (hasadni ro'yobga chiqarmang)” (Imom Abdurrazzoq “Musannaf”da rivoyat qilganlar).
Shuning uchun yoqmagan narsani ko'rganda, inson “Ey Alloh, yaxshilikni keltiruvchi ham, yomonlikni daf' qiluvchi ham O'zingsan! Sendan o'zga kuch ham, qudrat ham yo'q!” – deb aytishlikka buyurilganmiz. Bu haqda Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
مَنْ عَرَضَ لَهُ مِنْ هَذِهِ الطِّيَرَةِ شَيْءٌ فَلْيَقُلِ "اللَّهُمَّ لَا طَيْرَ إِلَّا طَيْرُكَ وَلَا خَيْرَ إِلَّا خَيْرُكَ وَلَا إِلَهَ غَيْرُكَ
ya'ni, “Kimda ushbu shumlanishlardan biri paydo bo'lsa, (Ey Alloh, yomonlik ham yaxshilik ham faqat sendan. Sendan o'zga iloh yo'q), deb aytsin” deganlar.
Demak, musulmon shaxs sehr-jodu qiluvchilar, folbinlar, azayimxon va “duoxon”larga bormasligi va ishonmasligi kerakligidan tashqari, ularni huzuriga etaklashi mumkin bo'lgan shumlanishdan ham saqlanishlari lozim bo'lar ekan.
Alloh taolo barchalarimizni sehr-jodu, irim-sirim va boshqa gunohlardan salomat qilib, jamiyatimiz va undagi oilalarni ahil-inoq bo'lib yashashga tavfiq ato etsin!
Aqidaviy masala sharhi
Allohning kalom sifati
Muhtaram azizlar! Ma'ruzamiz davomida hozirgi kundagi dolzarb aqidaviy masalalardan biri bo'lmish Alloh taoloning kalom (gapirish, so'zlash) sifati haqida suhbatlashamiz.
Hozirgi kunda ba'zi soxta salafiylar Alloh taolo ham biz bandalarga o'xshab harf va ovoz yordamida gapiradi, demoqda. Vaholanki, Ahli sunna val jamoa – Moturidiy va Ash'ariy e'tiqodida Alloh taoloning biror-bir sifati haqiqati (mohiyati)da ham, kayfiyati (ko'rinishi)da ham bandalarning sifatlariga o'xshamaydi. Bu haqda mo''tabar “Fiqhul akbar” kitobida quyidagi jumlalar keltirilgan:
وصفاتُهُ كلُها بخلافِ صفاتِ المخلوقينَ، يعلمُ لا كعلمِنا، يَقْدِرُ لا كقدرَتِنا، يَرَى لا كرؤيَتِنا، يتكلمُ لا ككلامِنا، ويسمعُ لا كسمعِنا. نحنُ نتكلمُ بالآلاتِ والحروفِ، واللهُ تعالى يتكلمُ بلا حروفٍ ولا آلةٍ. والحروفُ مخلوقةٌ، وكلامُ اللهِ تعالى غيرُ مخلوقٍ
ya'ni: Alloh taoloning barcha sifatlari yaratilganlarning sifatlaridan o'zgachadir. Uning bilishi bizning bilishimiz kabi emas, qudrati bizning qodirligimiz kabi emas, ko'rishi bizning ko'rishimiz kabi emas, eshitishi bizning eshitishimiz kabi emas. Biz vositalar va harflar bilan gapiramiz. Alloh taolo vositalar va harflarsiz gapiradi (ya'ni, ularga muhtoj emas). Harflar yaratilgandir, Alloh taoloning kalomi yaratilgan emasdir.
Demak, yurtimizda an'anaviy hisoblangan moturidiylik ta'limotiga ko'ra, Alloh taoloning eshitish, ko'rish, gapirish va shu kabi sifatlarini yaratilganlarning sifati kabi deb tushunmaslik kerak. Zero, yaratuvchi bilan yaralmishning sifatlari aslo bir xil bo'lmaydi. Alloh taoloning sifatlari uning ilohligiga xos va mos bo'ladi. Alloh taolo sifatlarining mohiyatini Allohning O'ziga topshiramiz. Mana shunday qilish sahobai kiromlar va salafi solihinlarimizning yo'llaridir. Alloh taoloning sifatlari borasida chuqur ketib ular borasida bahs qilish esa bid'atchi kimsalarni yo'lidir. Bu haqda ulug' ajdodimiz Abul Mu'in an-Nasafiyning "At-Tamhid li qovaid at-tavhid” kitoblarida ham atroflicha ma'lumotlar keltirilib, adashgan toifalarga raddiyalar berilgan.
Shuningdek, Imom Molik rahmatullohi alayh: “Ahli bid'atlar – Alloh taoloning ism-sifatlari, kalomi, ilmi va qudrati haqida gapiradilar, sahobai kiromlar va ularga ergashganlar tilini tiygan narsalardan tiyilmaydilar” deganlar.
Hulosa shuki, bu masalada ulamolarimiz bayon qilib bergan ma'lumotlar bilan kifoyalanish va bu borada chuqur ketmaslik maqsadga muvofiqdir.
Alloh taolo barchalarimizni sog'lom aqidada, haq yo'lda sobitqadam aylasin!
Kelasi juma ma'ruzasi “Mazhablar Qur'on va hadis mahsuli” haqida bo'ladi, inshaalloh.
- 56وَتُعْطَى الْكُتْبُ بَعْضًا نَحْوَ يُمْنَى وَبَعْضًا نَحْوَ ظَهْرٍ وَالشِّمَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Nomai a’mollar ba’zilarga o‘ng tomondan beriladi, ba’zilarga orqa va chap tomondan (beriladi).
Nazmiy bayoni:
Ayrimlarga nomalar kelar o‘ng qo‘ldan
Ba’zilarga berilar orqa va so‘ldan.
Lug‘atlar izohi:
تُعْطَى – ikki maf’ulli fe’l.
الْكُتْبُ – noib foil, birinchi maf’ul. كُتْبُ kalimasi كِتَابٌ ning ko‘pligi bo‘lib, aslida, كُتُبٌ dir. Bu yerda nazm zaruratiga ko‘ra كُتْبُ qilib keltirilgan.
بَعْضًا – ikkinchi maf’ul.
نَحْوَ – nahv kalimasining bir qancha ma’nolari bo‘lib, bu yerda “tomon” ma’nosida kelgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Quyidagi baytlarda نَحْو kalimasining besh xil ma’nosi bayon qilingan: 1. “qasd”; 2. “jihat”; 3. “miqdor”; 4. “misl”; 5. “qism”.
نَحَوْنَا نَحْوَ دَارِكَ يَا حَبِيبِي
لَقِينَا نَحْوَ أَلْفٍ مِنْ رَقِيبِ
وَجَدْنَاهُمْ جِيَاعاً نَحْوَ كَلْبٍ
تَمَنَّوْا مِنْكَ نَحْوًا مِنْ شَرِيبِ
Ey do‘stim, yo‘l oldik hovlinga tomon,
Yo‘liqdik ming qadar raqibga hamon.
Ularning it misol ochligin bildik,
Biror qism yutiming kutishar har on.
يُمْنَى – “o‘ng” ma’nosida bo‘lib, taraf va a’zoga nisbatan ishlatiladi.
وَبَعْضًا – oldin o‘tgan بَعْضًا ga atf qilingan.
ظَهْر – orqa taraf ma’nosini bildiradi. Masalan, ظَهْرُ الاِنْسَان deganda inson yelkasi ortidan beligacha bo‘lgan qismi tushuniladi.
الشِّمَالِ – chap taraf ma’nosini anglatadi.
Matn sharhi:
Qiyomat kunida hamma mahshar maydoniga to‘planadi. Barchaga bu dunyoda qilgan ishlari yozib qo‘yilgan kitob – nomai a’mol tarqatiladi. Ushbu nomai a’mollar insonlarning hayotlari davomida qilgan barcha hatti-harakatlari davomida yozilgan bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:
“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[1].
Ya’ni insonlarning qilayotgan amallarini kuzatib, yozib turuvchi farishtalar bor. Ular Alloh taolo huzurida eng hurmatli farishtalar bo‘lib, insonlarning talaffuz qilgan barcha so‘zlarini va qilgan barcha amallarini yozib turadilar. Qurtubiy ushbu oyat haqida: “Ustilaringizda kuzatib turuvchi farishtalar bordir” ma’nosini anglatadi, – degan. Ushbu hurmatli farishtalar insonlar tarafidan sodir bo‘lgan barcha yaxshiyu yomon ishlarni bilib turadilar hamda qiyomat kunida qilmishlariga yarasha jazo yo mukofot olishlari uchun nomai a’mollariga yozib turadilar.
Qiyomat kunida farishtalar barcha insonlarni bir joyga to‘plaganlaridan so‘ng har biri bilan alohida hisob-kitob boshlanadi. Hisob-kitobdan oldin ularga bu dunyoda qilgan barcha ishlari yozib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Ashaddiy kofirlarga nomai a’mollari orqa tomondan beriladi va ular uni chap qo‘llari bilan oladilar. Ba’zi kofirlarga chap tomondan beriladi.
Taqvodor mo‘minlarga o‘ng tomondan beriladi. Tavba qilishga ulgurmasdan o‘lgan fosiq mo‘minga nomai a’moli qaysi tarafdan berilishi haqida ulamolar ikki xil qarashda bo‘lganlar:
– O‘ng tarafdan beriladi;
– Bu haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishgan.
O‘ng tarafdan beriladi, deganlar ham qachon berilishi haqida o‘zaro ikki xil gapni aytganlar:
1. Do‘zaxga kirishidan oldin beriladi va bu uning do‘zaxda abadiy qolmasligi alomati bo‘ladi;
2. Do‘zaxdan chiqqandan keyin beriladi.
Nomai a’mollari o‘ng taraflaridan berilganlar osongina hisob kitobdan so‘ng jannatdagi ahllari oldiga xursand holda qaytadilar:
“Bas, kimning nomai a’moli (qiyomat kuni) o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak va (jannnatga tushgan) o‘z ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak”[2].
So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligi haqida bunday yozgan:
Bilur garchi jami’i holimizni,
Yuborur nomayi a’molimizni.
* * *
Yuborsa nomani rahmat yo‘lidin,
Kelur noma u qulni o‘ng qo‘lidin.
* * *
Qizil yuzlik bo‘lub ul ham sarafroz
Suyunganidin qilur ul banda ovoz.
* * *
O‘qung nomamni ey turg‘on xaloyiq
Kelubdur noma ixlosimg‘a loyiq.
Ya’ni Alloh taologa barcha holatlarimiz ma’lum bo‘lsa-da, amallarimiz yozilgan sahifalarni yuboradi. U zotning buyruqlarini bajarib, rahmatiga sazovor bo‘lganlarga amallari yozilgan sahifalarni o‘ng tarafidan yuboradi.
Bunday baxtli insonlar kitoblari o‘ng tomondan berilishi bilanoq o‘zlarining abadiy baxt-saodatga erishganlarini biladilar va mislsiz xursandchilikdan quvonch ko‘z-yoshlari bilan entikishib:“Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar! Albatta, men hisob-kitobimga yo‘liqishimga ishonardim”, – deydilar:
“Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”, – der”[3].
Ammo kimki Allohga iymon keltirmay, Uning buyruqlarini bajarmasdan o‘ziga berilgan fursatni faqat ayshu ishratda yashashga erishish, go‘yo dunyo lazzatlarining oxirigacha yetish yo‘lida sarf qilib yuborgan bo‘lsa, unga kitobi orqa tarafidan beriladi. Kitobi orqa tarafidan berilganlar qizib turgan do‘zaxga kiradilar:
“Ammo kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa, bas, (o‘ziga) o‘lim tilab qolajak va do‘zaxda kuyajak”[4].
Ba’zilarga kitobi chap tarafidan beriladi. Bunday kimsalar kitobi chap tarafdan berilganning o‘zidayoq sharmanda bo‘lganlarini biladilar. Oldindagi dahshatli azob-uqubatlarni his etganlaridan titrab-qaqshab: “Voy sho‘rim, koshki menga kitobim berilmasa edi”, – deb qoladilar.
“Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam! Eh, qaniydi, o‘sha (birinchi o‘limim hamma ishni) yakunlovchi bo‘lsa! Menga mol-mulkim ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib mendan ketdi”[5].
Xulosa qilib aytganda, barchaning qilgan qilmishlari va holatlari ma’lum bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga nomai a’mollarining ham berilishini iroda qilgan. Ushbu nomai a’mollarning qanday berilishining o‘zidayoq yaxshi amal qilganlarni taqdirlash ko‘rinishi bor.
Keyingi mavzu:
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz