Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446

Tahorat – insonni go'zal qiladi

1.02.2021   1755   4 min.
Tahorat – insonni go'zal qiladi

Bizda tahorat deb o'rganib qolingan ma'lum va mashhur amal arabchada «vuzu'» deyiladi. «Vuzu'» so'zi lug'atda «go'zallik» va «yaltirash» ma'nolarini bildiradi. Shariatda esa Allohga qurbat hosil qilish niyati bilan ba'zi a'zolarni yuvish «vuzu'» deb aytiladi.

Tahorat eng avvalo, Alloh taolo tomonidan amr qilingan ibodatdir. U musulmon insonning gunohlari mag'firat qilinishiga sabab bo'ladi. Tahorat poklik demakdir. U insonni go'zal qiladi. Sog'lom bo'lishini ta'minlaydi va yana boshqa ko'plab foydalar keltiradi.

Alloh taolo musulmonlarni har bir ibodatga tahoratli holda kirishiga buyurgan. Tahoratsiz namoz qabul bo'lmaydi. Bir kunda besh vaqt namoz o'qiydigan odam doimo tahorat bilan poklanib yurishi kerak.

Alloh taolo Moida surasida marhamat qiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ إِذَا قُمْتُمْ إِلَى الصَّلاةِ فاغْسِلُواْ وُجُوهَكُمْ وَأَيْدِيَكُمْ إِلَى الْمَرَافِقِ وَامْسَحُواْ بِرُؤُوسِكُمْ وَأَرْجُلَكُمْ إِلَى الْكَعْبَينِ

«Ey iymon keltirganlar! Namozga tursangiz, yuzlaringizni va qo'llaringizni chig'anoqlari ila, boshlaringizga mash tortib, oyoqlaringizni to'piqlari ila yuvinglar» (6-oyat).

Ushbu oyati karimadan hanafiy mazhabi ulamolari tahoratda to'rtta farz borligini olishgan. Bular quyidagilardan iborat:

  1. Yuzni yuvish.
  2. Qo'llarni chig'anoqlari bilan qo'shib yuvish.
  3. Boshga mash tortish.
  4. Oyoqlarni to'piqlari bilan qo'shib yuvish.

Ulamolarimiz tahorat borasida kelgan hamma hadis va manbalarni o'rgangan holda ishlab chiqqan tahorat odoblariga, bu boradagi qoidalarga nazar soladigan bo'lsak, bu haqiqatni yana ham to'laroq tushunib etamiz.

Tahorat odoblari quyidagilar:

  1. Qiblaga qarab o'tirib tahorat qilish zarur. Tahorat ibodat bo'lgani uchun uni qiblaga qarab qilish kerak bo'ladi.
  2. Baland joyda o'tirib tahorat qilish lozim. Ishlatilgan suvlar badan yoki kiyimlarga sachramasligi uchun shunday va bundan boshqa qulayliklarga ega bo'lish talab etiladi. Misol uchun, sovuq o'lkalarda oftobda tahorat qilish qulay bo'lsa, o'ta issiq o'lkalarda oftobda tahorat qilish ko'p noqulaylik va qiyinchiliklar tug'diradi. Shuning uchun tahorat qiladigan joy va sharoitlar qulay qilib olinsa, yaxshi bo'ladi.
  3. Tahorat qilishda uzri bo'lmasa, birovning yordamidan foydalanmaslik kerak. Chunki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aksar hollarda shunday qilganlar. Ibodatda mutavozelik, hamma narsani o'zi bajarishi afzal sanaladi.
  4. Tahorat paytida gapirmaslik darkor. Balki Allohning zikri va duo bilan mashg'ul bo'lish maqbuldir.
  5. Uzugi bor odamlar uni bir qimirlatib ostiga suv etkazishi lozim.
  6. Og'ziga va burniga o'ng qo'l bilan suv olib, burunni esa chap qo'l bilan tozalab qoqish kerak.
  7. Shoshilib qolmaslik uchun namoz vaqti kirmasidan tahorat qilishni boshlash kerak.
  8. Suvni isrof qilmaslik talab etiladi.
  9. Ishlatish oson bo'lishi uchun tahorat suvi solingan idishni o'ng tomoniga qo'yib olsa qulay bo'ladi.
  10. Qalbdagi niyat bilan tildagi gapni birlashtirish.
  11. Har bir a'zoni yuvganda «Bismillah»ni aytib, duo o'qish.
  12. Tahorat qilib bo'lgandan keyin «kalimai shahodat»ni va rivoyatda kelgan duoni o'qish.
  13. Tahorat qilib bo'lgach, ikki rakat namoz o'qish.

Musulmon inson kundalik hayotida doimo badanining ma'lum qismlari pok holda yurishi uchun tahorat etarlidir. Islomda tahoratning o'zi bilan kifoyalanib qolinmaydi. Balki musulmon insonga butun badanini pok tutish uchun Alloh taolo g'uslni ham farz qilgan.

«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Ma’rifiy suhbatlar: Iymon halovati aqida musaffoligida

22.01.2025   2926   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov

VIDEO