Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2025   |   25 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
21 Iyun, 2025, 25 Zulhijja, 1446

Zimmamizdagi mas'uliyat

01.02.2021   1791   3 min.
Zimmamizdagi mas'uliyat

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Erkak o'z ahliga boshliq va u qo'l ostidagiga mas'uldir. Ayol erining uyida boshliq va u o'z qo'l ostidagiga mas'uldir…” (Muttafaqun alayh).

Bu hadisda mas'uliyat masalasi ko'tarilgan. Qiyomat kunida har bir odam o'zining qo'l ostidagilar to'g'risida hisob-kitob qilinadi. Ushbu hisob-kitob ham moddiy, ham ma'naviy haqlar borasida bo'ladi. Masalan, erdan oilasining oziq-ovqat, ki yim-kechak va turar joyga bo'lgan ehtiyojlarini qanday ta'minlaganini hamda ularga Allohni tanitib, ibodatlarni bajarishlari uchun nimalar qilgani haqida so'raladi.

Ma'lumki, inson ikki unsur – ruh va jasaddan iborat. Jasad ozuqaga muhtoj bo'lgani kabi ruh ham ozuqaga muhtoj bo'ladi. Jasadning ozuqasi moddiy narsalardan iborat bo'lsa, ruhning ozuqasi ma'naviy narsalar bilandir. Albatta, bu ikki ehtiyojni qondirish o'ta zarur ish hisoblanadi. Ozuqasiz qolgan jasad halokatga yuz tutgani kabi, ozuqasiz ruh ham halokatga – badbaxtlikka mahkum bo'ladi.

Oila jamiyatning kichik bir bo'lagidir. Inson oila qurar ekan, uning zimmasiga katta mas 'uliyat yuklanadi. Endi u xotini va tug'ilajak farzandlarining taomi, kiyimi va turar joylarini ta'minlashi vojib. Shu bilan birga ularning din-diyonati va tarbiyasi uchun ham javobgar bo'ladi. Ya'ni, xotini yoki farzandlarining qilgan har bir xatti-harakati uchun er (ota) Alloh taoloning huzurida so'roqqa tutiladi. Shuning uchun Alloh taolo mo'minlarga xitob qilib aytadi: «Ey imon keltirganlar! O'zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg'isi odamlar va toshlar bo'lmish, dag'al va qattiqqo'l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar xizmat qiladigan do'zaxdan saqlangiz» (Tahrim surasi, 6-oyat).
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Kishining o'z farzandini chiroyli odobaxloq bilan tarbiyalashi ko'p miqdorda qilgan nafl sadaqasidan yaxshiroqdir”. Boshqa bir rivoyatda: “Ota-ona farzandiga go'zal odobdan yaxshiroq narsani tortiq qila olmaydi”, deyiladi (Imom Termiziy rivoyati).

Shunday ekan, ota oila boshlig'i sifatida ayoli va bolalariga chiroyli tarbiya berishni ham zinhor unutmasligi lozim. Ularning tarbiyasi, odob-axloqi ham o'zining zimmasida ekanini his etmog'i darkor. Moddiy jihatdan ta'minlab qo'yish bilan zimmasidagi mas'uliyatni ado qilgan hisoblanmaydi. Balki ularning komil inson, haqiqiy mo'min bo'lib etishishlarida ham javobgarligini anglab etsin. O'z navbatida ayol ham eriga bu borada yordamini ayamasin. Ota- ona zimmasidagi mas'uliyatni chiroyli tarzda ado qilar ekan, oiladagi farzandlar ham vijdonli, imonli, fidoyi bo'lib etishadilar. Bu nafaqat ota- onaning, balki jamiyatning ham yutug'idir.

Abdurasul QAYuMOV,

Chilonzor tumani “Muhsinxonto'ra Eshon” jome masjidi imom-xatibi

“Islom Nuri” diniy-ma'rifiy gazetasining 2020-yil, 22-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

18.06.2025   5224   2 min.
Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.

Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.

Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».

Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».

Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!

Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».


Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!

Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!

Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!

Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!

Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!

Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!

Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar