Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyqudan uyg'onganlarida bunday der edilar:
الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذي أحيانا بعد ما أماتَنا وإلَيْهِ النشُور
"Alhamdu lillahillaziy ahyana ba'da ma amatana va ilayhin nushur"
Bizni vafot ettirgandan keyin qayta tiriltirgan Allohga hamd bo'lsin. Qayta tirilish Uning O'zigadir.
الحمدُ لِلَّهِ الَّذي رَدَّ عَلَيّ رُوحِي، وَعافانِي في جَسَدِي، وأذِن لي بذِكْرِهِ
"Alhamdu lillahillaziy rodda 'alayya ruhiy va 'afaniy fiy jasadiy va azina liy bizikrihi"
Menga ruhimni qaytargan, jismimga ofiyat bergan va zikrini qilishimga izn bergan Allohga hamd bo'lsin.
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati