Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

Albatta, undan so'ralur

30.01.2021   2295   3 min.
Albatta, undan so'ralur

Alloh taolo Qur'oni karimning ko'p o'rinlarida vaqt, zamon bilan qasam ichadi. Bu esa Alloh taolo nazdida vaqtning ulug'ligi va qadri balandligini anglatadi. Vaqt Alloh taolo tomonidan berilgan ulug' ne'matlardan biridir. Undan unumli foydalanib, har bir lahzasini mazmunli o'tkazsak, hayotimiz barakali bo'ladi. Behuda sarflangan vaqt egasiga afsus-nadomat olib keladi.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Qiyomat kuni bandaning qadami to'rt narsadan so'ralmaguncha o'rnidan jilmaydi: umrini qanday o'tkazgani, yoshligini nimalarga sarflagani, mol-mulkini qayerdan olib, qayerga sarflagani va ilmiga qanday amal qilgani haqida so'raladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Bundan ko'rinib turibdiki, inson vaqtini sarflashda Alloh taolo oldidagi mas'uliyatini his qilmog'i kerak. Har bir musulmon vaqtning qadriga etib, uning har lahzasini dini, dunyosi va oxirati uchun manfaatli bo'lgan ishlar – ilm o'rganib, amal qilish, uni boshqalarga ham o'rgatish, haloldan rizq talab qilish kabilarga sarflamog'i lozim. Mo'minlar amiri Umar ibn Hattob roziyallohu anhu: “Hisob-kitob qilinmasingizdan avval o'zingizni sarhisob qiling. Amallaringiz o'lchanmasidan avval ularni tortib ko'ring”, der edilar.

Biz ham o'zimizni sarhisob qilyapmizmi? Vaqtimizni, umrimizni nimaga sarflayapmiz? Oxiratimiz uchun qanday amallar qilmoqdamiz? 

Hozir nafaqat soatlarini, balki umrlarini turli xil kanallar, saytlarga kirib, bo'lar-bo'lmas o'yinlar, oldi-qochdi suhbatlar bilan behuda sovurayotgan yoshlar yo'q deysizmi? Oynai jahon qarshisidan jilmay, ketini ketiga ulab seriallar ko'rish bilan oltindan qimmat vaqtini zoye qilayotganlar kammi? Nahotki bizga omonat qilib berilgan umrimizning xazon bo'layotgani bizni tashvishlantirmasa? Axir ertaga buning hisob-kitobi bor. Kun kelib, umrimiz behudaga ketganini tushunib etganimizda kech bo'ladi.

Shunday ekan, hozirdanoq vaqtimizni, umrimizni yaxshi va xayrli amallarga sarflaylik. Buning uchun, avvalo, vaqtimizni to'g'ri taqsimlab, reja asosida ish ko'rmog'imiz lozim. Albatta, ishlarni rejalashtirishda eng zarurlaridan boshlash to'g'ri bo'ladi. Har kimning holati har xil: kimdir o'quvchi, kimdir shifokor, kimdir muallim, yana kimdir haydovchi va hokazo. Har birimiz o'z holatimizdan kelib chiqib, ayni paytda zimmamizda turgan eng zarur amallarni ado etishdan boshlaylik. Zarurati eng yuqorisidan zarurati oziga qarab bajarib boramiz. Shunda o'z-o'zidan befoyda narsalar kun tartibimizdan chiqib ketadi. Qarabsizki, vaqtimiz, umrimiz sekin-asta barakali bo'lib, ilgari ulgurolmagan ishlarimizga ham etarlicha vaqt topishimiz mumkin. 

 


Ulug'bek QOBILOV,
Sirdaryo tumani “Ahmad ibn Malik”
jome masjidi imom-xatibi
“Islom Nuri” diniy-ma'rifiy gazetasining 2020-yil, 22-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yarimta olma haqqi

21.07.2025   3445   2 min.
Yarimta olma haqqi

Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:

– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.

– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.

– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.

Shunda bog‘ egasi:

– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.

Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:

– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.

Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.

Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.

Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.

“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.

Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.