Alloh taolo Qur'oni karimning ko'p o'rinlarida vaqt, zamon bilan qasam ichadi. Bu esa Alloh taolo nazdida vaqtning ulug'ligi va qadri balandligini anglatadi. Vaqt Alloh taolo tomonidan berilgan ulug' ne'matlardan biridir. Undan unumli foydalanib, har bir lahzasini mazmunli o'tkazsak, hayotimiz barakali bo'ladi. Behuda sarflangan vaqt egasiga afsus-nadomat olib keladi.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Qiyomat kuni bandaning qadami to'rt narsadan so'ralmaguncha o'rnidan jilmaydi: umrini qanday o'tkazgani, yoshligini nimalarga sarflagani, mol-mulkini qayerdan olib, qayerga sarflagani va ilmiga qanday amal qilgani haqida so'raladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bundan ko'rinib turibdiki, inson vaqtini sarflashda Alloh taolo oldidagi mas'uliyatini his qilmog'i kerak. Har bir musulmon vaqtning qadriga etib, uning har lahzasini dini, dunyosi va oxirati uchun manfaatli bo'lgan ishlar – ilm o'rganib, amal qilish, uni boshqalarga ham o'rgatish, haloldan rizq talab qilish kabilarga sarflamog'i lozim. Mo'minlar amiri Umar ibn Hattob roziyallohu anhu: “Hisob-kitob qilinmasingizdan avval o'zingizni sarhisob qiling. Amallaringiz o'lchanmasidan avval ularni tortib ko'ring”, der edilar.
Biz ham o'zimizni sarhisob qilyapmizmi? Vaqtimizni, umrimizni nimaga sarflayapmiz? Oxiratimiz uchun qanday amallar qilmoqdamiz?
Hozir nafaqat soatlarini, balki umrlarini turli xil kanallar, saytlarga kirib, bo'lar-bo'lmas o'yinlar, oldi-qochdi suhbatlar bilan behuda sovurayotgan yoshlar yo'q deysizmi? Oynai jahon qarshisidan jilmay, ketini ketiga ulab seriallar ko'rish bilan oltindan qimmat vaqtini zoye qilayotganlar kammi? Nahotki bizga omonat qilib berilgan umrimizning xazon bo'layotgani bizni tashvishlantirmasa? Axir ertaga buning hisob-kitobi bor. Kun kelib, umrimiz behudaga ketganini tushunib etganimizda kech bo'ladi.
Shunday ekan, hozirdanoq vaqtimizni, umrimizni yaxshi va xayrli amallarga sarflaylik. Buning uchun, avvalo, vaqtimizni to'g'ri taqsimlab, reja asosida ish ko'rmog'imiz lozim. Albatta, ishlarni rejalashtirishda eng zarurlaridan boshlash to'g'ri bo'ladi. Har kimning holati har xil: kimdir o'quvchi, kimdir shifokor, kimdir muallim, yana kimdir haydovchi va hokazo. Har birimiz o'z holatimizdan kelib chiqib, ayni paytda zimmamizda turgan eng zarur amallarni ado etishdan boshlaylik. Zarurati eng yuqorisidan zarurati oziga qarab bajarib boramiz. Shunda o'z-o'zidan befoyda narsalar kun tartibimizdan chiqib ketadi. Qarabsizki, vaqtimiz, umrimiz sekin-asta barakali bo'lib, ilgari ulgurolmagan ishlarimizga ham etarlicha vaqt topishimiz mumkin.
Ulug'bek QOBILOV,
Sirdaryo tumani “Ahmad ibn Malik”
jome masjidi imom-xatibi
“Islom Nuri” diniy-ma'rifiy gazetasining 2020-yil, 22-sonidan
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.