Prezident Shavkat Mirziyoev Islom tsivilizatsiyasi markazining qurilish jarayonini ko'zdan kechirdi.
Bugungi kunda bino to'liq qad ko'targan. Uning markazida ulkan sharqona gumbaz, to'rt tomonida 34 metrlik peshtoqlar qurilgan.
Davlatimiz rahbari har bir yo'lak va xonaga kirib, ularni pardozlash va jihozlashga oid loyihalarni ko'rdi.
Markazning ichki va tashqi ko'rinishi, naqshlari yuzasidan tavsiyalar berildi. Honalarni ko'plab sayyohlar, delegatsiyalar kelishi, xalqaro konferentsiyalar o'tkazilishini inobatga olib zamonaviy jihozlash, ekspozitsiyani turli yoshdagi insonlarga mos holda tayyorlash zarurligi ta'kidlandi.
Prezidentimiz avvalgi tashrifi chog'ida Islom tsivilizatsiyasi markazi shu yo'nalishdagi ilmiy muassasalar uchun negiz bo'lishi, bu erda olimlar tadqiqot olib borib, talabalar bilimini mustahkamlashi kerakligini aytgan edi.
Shunga ko'ra, loyiha takomillashtirilib, markazda Halqaro islom akademiyasining magistrant va doktorantlari o'qishi uchun sharoit yaratish nazarda tutilgan.
Markazning inter'er va ekster'er bezagi, jihozlanishi, kommunikatsiya, xavfsizlik tizimlari eng ilg'or talablarga javob beradi.
Davlatimiz rahbari shu erda olimlar, ziyolilar, nuroniylar va mahalla raislari bilan suhbatlashdi.
- Milliy o'zlikni anglash deb ko'p gapiramiz. Lekin shunga munosib bo'lyapmizmi, degan tuyg'u meni qiynaydi, - dedi Shavkat Mirziyoev. - Ota-bobolarimiz qiyin sharoitlarda, mehnat-mashaqqat bilan qanday buyuk ishlarni amalga oshirgan. Jadid bobolarimizni ham bekorga qatag'on qilishmagan. Chunki bilishardiki, ilm, g'urur, davlatchilik bizning qonimizda bor. Bu erda hamma buyuk allomalarimizning ovozi eshitilib turadi.
Markaz joylashgan Olmazor tumanidagi har bir mahalla ushbu ma'rifat maskaniga munosib bo'lishi, bilim, tarbiya jihatidan takliflarini berishi zarurligi ta'kidlandi.
- Shuni amalga oshirsak, har bir mahallaga Islom tsivilizatsiyasi markazining nuri kiradi, yuzimiz yorug' bo'ladi, – dedi Prezident.
Markaz qurilishi davom etmoqda.
Manba: https://president.uz
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati