Prezident Shavkat Mirziyoev 29 yanvar', juma kuni ushbu markazga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari o'tgan yillarda bu erga bir necha bor kelib, uni chiroyli va sifatli qilib qurish, dunyo olimlari fikrini o'rganib, mazmunini boyitish bo'yicha ko'rsatmalar bergan edi. Bu galgi tashrif chog'ida shu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.
Markaz binosi loyihasi, ichki va tashqi dizayni, muzey ekspozitsiyalari mazmuni bo'yicha dunyoning etuk olimlari, islomshunos va san'atshunoslari bilan fikrlashilgan. Shu asosida ilmiy-tarixiy kontseptsiya ishlab chiqilgan.
Tashrif chog'ida ushbu kontseptsiyaning taqdimoti o'tkazildi.
- Bugun bu erga kelishimdan maqsad - muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik dini ekanini, ma'naviyatga, ilmga undashini, ota-bobolarimiz bunga beqiyos hissa qo'shganini tasdiqlovchi ilmiy natijalarni ko'rish va yangi tadqiqotlarga zamin yaratish. Hozir mahobatli bino qurish oson bo'lib qoldi. Mana, bobolarimizga munosib bino qurdik. Endi bobolarimizga munosib ilmiy muhit yaratishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Bu yosh avlodda g'urur, g'ayrat uyg'otib, yangi taraqqiyot davriga undashi qayd etildi.
- Ko'pchilik o'ylaydi: nima uchun Prezident ikkita Renessansni esladi, deb. Bu - g'oya, kelajakdagi maqsadimiz. Mamlakatimiz intilayotgan marralar uchun tariximizdan ruhiy kuch olishimiz kerak-ku! Bu markaz Uchinchi Renessans poydevoridan biri bo'lishiga umid qilamiz. Chunki u ilmiy, dunyoviy, zamonaviy markaz bo'ladi, - dedi davlatimiz rahbari.
Markaz ekspozitsiyalari bo'yicha xalqimiz fikrini ham o'rganish, shu maqsadda tanlov e'lon qilib, eng yaxshi g'oya va takliflarni aks ettirish zarurligi ta'kidlandi.
- Yurtimiz zaminidan juda ko'p olimlar, muhaddislar, avliyolar etishib chiqqan, ularning merosi undan ham ko'p. Lekin tan olish kerak, bu katta manbani chuqur o'rganmadik. Shuning uchun bu markaz qanday buyuk elligimizni yana bir bor ilmiy asoslab, xalqchil tushuntirib beradigan bo'lishi kerak. Bu erda milliy g'oya jo'sh urib turishi zarur. Markazga kelgan odamlarda, yoshlarimizda ruhiy kuch, ruhiy ishonch paydo bo'lishi kerak, - deya ta'kidladi Prezident.
UNESCO, ISESCO kabi xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
- O'zi bugun dunyoda matematika, fizika, geometriya, astronomiya, tibbiyot kabi fundamental sohalarda qo'llanilayotgan qoidalar, formulalar alloma bobolarimiz kashfiyotlariga asoslangan. O'rta asrlardagi birinchi manbalarda bobolarimizning nomiga havolalar berilgan. Lekin keyingilarida yo'qolib ketgan, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Shu bois birinchi manbalarni o'rganish maqsadida O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutiga qo'shimcha mablag', tadqiqotchilarga grantlar ajratish bo'yicha ko'rsatma berildi.
Markaz uchun malakali gid-tarjimonlar tayyorlash, ularning mamlakatimizda islom dini yoyilishi va ilm-fan rivoji bo'yicha ixtisoslashtirish vazifasi qo'yildi.
Bu erdagi ilmiy merosni yoshlarga zamonaviy tarzda etkazish uchun markaz qoshida mul'timedia bo'limi, qadimiy xattotlik an'analarini ko'rsatish uchun ustaxona-laboratoriya tashkil etish bo'yicha ko'rsatma berildi.
Manba: https://uza.uz
#Sayyor_yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil haj mavsumida xurmatli Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarning hol-ahvollarini so‘radilar.
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Shu tashabbus ayni kunlarda amalga ko‘chib, hojilarimiz mahallalarga kirib, tinchlik va ma’naviyatni targ‘ib etmoqdalar.
Bugun, 16 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi raisliklarida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh shakllantirildi.
Abduqahhor domla amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng tumandagi barcha imom-xatiblar hojilar bilan birgalikda hududdagi 20 ta mahallaga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.
Ajrim yoqasiga kelib qolgan bir oilaga kirilib, ularga hojilar zarur tavsiyalarni berishdi. Oila boshliqlari xato qilganlarini anglab yetdilar.
Tadbir doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan onaxonga maxsus aravacha hadya qilindi. Onaxon ko‘zidagi quvonch yoshlari bilan shu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqab, ularga minnatdorligini izhor qildi.
Ehtiyojmand bir oilaga zamonaviy televizor hamda ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Yosh oilaga adabiy-badiiy kitoblar ulashildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar holidan xabar olingani tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Bugungi tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashda hojilarimizning xizmati beqiyos ekanini ko‘rsatmoqda.
Aslida imom-xatiblarimiz har kuni shunday xayrli ishlarni amalga oshirmoqdalar. Bugunga kelib bu ish tizimli va keng ko‘lam kasb etib, takomillashib bormoqda.
Tadbir ishtirokchilari yana «Mulla Qosim» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.
* * *
Peshin namozidan so‘ng Abduqahhor domla «Mulla Qosim» jome masjidida jamoatga «Shukronalik va tinchlikning qadri» mavzusida mav’iza qilib berdilar.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish o‘z nihoyasiga yetdi.
* * *
Eslatib o‘tamiz, keyingi shunday tadbir Sergeli tumanida o‘tkaziladi.
Ulashing | @MuslimShosh