Samarqand shahar bosh imom-xatibligining “Savad-ul-azam.uz” nomli diniy-ma'rifiy veb-sayti o'z faoliyatini boshladi. Unda Aqiyda, Qur'on, Hadis, Fiqh, Siyrat kabi ruknlar hamda Yangiliklar, maqolalar, Ota-onani e'zozlash va Muslimalar sahifalari o'rin olgan. Shuningdek, Samarqand vaqti bo'yicha kundalik namoz vaqtlari aks etadi.
Sayt xalqimizning diniy savodxonligini oshirish, yosh avlodning ruhiy va ma'naviy olamini boyitish, Vataniga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etildi.
Yangi saytning faoliyatiga Yurtimiz ulamolari, jumladan, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin domla Holiqnazarov, Samarqand shahar bosh imom-xatibi Zafar domla Mahmudovlar, Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi “Oqqo'rg'on” masjidi imomi Rustamjon domla Hamidov, xayrli tilak va duolar qildilar.
Halqimizga ma'rifat ulashuvchi yana bir manba muborak bo'lsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati