Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2025   |   25 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:07
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
20 Iyul, 2025, 25 Muharram, 1447

Albatta, oxirat dunyodan yaxshiroqdir

29.01.2021   2598   11 min.
Albatta, oxirat dunyodan yaxshiroqdir

«Qasamyodeturmanchoshgohvaqtibilan. Va (o'z zulmati bilan atrofni) qoplab turgan tun bilanki, (ey Muhammad!) Rabbingiz Sizdan voz kechgani ham yo'q, yomon ko'rib qolgani ham yo'q! Albatta, Siz uchun oxirat (saodati) dunyo (farog'ati) dan yaxshiroqdir. Yaqinda Rabbingiz Sizga (shunday ne'matlarni) ato eturki, Siz, albatta, (undan) rozi bo'lursiz. (Ey Muhammad! Rabbingiz) Sizni etim holda topib, boshpana bermadimi?! Yana Sizni hayron holda topib, (to'g'ri yo'lga) hidoyat qilib qo'ymadimi?! Sizni kambag'al holda topib, (Hadichaga uylanishingiz tufayli) boy qilib qo'ymadimi?! Bas, endi Siz (ham) etimga qahr qilmang! Soil (gado)ni esa (malol olib) jerkimang! Rabbingizning (Sizga ato etgan barcha) ne'mati haqida esa (odamlarga) so'zlang!» (Zuho surasi).

«Qasamyod eturman choshgoh vaqti bilan». Oyatda kunduz nazarda tutilmoqda. Qatoda, Muqotil rahimahumalloh oyatni: “Alloh taolo Muso alayhissalomga chosh goh vaqti so'zlagan. Mana shu vaqt bilan qasam ichmoqda”, deb tafsir qilishgan. Bir o'rinda: “Sehrgarlar sajdaga yiqilgan soat”, deb aytiladi. Boshqa bir o'rinda: “Choshgoh” – jannat nuri, olam yorishgan vaqt”, deyiladi.

«Va (o'z zulmati bilan atrofni) qoplab turgan tun bilan». Tun kunduzning muqobilida. Ya'ni, tun zulmatga cho'mganda. Imom Zahhok: “qoplab turgan”, ya'ni barcha narsani o'rab olgan”, deydi. Yana: “qoplab turgan”, ya'ni “odamlar sukunatga cho'mgan vaqt”, ma'nosida keladi.

Bir rivoyatda: “Choshgoh vaqtida ibodat qiluvchi bandalar. Kech kirib, tun cho'kkanda ibodat qiluvchi bandalar” deyilsa, boshqa rivoyatda: “Choshgoh vaqti bilan qasam”, ya'ni oriflar qalbidagi kunduz misol yorug'lik. “Va (o'z zulmati bilan atrofni) qoplab turgan tun bilan”, ya'ni kofirlarning qalbidagi kecha kabi qorong'ulikdir. Alloh taolo mana shu narsalar bilan qasam ichmoqda”, deyiladi.

«Rabbingiz Sizdan voz kechgani ham yo'q, yomon ko'rib qolgani ham yo'q!» – qasamning javobi. Jabroil alayhissalomning vahiy olib kelishi bir muddat to'xtab qoldi. Shunda mushriklar: “Alloh Muhammadni yomon ko'rib, undan voz kechdi”, deyishdi. Keyin ushbu sura nozil bo'ldi. Imom Buxoriy rahimahulloh Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy alayhissalom betob bo'ldilar. Bir yoki ikki kecha tunda nafl namoz o'qish uchun turmadilar. U zot alayhissalomning huzurlariga bir ayol (rivoyatlarda bu Ummu Jamil ekani aytiladi) keldi. So'ng: “Ey Muhammad, shaytoning seni tashlab ketdi, deb umid qilaman. Ikki yoki uch kundan beri yoningda uni ko'rmadim”, deydi. Uning bu gapidan keyin Alloh taolo Zuho surasini nozil qildi». Ibn Jurayj: “O'n bir kun vahiy kelmay qolgan” desa, Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Yigirma besh kun”, deydi.

Salama Ibn Ishoqdan rivoyat qiladi: «Albatta, Siz uchun oxirat (saodati) dunyo (farog'ati)dan yaxshiroqdir», ya'ni: “Ey Muhammad, huzurimga qaytganingizda, ato etiladigan narsa, sizga dunyoda berilgan izzat­ikromdan yaxshiroqdir”. Ibn Abbos aytadi: “Nabiy alayhissalomga o'zlaridan ke yin ummatlariga beriladigan futuhotlar ko'rsatildi. Mana shu bilan xursand bo'ldilar. Shundan keyin Jabroil alayhissalom: «Albatta, Siz uchun oxirat (saodati) dunyo (farog'ati)dan yaxshiroqdir. Yaqinda Rabbingiz Sizga (shunday ne'matlarni) ato eturki, Siz, albatta, (undan) rozi bo'lursiz» oyatini vahiy qildi”.

Ibn Ishoq «Siz, albatta, (undan) rozi bo'lursiz» oyatini “dunyoda g'alaba, oxiratda savob”, deb tafsir qilgan. Bir o'rinda: “Havzi Kavsar va shafoat”, deyiladi. Ali ibn Abdulloh ibn Abbos otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy alayhissalomga ummatlari uchun fathlar ko'rsatildi. U zot alayhissalom sevindilar. Keyin Alloh taolo Zuho surasini «Siz, albatta, (undan) rozi bo'lursiz» oyatiga qadar nozil qildi. Alloh taolo Nabiy alayhissalomga jannatdan mingta qasr berdi. Uning tuprog'i mushkdandir. Har bir qasrda etarlicha zavja va xodimlar berildi”. Yana shu kishidan rivoyat qilinadi:

“Nabiy alayhissalom ahli baytlaridan biror kishining do'zaxga kiritilmasligiga rozi bo'ldilar”. Bir o'rinda: “Barcha mo'minlarning shafoatidir”, deyiladi. Hazrat Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg'ambarimiz alayhissalom: “Alloh taolo menga ummatimni shafoat ettiradi. Hatto: “Ey Muhammad, rozimisan?” deb so'raydi. Men: “Ey Rabbim, roziman”deyman”, dedilar».

«Sizni etim holda topib, boshpana bermadimi?!» Ya'ni: “otasiz, etim edingiz, amakingiz Abu Tolib uyidan boshpana berib, sizni o'z kafiliga olmadimi?” Bir o'rinda bunday keladi: “Sizni yolg'iz holda topib, sahobalarning himoyasi bilan panohimga olmadimmi?!”

«Yana Sizni hayron holda topib…» Ya'ni, nubuvvat ilmidan bexabar edingiz. «…hidoyat qilib qo'ymadimi?!» Ya'ni, to'g'ri yo'l ko'rsatmadimmi?! «Siz esa, (ey Muhammad!) undan (vahiydan) oldin bexabarlardan (biri) edingiz» (Yusuf surasi, 3-oyat).

Bir guruh olimlar: «Yana Sizni hayron holda topib…», ya'ni “Qur'on va shariatni bilmas edingiz. Alloh taolo sizni Qur'on va Islom shariatiga hidoyat qildi”, deb tafsir qilishdi. Bosh qa bir guruh olimlar: “Siz adashgan qavm orasida edingiz. Alloh taolo ularni siz bilan hidoyat etdi”, deb fikr bildirishdi.

«Sizni kambag'al holda topib…», faqir holda topib, «boy qilib qo'ymadimi?!» Ya'ni, Makkaning eng boy ayoli Hadicha roziyallohu anhoga uylantirib qo'ymadimi?! Ibn Ato: “Ko'nglingizni faqir topib, qalbingizni boy qilmadimi?” deb tafsir qilgan. Aytiladiki: “Fathlar bilan sizni boy qilib qo'ymadimi?! Kofirlarning mollarini sizga o'lja qilib bermadimi?!”

«Bas, endi Siz (ham) etimga qahr qilmang!» Oyatda aynan etimning zikr qilinishi uning Alloh taolodan boshqa yordamchisi yo'qligi uchundir. Oyatning ma'nosi: “Yetimga zulm qilmang. Haqini bering. O'zingizning etim bo'lganingizni eslang”.

Imom Muslim “Sahih”da rivoyat qiladi. Muo viya ibn Hakam Salmo bunday dedi: “Otam, onam u zotga fido bo'lsin. Nabiy alayhissalomdan oldin ham, keyin ham u zotdan yaxshiroq muallimni ko'rmadim. Allohga qasam, biron marta menga qo'pol gapirmadilar, urmadilar va koyimadilar…”. Ibn Umar rivoyat qiladi: «Payg'ambarimiz alayhissalom: “Yetim ko'ziga yosh olsa, uning yig'isidan Rahmonning Arshi larzaga keladi. Shunda Alloh taolo farishtalardan: “Ey farishtalarim, otasi tuproqda yotgan mana bu etimni kim yig'latdi?” deb so'raydi. Farishtalar: “Rabbimiz, Sen biluvchiroqsan”, deyishadi. Alloh taolo farishtalarga: “Ey farishtalarim, guvoh bo'linglar, kim uni yupatsa va xursand etsa, qiyomat kunida O'zim uni xursand qilaman”, deydi”, dedilar». Ibn Umar qachon etimni ko'rsa, boshini silab, bir nima berardi. Anas ibn Molik rivoyat qiladi: «Nabiy alayhissalom: “Kim etimni qaramog'iga olib, uni ta'minlasa, qiyomat kunida o'sha etim unga do'zaxdan parda bo'ladi. Kim etimning boshini silasa, har bir soch tolasi miqdoricha savob yoziladi”, deb marhamat qildilar».

«Soil (gado)ni esa (malol olib) jerkimang!» Ya'ni unga qo'pol gapirmang. Garchi oz narsa berib bo'lsa ham, yaxshi so'z bilan qaytaring. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Nabiy alayhissalom: “Hech biringiz tilanchini qaytarmang. Garchi qo'lida ikkita tilla uzuk ko'rsangiz ham, so'raganida bering”, dedilar».

Bir o'rinda “soil”dan murod din ishlarini so'rovchidir, ya'ni, “din haqida savol so'rab kelganga qo'pol muomalada bo'lib, jerkima, muloyimlik bilan javob ber”, deyiladi. Ibn Arabiy rahimahulloh: “Din borasida savol so'rovchiga olimning javob berishi vojibdir”, degan. Abu Dardo hadis ashoblarini ko'rishi bilan ularga ridosini to'shar va: “Nabiy alayhissalomning suyuklilari, marhabo!” der edi.

«Rabbingizning ne'mati haqida esa so'zlang!» Ya'ni, Allohning ne'matlarini so'zlang va shukr bilan e'tirof eting. Mujohid: “ne'mati” – Qur'on, boshqa rivoyatda “nubuvvat”, degan. Abu Faros Abdulloh ibn G'olib har tong: “Kecha Rabbim meni buncha rizqlantirdi, buncha qiroat qildim, buncha namoz o'qidim, Alloh taoloni buncha zikr qildim, buncha ish bajardim”, der edi. Biz: “Ey Abu Faros, sendek kishi bunday gaplarni gapirmaydi”, dedik. U: “Alloh taolo: «Rabbingizning ne'mati haqida esa so'zlang!» degan. Sizlar esa: “Allohning ne'matlarini so'zlama, demoqdasiz”, deya javob berdi”.

No''mon ibn Bishr rivoyat qiladi: «Nabiy alayhissalom: “Ozga shukr qilmagan, ko'pga shukr qilmaydi. Odamlarga shukr qilmagan, Allohga shukr qilmaydi. Allohning ne'matlari haqida so'zlash – shukr, uni tark etish – kufroni ne'matdir. Jamoat rahmatdir. Firqalarga bo'linish azobdir”, deb ogohlantirdilar». Payg'ambarimiz alayhissalom yana bunday marhamat qilganlar: “Alloh taolo go'zaldir. Go'zallikni yaxshi ko'radi. Shuningdek, bandasida ne'matlari asarini ko'rishni yaxshi ko'radi”. Alloh barchamizga tavfiq bersin!

 

“Tafsiri Qurtubiy” asosida Ismoil NURIIMON tayyorladi.

“Islom Nuri” diniy-ma'rifiy gazetasining 2020-yil, 23-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang!

18.07.2025   4082   1 min.
Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang!

#xabar #muftiy #juma 

 Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar. 

 
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar. 


Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.    


Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.     


 Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang! Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang! Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang! Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang! Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang! Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang! Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang! Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang! Muftiy hazratlari: Allohdan mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘l tanlang!
O'zbekiston yangiliklari