“Sunnat” va “Hadis” atamasi bir xil ma'noni bildiradi. Ammo ularni diqqat bilan o'rganadigan bo'lsak, hadisning xos, sunnat umumiy ekanini bilamiz. Hadis deganda, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan gap-so'zlari ko'zda tutiladi.
Sunnat so'zi esa, arab tilida “siyrat, tariqat – ma'naviy yo'l”. ma'nosini anglatadi. Tariqat yomonlik niyatida xam, yaxshilik niyatida xam bo'lishi mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Islomda go'zal sunnat paydo qilsa va undan keyin o'sha sunnatga amal qilinsa, unga o'shanga amal qilganlar ajriga o'xshash ajr, ularning ajridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi. Kim Islomda bir yomon sunnat paydo qilsa va undan keyin o'sha sunnatga amal qilinsa, unga o'sha amal qilganlar ajriga o'xshash gunoh, ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi”, dedilar (Muslim rivoyati).
Payg'ambarning sunnati deb aytilganda, u zotning hayotiy yo'li tushuniladi. Muhaddislar istilohida, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislari, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma'lumotlar “Sunnat” deyiladi.
Sunnat ikki ilohiy vahiyning biri bo'lib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan. Vahiyning boshqasi Allohning kalomi bo'lmish Qur'oni karimdir. Bunga Qur'on, sunnat va ulamolarning ijmolarida aniq bayon etilgan:
Qur'oni karimda:
“U havodan nutq qilmas. U (Qur'on) vahiydan o'zga narsa emas” (Najm surasi, 3-4-oyatlar mazmuni).
“Ochiq-oydin bayonotlar va kitoblar ila (yubordik). Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o'zlariga bayon qilib berishing uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar” (Nahl surasi, 44-oyat mazmuni). Bu oyatda zikrdan maqsad Qur'oni Karimdir. Ya'ni, Payg'ambarlarni o'z qavmlariga turli ochiq-oydin bayonotlar va kitoblar bilan yubordik. Sizni esa, ey Muhammad, odamlarga nozil qilingan narsani o'zlariga bayon qilib berishing uchun zikr – Qur'on bilan yubordik.
“Payg'ambar sizga nimani bersa, o'shani olinglar va nimadan qaytarsa, o'shandan qaytinglar. Allohdan qo'rqinglar. Albatta, Alloh azobi shiddatli zotdir” (Hashr surasi, 7-oyat mazmuni).
“Siz: “Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladi va sizlarni gunohlaringizni mag'firat qiladi”, deb ayting” (Oli Imron surasi, 31-oyat mazmuni).
“Yo'q, Robbingga qasamki, seni o'z oralarida chiqqan kelishmovchiliklarga hakam qilmagunlaricha, keyin, chiqargan hukmingga dillarida tanglik topmasdan, butunlay taslim bo'lmagunlaricha, zinhor mo'min bo'la olmaslar!” (Niso surasi, 65-oyat mazmuni).
“Uning ishiga xilof qiladiganlar o'zlariga fitna etishi yoki alamli azob etishidan hazir bo'lsinlar” (Nur surasi, 63-oyat mazmuni).
Sunnatga ergashishga qiziqtiradigan, uni lozim tutish vojib ekani va unga xilof ish tutish harom ekani haqidagi oyatlar Qur'onda ko'p keladi.
Sunnatda:
Hadislarda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlarini mahkam ushlash o'ta zarur masala ekani ochiq-oydin aytilgan.
Ubaydulloh ibn Abu Rofi' otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men birortangizning supasida yonboshlab yotganida unga men amr qilgan yoki qaytargan narsalardan biror ish etsa, zinhor “Buni bilmaymiz, bizga Allohning Kitobida nima kelsa, shunga ergashamiz”, deganingizga duch kelmayin”, dedilar” (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Qur'onga amal qilsak bo'ldi, Sunnatning keragi yo'q”, deydiganlar chiqmasligi zarurligini bayon qilmoqdalar. Bu ham kelajakda bo'ladigan narsalardan o'ziga xos ogohlantirishdir. Shuningdek, Qur'oni karim bilan birga sunnati nabaviyaga katta e'tibor qaratish kerakligini ta'kidladilar, chunki u zotning sunnatlari Qur'on ahkomlarini bayon qiladigan va izohlab beradigan manbadir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga Allohga taqvo qilishni, agar habash qulga bo'lsa ham, quloq osib, itoat qilishingizni vasiyat qilaman. Sizlardan kim mendan keyin yashasa, ko'plab ixtiloflarni ko'radi. Shunda mening Sunnatimni va roshid – hidoyatli xalifalarning sunnatini mahkam ushlashni lozim tuting. Uni oziq tishlar bilan mahkam tishlab oling. O'zingizni yangi paydo qiladigan ishlardan ehtiyot qiling, chunki har bir yangi paydo qilingan ish bid'atdir, har bir bid'at esa zalolatdir”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Shunga o'xshash sunnatni lozim tutish va uni mukammal qilishga targ'ib qiluvchi hadisi sharifdan iborat dalillar ko'p.
Buyuk allomalarning gaplarida:
Hasan Basriy: “Imron ibn Husayn birodarlari bilan o'tirgan edi. Shunda ulardan biri: “Bizga faqat Qur'on bilan gapiringlar” dedi. Unga: “Yaqin kel” dedi. U yaqin keldi. Imron ibn Husayn: “Sen va do'stlaring Qur'onga murojaat qilib Peshin namozini to'rt rakat ekanini, Asrning to'rt rakat ekanini va Shomning uch rakatligini topa olasizlarmi?
Sen va do'stlaring Qur'onga murojaat qilib Tavof etti marta ekanini, Safo va Marva tavofi qanchaligini topa olasizmi?”, dedi (Hatib Bag'dodiy. Al-Kifoya fi ilmir rivoya). Ya'ni Qur'on hukmlarini sunnat bilan to'liq bilib olishga ishora qilgan.
Hasson ibn Atiyyadan rivoyat qilinadi: “Jabroil alayhissalom sunnatni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur'onni nozil qilgani kabi nozil qilar edi” (Imom Dorimiy rivoyati).
Ayyub Saxtiyoniydan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Mutarrif ibn Abdulloh ibn Shixxirga: “Bizga Qur'ondagi narsasiz biror so'z gapirma”, dedi. Unga Mutarrif: “Allohga qasam, Biz Qur'onga o'zgartirishni xohlamaymiz. Lekin bizning ichimizda kim Qur'onni biluvchiroq ekanini bilishni istaymiz”, dedi” (Qurtubiy. Jomi' bayonil ilm va fazlih).
Avzo'iydan rivoyat qilinadi: “Ayyub Saxtiyoniy: “Bir kishiga sunnatni gapiradigan bo'lsangiz, u odam: “Buni qo'yinglar, bizga faqat Qur'ondan gapiringlar”, deydi. Bilingki, u adashtiruvchi adashgan odamdir”, dedi” (Hokim Naysaburiy. Ma'rifatu ulumil hadis).
Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi: “Sunnat Qur'onning tafsiri, ta'rifi va bayonidir”, degan (Hatib Bag'dodiy. Al-Kifoya fi ilmir rivoya).
Bu haqda allomalar juda ko'lab fikrlarini bildirishgan.
Qur'on va sunnatda hech qanday bir-biriga xiloflik yo'q. Bugungi kunda sunnatni inkor qiluvchilar jamoasi sunnatni tark etib faqat Qur'ondan hukm olish kerak degan fitnalari bilan musulmonlar orasini buzishga harakat qilmoqda. Yuqoridagi dalillar ularning tutayotgan yo'llari noto'g'ri ekaniga dalolat qiladi. Dinning mukammalligi Qur'on va Sunnat bilan namoyon bo'lishini unutmaylik.
Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati