Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Aprel, 2025   |   2 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:22
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
30 Aprel, 2025, 2 Zulqa`da, 1446

Qur'on va sunnat hukmda muvofiqdir

29.01.2021   2629   9 min.
Qur'on va sunnat hukmda muvofiqdir

“Sunnat” va “Hadis” atamasi bir xil ma'noni bildiradi. Ammo ularni diqqat bilan o'rganadigan bo'lsak, hadisning xos, sunnat umumiy ekanini bilamiz. Hadis deganda, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan gap-so'zlari ko'zda tutiladi.

Sunnat so'zi esa, arab tilida “siyrat, tariqat – ma'naviy yo'l”. ma'nosini anglatadi. Tariqat yomonlik niyatida xam, yaxshilik niyatida xam bo'lishi mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Islomda go'zal sunnat paydo qilsa va undan keyin o'sha sunnatga amal qilinsa, unga o'shanga amal qilganlar ajriga o'xshash ajr, ularning ajridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi. Kim Islomda bir yomon sunnat paydo qilsa va undan keyin o'sha sunnatga amal qilinsa, unga o'sha amal qilganlar ajriga o'xshash gunoh, ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi”, dedilar (Muslim rivoyati).

Payg'ambarning sunnati deb aytilganda, u zotning hayotiy yo'li tushuniladi. Muhaddislar istilohida, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislari, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma'lumotlar “Sunnat” deyiladi.

Sunnat ikki ilohiy vahiyning biri bo'lib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan. Vahiyning boshqasi Allohning kalomi bo'lmish Qur'oni karimdir. Bunga Qur'on, sunnat va ulamolarning ijmolarida aniq bayon etilgan:

Qur'oni karimda:

“U havodan nutq qilmas. U (Qur'on) vahiydan o'zga narsa emas” (Najm surasi, 3-4-oyatlar mazmuni).

Ochiq-oydin bayonotlar va kitoblar ila (yubordik). Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o'zlariga bayon qilib berishing uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar(Nahl surasi, 44-oyat mazmuni). Bu oyatda zikrdan maqsad Qur'oni Karimdir. Ya'ni, Payg'ambarlarni o'z qavmlariga turli ochiq-oydin bayonotlar va kitoblar bilan yubordik. Sizni esa, ey Muhammad, odamlarga nozil qilingan narsani o'zlariga bayon qilib berishing uchun zikr – Qur'on bilan yubordik.

Payg'ambar sizga nimani bersa, o'shani olinglar va nimadan qaytarsa, o'shandan qaytinglar. Allohdan qo'rqinglar. Albatta, Alloh azobi shiddatli zotdir(Hashr surasi, 7-oyat mazmuni).

Siz: “Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladi va sizlarni gunohlaringizni mag'firat qiladi”, deb ayting(Oli Imron surasi, 31-oyat mazmuni).

Yo'q, Robbingga qasamki, seni o'z oralarida chiqqan kelishmovchiliklarga hakam qilmagunlaricha, keyin, chiqargan hukmingga dillarida tanglik topmasdan, butunlay taslim bo'lmagunlaricha, zinhor mo'min bo'la olmaslar!” (Niso surasi, 65-oyat mazmuni).

 “Uning ishiga xilof qiladiganlar o'zlariga fitna etishi yoki alamli azob etishidan hazir bo'lsinlar(Nur surasi, 63-oyat mazmuni).

Sunnatga ergashishga qiziqtiradigan, uni lozim tutish vojib ekani va unga xilof ish tutish harom ekani haqidagi oyatlar Qur'onda ko'p keladi.

Sunnatda:

Hadislarda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlarini mahkam ushlash o'ta zarur masala ekani ochiq-oydin aytilgan.

Ubaydulloh ibn Abu Rofi' otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Men birortangizning supasida yonboshlab yotganida unga men amr qilgan yoki qaytargan narsalardan biror ish etsa, zinhor “Buni bilmaymiz, bizga Allohning Kitobida nima kelsa, shunga ergashamiz”, deganingizga duch kelmayin”, dedilar” (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Qur'onga amal qilsak bo'ldi, Sunnatning keragi yo'q”, deydiganlar chiqmasligi zarurligini bayon qilmoqdalar. Bu ham kelajakda bo'ladigan narsalardan o'ziga xos ogohlantirishdir. Shuningdek, Qur'oni karim bilan birga sunnati nabaviyaga katta e'tibor qaratish kerakligini ta'kidladilar, chunki u zotning sunnatlari Qur'on ahkomlarini bayon qiladigan va izohlab beradigan manbadir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga Allohga taqvo qilishni, agar habash qulga bo'lsa ham, quloq osib, itoat qilishingizni vasiyat qilaman. Sizlardan kim mendan keyin yashasa, ko'plab ixtiloflarni ko'radi. Shunda mening Sunnatimni va roshid – hidoyatli xalifalarning sunnatini mahkam ushlashni lozim tuting. Uni oziq tishlar bilan mahkam tishlab oling. O'zingizni yangi paydo qiladigan ishlardan ehtiyot qiling, chunki har bir yangi paydo qilingan ish bid'atdir, har bir bid'at esa zalolatdir”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Shunga o'xshash sunnatni lozim tutish va uni mukammal qilishga targ'ib qiluvchi hadisi sharifdan iborat dalillar ko'p.

Buyuk allomalarning gaplarida:

Hasan Basriy: “Imron ibn Husayn birodarlari bilan o'tirgan edi. Shunda ulardan biri: “Bizga faqat Qur'on bilan gapiringlar” dedi. Unga: “Yaqin kel” dedi. U yaqin keldi.  Imron ibn Husayn: “Sen va do'stlaring Qur'onga murojaat qilib Peshin namozini to'rt rakat ekanini, Asrning to'rt rakat ekanini va Shomning uch rakatligini topa olasizlarmi?

Sen va do'stlaring Qur'onga murojaat qilib Tavof etti marta ekanini, Safo va Marva tavofi qanchaligini topa olasizmi?”, dedi (Hatib Bag'dodiy. Al-Kifoya fi ilmir rivoya). Ya'ni Qur'on hukmlarini sunnat bilan to'liq bilib olishga ishora qilgan.

Hasson ibn Atiyyadan rivoyat qilinadi: “Jabroil alayhissalom sunnatni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur'onni nozil qilgani kabi nozil qilar edi” (Imom Dorimiy  rivoyati).

Ayyub Saxtiyoniydan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Mutarrif ibn Abdulloh ibn Shixxirga: “Bizga Qur'ondagi narsasiz biror so'z gapirma”, dedi. Unga Mutarrif: “Allohga qasam, Biz Qur'onga o'zgartirishni xohlamaymiz. Lekin bizning ichimizda kim Qur'onni biluvchiroq ekanini bilishni istaymiz”, dedi” (Qurtubiy. Jomi' bayonil ilm va fazlih).

Avzo'iydan rivoyat qilinadi: “Ayyub Saxtiyoniy: “Bir kishiga sunnatni gapiradigan bo'lsangiz, u odam: “Buni qo'yinglar, bizga faqat Qur'ondan gapiringlar”, deydi. Bilingki, u adashtiruvchi adashgan odamdir”, dedi” (Hokim Naysaburiy. Ma'rifatu ulumil hadis).

Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi: “Sunnat Qur'onning tafsiri, ta'rifi va bayonidir”, degan (Hatib Bag'dodiy. Al-Kifoya fi ilmir rivoya).

Bu haqda allomalar juda ko'lab fikrlarini bildirishgan.

Qur'on va sunnatda hech qanday bir-biriga xiloflik yo'q. Bugungi kunda sunnatni inkor qiluvchilar jamoasi sunnatni tark etib faqat Qur'ondan hukm olish kerak degan fitnalari bilan musulmonlar orasini buzishga harakat qilmoqda. Yuqoridagi dalillar ularning tutayotgan yo'llari noto'g'ri ekaniga dalolat qiladi. Dinning mukammalligi Qur'on va Sunnat bilan namoyon bo'lishini unutmaylik.

 

Qodirxon MAHMUDOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

30.04.2025   1385   3 min.
Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].

O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.

O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang. 

Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].

Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va  mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.

Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.

Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!

Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz.  Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.

Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.

Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2]  Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4]  Imom Tabaroniy rivoyati.