Har bir kasallikning negizida to'qlik yotadi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga to'laqonli amal qilgan mo'min, to'qlikning ortidan keladigan kasalliklarga chalinmaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon bitta ichakka eydi, kofir esa etti ichakka eydi», dedilar».
Buxoriy rivoyati.
Sa'id Maqburiydan rivoyat qilinadi:
«Abu Hurayra roziyallohu anhu bir necha kishining oldidan o'tib qoldi. Ularning oldida qovurilgan qo'y go'shti bor edi. Uni chaqirishgan edi, u eyishga ko'nmadi, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyodan arpa nonga to'ymay o'tib ketdilar», dedi».
Buxoriy rivoyati.
Miqdad ibn Ma'di Karibdan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Odam bolasi qornidan ko'ra yomonroq idishni to'ldirmagan. Odam bolasiga qaddini tutib turadigan bir necha luqma kifoya. Juda bo'lmasa (oshqozonining) uchdan birini taomiga, uchdan birini ichimligiga, uchdan birini nafasiga (havoga) ajratsin», dedilar» Termiziy va Ibn Moja rivoyati.
«Kasallikning faqatgina ikkita sababi bor. Birinchisi ko'p eyish, ikkinchisi to'q qoringa eyish» (Ibn Sino).
«Oshqozon kasalliklarning o'chog'idir. Parhez esa davoning boshidir». (Qadimgi arab tabibi Horis ibn Kalda).
To'qlik — har xil xastaliklarni keltirib chiqaradi, vujudni og'irlashtiradi, uyquni ko'paytiradi, dangasalikka olib keladi, qalbni ko'r qiladi va ruhni zaiflashtiradi. To'q kishi tahoratini ko'p tutolmaydi, ko'p uxlaydi va qiyomul layl kabi buyuk ne'matdan mahrum bo'ladi. To'qlik insonni gunohlardan qo'rqmaslikka, yomonliklarni tap tortmasdan qilishga olib keladi. Aql yaxshi-yu yomonning farqiga borolmaydigan, shukr qilolmaydigan bo'lib qoladi. Shu sababdan ne'matlar kamayadi, chunki ne'matning shukri, uning ortishiga vasiladir. To'qlik dunyo muhabbatiga sabab bo'ladi. To'q insonga zikr qilish og'ir keladi. Zikr esa kalb zangini ketkazadi. To'q inson ibodat zavqini topolmaydi. «Yaqiyn» deb atalmish buyuk ne'matdan mahrum bo'ladi. To'qlik insonni g'aflat sari etaklaydi va uning sarmoyasi bo'lgan umrini bekorchi narsalarga sarflashga sababchi bo'ladi.
Ochlik salomatlikning kalitidir, ilmning shartidir.
Ochlik insonni Allohdan uzoqlashishiga sababchi bo'luvchi hoyu-havaslarni kamaytiradi.
Ochlik qalbni munavvar qiladi, ruhni tetiklashtiradi.
Ochlik vaqtni ibodat bilan o'tkazish imkoniyatini beradi.
Ochlik ochlarning ahvolini his qilib, ularga yordam berishga undaydi.
Yahyo ibn Mu'az Roziy shunday degan: «Insonning uchta dushmani bor: dunyosi, shaytoni, nafsi. Dunyodan unda zuhd qilish bilan, shaytondan unga qarshi chiqish bilan, nafsdan shahvatlarni tark qilish bilan o'zingni asra».
Muhammad Ali Muhammad Yusuf
Alloh taolo aytadi: "Ularni (Allohning) O‘zi ularga tanitgan jannatga kiritur" (Muhammad surasi, 6-oyat).
Imom Tabariy rahimahulloh: "Jannat ahli jannatdagi uylarini tanib olishadi. Hatto bir kishi jannatda o‘z uyiga dunyodagi uyiga kelgani kabi borib oladi", dedi.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhi: "Ya’ni, ular jannatda o‘z manzillarini oson topadilar", dedi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh: "Bu oyat mo‘minlarga berilgan ulug‘ bir mujdadir. Chunki dunyoda ular sabr qildilar, iymonlarini mustahkam tutdilar. Endi jannatda o‘z makonlarini Allohning hidoyati bilan osongina topadilar. Bu Allohning ularga lutfidir", dedi.
Alloh taolo mo‘minlar va taqvodorlarni O‘zi ularga tavsiflab, ta’riflab bergan jannatga kiritadi. Bu jannat ular uchun avvaldan tayyorlangan va ular unda o‘z manzillarini xuddi dunyodagi uylarini bilgandek, osongina topadilar.