Mamlakatimizda bugungi kunda 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar soni 18 milliondan oshdi. Bu – jami aholining qariyb 55 foizini tashkil etadi.
Yoshlarning huquq-manfaatlarini ta'minlash, ularning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash maqsadida Yoshlar ishlari agentligi tuzildi, hokimlarning yoshlar ishlari bo'yicha o'rinbosari lavozimi ta'sis etildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yil mamlakatimizda Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb e'lon qilindi.
Prezident yoshlarga etarli e'tibor qaratilmagani, ularning dardiga quloq solinmaganini ta'kidladi. Yoshlar bilan ikkita muhim yo'nalishda yangicha ishlash tizimi tashkil etilishi qayd qilindi.
Birinchisi – yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash, kasb-hunarga o'qitish orqali ularning bandligini ta'minlash bo'lsa, ikkinchisi – yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishdir.
– Qanchalik qiyin bo'lmasin, barcha darajadagi rahbarlar shuni yaxshi bilishi kerak, ushbu vazifalarni bajarishimiz shart va zarur. Boshqa yo'l yo'q, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Hozirgi kunda 18-30 yoshlilar orasida ishsizlik 17 foiz yoki 844 ming nafarni tashkil etmoqda. Hisobga olinmagan ishsizlar soni esa bundan-da ko'pligi qayd etildi.
Bunday muammolarni tizimli hal etish maqsadida Respublika ishchi guruhi joylarda o'g'il-qizlarning takliflarini “mahallabay” o'rganmoqda. Bugungi kunga qadar Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlari va poytaxtimizda 50 mingga yaqin yoshlar bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqotlar o'tkazildi. Bildirilgan taklif va istaklar asosida, tuman va shaharlar kesimida “Yoshlar dasturlari” tasdiqlandi.
Afsuski, joylardagi o'rganishlar yoshlar o'rtasidagi muammolarni aniqlash va tizimli hal etish borasida haligacha ko'plab kamchiliklar mavjudligini ko'rsatmoqda. Misol uchun, Kogon shahar 2-sektor rahbari yoshlar bilan uchrashuvda ularning 3 nafarini bir hafta muddatda ish bilan ta'minlayman deb va'da bergan. Lekin oradan bir oy vaqt o'tgan bo'lsa-da, natija yo'q.
Kogon shahridagi qolgan sektor rahbarlari ham mahallalarga tushib ishlamayotgani, yoshlarni kasb-hunarga o'qitish, bandligini ta'minlash yoki tadbirkorlikka jalb qilish ham o'z holiga tashlab qo'yilgani ta'kidlandi.
Yig'ilishda Prezident Kogon shahar sektor rahbarlarining o'z lavozimiga loyiqligini ko'rib chiqish masalasini qo'ydi.
Yoshlarning tadbirkorlik faoliyati uchun kredit ajratishda ham ko'plab muammolar saqlanib qolmoqda. Misol uchun, o'tgan yili yoshlar tadbirkorligi uchun “Ipoteka”, “Agrobank” va “O'zsanoat qurilish” bankiga kelib tushgan 14 mingta murojaatning 32 foizi ijobiy hal etilgan, xolos.
Yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishda ham tizimli muammolar mavjudligi qayd etildi. Aksariyat madaniyat markazlari, istirohat bog'lari va sport majmualarining moddiy-texnik bazasi qoniqarsiz, to'garaklar nomiga ishlayapti.
Shu sababli, viloyat hokimlari joriy yilda qancha yoshni kasb-hunarga o'qitishi, tadbirkorlikka jalb qilishi, sanoat, xizmat ko'rsatish va qishloq xo'jaligida bandligini ta'minlashi bo'yicha kafolat xatlari yozib bergan.
Davlatimiz rahbari endi ishni “mahallabay” tashkil etishda mahalla raisi, profilaktika inspektori, maktab direktori, yoshlar etakchisi yoshlar muammolarini “fuqarobay” aniqlab, sektor rahbarlari oldiga aniq va lo'nda masalalarni qo'yishi zarurligini ta'kidladi.
- Tuman sektor rahbarlari haftaning ikki kunini faqat yoshlar muammolarini hal etishga ajratadi. Bir kun yoshlar bandligi bilan, ikkinchi kun ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan shug'ullanadi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
O'zA
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.