frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

2. BAQARA SURASI, 247–248 OYaTLAR

28.01.2021   12221   3 min.
2. BAQARA SURASI, 247–248 OYaTLAR

وَقَالَ لَهُمۡ نَبِيُّهُمۡ إِنَّ ٱللَّهَ قَدۡ بَعَثَ لَكُمۡ طَالُوتَ مَلِكٗاۚ قَالُوٓاْ أَنَّىٰ يَكُونُ لَهُ ٱلۡمُلۡكُ عَلَيۡنَا وَنَحۡنُ أَحَقُّ بِٱلۡمُلۡكِ مِنۡهُ وَلَمۡ يُؤۡتَ سَعَةٗ مِّنَ ٱلۡمَالِۚ قَالَ إِنَّ ٱللَّهَ ٱصۡطَفَىٰهُ عَلَيۡكُمۡ وَزَادَهُۥ بَسۡطَةٗ فِي ٱلۡعِلۡمِ وَٱلۡجِسۡمِۖ وَٱللَّهُ يُؤۡتِي مُلۡكَهُۥ مَن يَشَآءُۚ وَٱللَّهُ وَٰسِعٌ عَلِيمٞ٢٤٧

247. Payg'ambarlari ularga: "Mana, Alloh Tolutni sizlarga podshoh etib tayinladi", dedi. Ular: "Biz undan ko'ra podshohlikka haqliroq bo'lsak, uning moli ham ko'p emas, qanday qilib u bizga hukmdor bo'lsin?!" deyishdi. U: "Alloh uni sizlarga munosib bildi, ilmini va jismoniy quvvatini ziyoda qildi, Alloh hukmronlikni xohlaganiga beradi, Alloh keng qamrovli va biluvchidir", dedi.

 Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroil jamoalari bir oz vaqt yaxshi yurishdi. Ular niyati buzilganidan so'ng ustlariga Jolut ismli bir kofir podshoh hukmron bo'ldi. Podshoh ularni yashab turgan shaharlaridan quvib chiqardi, mol-mulklarini tortib oldi va o'zlarini qul qilib ishlatdi. Bani Isroil oxiri u erdan qochib chiqib, Baytil-Maqdisda (Quddusda) to'plandi. O'sha zamonda Yusha' alayhissalom payg'ambar edi. Bani Isroil payg'ambarlariga arz qilib: "Bizga bir podshohni tayin qilib bering, Alloh yo'lida Jolutga qarshi jang qilamiz", deyishdi. Payg'ambarlari ularning bergan va'dalarida sira sobit turmasliklarini eslatdi, lekin ular turli dalil va bahonalarni ro'kach qilib, payg'ambarlarining so'zini qabul qilishmadi. Oxiri payg'ambar: "Alloh sizlarga Tolutning podshohlikka munosibligini bildirdi", dedi. Chunki u jismoniy jihatdan ham, ilmda ham boshqalardan ustun edi. Tolut podshoh bo'lganidan keyin ham Bani Isroil tinchimadi, endi samoviy bir nishon (mo''jiza) ham bo'lsa edi, dedi. Payg'ambarlari duo qilgach, zafar va nusrat sandig'i etib keldi.

وَقَالَ لَهُمۡ نَبِيُّهُمۡ إِنَّ ءَايَةَ مُلۡكِهِۦٓ أَن يَأۡتِيَكُمُ ٱلتَّابُوتُ فِيهِ سَكِينَةٞ مِّن رَّبِّكُمۡ وَبَقِيَّةٞ مِّمَّا تَرَكَ ءَالُ مُوسَىٰ وَءَالُ هَٰرُونَ تَحۡمِلُهُ ٱلۡمَلَٰٓئِكَةُۚ إِنَّ فِي ذَٰلِكَ لَأٓيَةٗ لَّكُمۡ إِن كُنتُم مُّؤۡمِنِينَ٢٤٨

248. Payg'ambarlari ularga: "Sizlarga sandiqning kelishi Tolutning podshohligiga dalildir, unda Parvardigoringiz huzuridan taskin, Muso va Horun avlodlaridan qolgan narsalar bor, uni farishtalar ko'tarib kelishadi. Agar mo'min bo'lsangizlar, bu narsada albatta bir alomat bor", dedi.

Bani Isroilga qarashli bir sandiq bo'lib, unda Muso alayhissalomning kiyim, hassa, kavushlari, Horun alayhissalom va boshqa payg'ambarlardan qolgan tabarruk narsalar saqlanardi. Bani Isroil urushga kirganida bu sandiq qo'shin oldida olib yurilardi va shu sandiq barakotidan Alloh ularga fath, zafar, taskin-xotirjamlik berar edi. Jolut ularga podshoh bo'lib kelgach, bu tabarruk sandiqni o'lja qilib olib ketdi. Bir qancha muddat uni o'zida saqladi. Lekin sandiq Jolutga g'alaba emas, falokat olib keldi. Alloh taolo sandiqni Bani Isroilga qaytarishni iroda qilganidan keyin Jolut uni qaysi shaharda saqlasa, o'sha erda vabo paydo bo'laverdi. Bundan qo'rqib ketgan Jolut sandiqni ikki ho'kizga yuklab, qo'yib yubordi. So'ngra farishtalar sandiq ortilgan ho'kizlarni haydab, Tolutning darvozasiga etkazib qo'yishdi. Bu narsa bilan Tolutning podshohligiga bir hujjat paydo bo'ldi va Bani Isroil bunga ishondi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

10.08.2026   26222   1 min.
YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

Sayyor yig‘ilish

Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.

Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari