Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Bemazhab, mulaffiq, mutaassib va mazhabparast atamalari

27.01.2021   2447   11 min.
Bemazhab, mulaffiq, mutaassib va mazhabparast atamalari

Islomda e'tiqodiy jihatdan bir-birlari bilan ahil-inoq, hamjihat va birdam bo'lgan ahli sunna val-jamoa deb atalmish to'rt fiqhiy mazhab bor. Ya'ni, hanafiylik, molikiylik, shofe'iylik va hanbaliylik mazhablari. Son-sanoqsiz Islom olimlari Qur'on va sunnatga eng muvofiq fiqhiy mazhablar deb, ularni ahli sunna val-jamoa deyishga ittifoq qilishgan. Biror kishi mujtahidlik darajasiga etmagan bo'lsa, unga shu to'rt mazhabdan biriga ergashishni shart qilishgan. Bu asosga bir necha asrlar davomida og'ishmay, hech qanday ixtilofsiz  amal qilinib kelingan. Bu to'rt fiqhiy mazhab imomlarini deyarli barcha Islom ulamolari tan olishgan. Ularga ergashish Qur'on va sunnatga ergashish kabidir deb bilishgan. Bu imomlar yolg'on, aldov, tuhmat va bo'hton kam bo'lgan baxtli zamonlarda, havoyu nafslar shataloq otmagan chog'larda, ilm va amal rivoj topgan asrlarda, avvalgi maqtalgan uch asr—asri-saodatlarda yashashgan. O'sha texnika taraqqiyotga yuz tutmagan vaqtlarda hech qanday texnologiyasiz faqat va faqat ilm va amal bilan  yuz minglab e'tiborli musulmonlar va muhaqqiq olimlarning olqishlariga sazovor bo'lishgan.

Islom olamida mazhab atamasi umumiy tarzda zikr qilinganda yuqorida aytilgan ana shu to'rt haq mazhabdan birini ifoda etishi odatga aylangan. Ommabop va yo ilmiy asarlarda ham, shunchaki og'zaki suhbatlarda ham mazhab so'zidan barchaning zehnida ma'lumu mashhur bo'lib ketgan hanafiylik, molikiylik, shofe'iylik va hanbaliylik mazhablari iroda etiladi. Islomda bir necha o'nlab oqimlar, yo'nalishlar, irmoqlar bo'lishiga qaramasdan mazhab so'zi ijobiy ma'no o'laroq faqatgina to'rt haq fiqhiy yo'nalishdan boshqasini ifoda etmaydi.

O'z navbatida “bemazhab” atamasidan ham shu to'rt mazhabdan birortasida subuti bo'lmagan musulmonlar ko'zda tutiladi. Atama salbiy ma'no kasb etib, xoh to'rt mazhabdan birortasiga aloqasi yo'q yo'nalishlar bo'lsin, yoki shu to'rt mazhab ichida betayinlik ila ayrim masalada hanafiy, yana boshqa masalada hanbaliy va hokazo amal qiluvchi mulaffiqlar bo'lsin bariga nisbatan “bemazhab” atamasi qo'llanaveradi.

Ayni damda “mulaffiq”“talfiq” atamalariga qisqacha izoh berib o'tish o'rinlidir:

Talfiq – ijtihod shartlarini o'zida o'zlashtira olmagan holda, mustaqil hukm chiqarish va fatvo berishga salohiyatsiz kishining turli mazhablardan o'zi xohlagan fatvolariga amal qilishdir. To'rt haq mazhab ulamolari talfiqdan qaytarishgan. Masalan, hanafiylardan shayx Ibn Obidin “Bahrur-roiq”ning hoshiyasida aytadi: “Muayyan mazhab muftiysining o'z mazhabida aniq ko'rsatilgan masalada boshqa mazhab yo'lini tutishi va u bo'yicha fatvo berishi mumkin emas”. (6-jild, 289-bet).

Molikiylardan imom Nafroviy “Favokehud-devoniy”da aytadi: “To'rt imomdan biriga ergashish vojibligiga musulmon ummatining ijmosi tuzilgandir. Faqat ijtihod ahllari bundan mustasno”. (2-jild, 357-bet).

Shofe'iylardan Jaloluddin Mahalliy “Jam'ul-javome'”ning sharhida  aytadi: “Eng sahih so'z shuki, omiylar modomiki ijtihod martabasida bo'lmas ekan, ularga muayyan bir mazhabga taqlid qilish lozim bo'ladi. U xoh boshqa mazhabni o'z mazhabi bilan teng va yo arjah deb e'tiqod qilsin, buni ahamiyati yo'q”. (2-jild, 440-bet).

Hanbaliylardan Mardoviy “al-Insof”da aytadi: “Rioyatul-kubro”da aytiladiki, har bir muqallidga biror muayyan mazhabga taqlid qilishi lozim bo'ladi. Ijtihod ahli bundan mustasno. Ahli sunna olimlaridan “muayyan mazhabga taqlid lozim emas” deganlar ham bor. Ammo ular bu so'zlarida ijtihod shartini ham o'rtaga qo'yishgan” (11-jild, 194-bet).

Ba'zi mulaffiqlar “bemazhab” atamasining ma'nosini izohlashda chalg'ituvchi iboralar bilan o'z qarashlarini haspo'shlashga urinadi. Ularning iddaosicha “bemazhab” degan tushuncha mutlaqo noto'g'ridir. Emishki, to'rt mazhabdan birortasida subuti bo'lmagan musulmonlar ham ilojsiz biror olimning so'ziga, va yo biror oqim yo yo'nalish ta'limotiga suyanadi, demak ular bemazhab emas. Zotan mazhab bu—kimningdir yo'nalishi demakdir. To'rt mazhabdan boshqasiga ergashganlarni yoki to'rt mazhab ichida aralash-qurash tarzda amal qiluvchi mulaffiqlarni “bemazhab” deb tanqid qilish noto'g'ri, axir ular ham qaysidir bir olim ijtihodiga suyanmoqda-ku?! Balki bu tanqid mazhabparastlikdir!—deb o'z amaliy va aqidaviy yo'nalishlarini oldin qatorga olib chiqishga urinadilar.

Shu o'rinda ular tomondan to'rt haq fiqhiy mazhabdan birida sobitqadamlik ila amal qiluvchi musulmonlarga nisbatan “mazhabparast, mutaassib” degan atamalarni qo'llash masalasiga to'xtalib o'tsak:

Mutaassib, mazhabparast so'zlari odatan salbiy ma'noda qo'llanuvchi so'zlar bo'lib, noto'g'ri narsaga ko'r-ko'rona ishonish, shu narsada qaysarlik bilan oyoq tirab olish, nohaq dushmanlik qilishga aytiladi. To'g'ri yo'lda yoki to'g'ri fikrda mustahkam turganlarni mazhabparast yo mutaassib emas, aksincha haq ustida sobitqadam deyiladi. Dinimiz ham aslida shunga amr qiladi. Noto'g'ri yo'lda, ishda va fikrda oyoq tirab turib olganlarga ega «mutaassib»«qaysar» va «ko'rko'rona ergashib ketuvchi gumroh» deyiladi. Aslida bu laqablar to'rt haq fiqhiy mazhablardan birortasida sobitlikni xushlamaydigan, o'zlaricha amal qiluvchi o'zboshimcha musulmonlarga qo'llansa to'g'riroq va mosroq bo'ladi.

Aslida, esa “bemazhab” atamasi ahli sunnaning so'zi e'tiborli olimlari tomondan to'rt haq mazhabdan birida sobitlikni inkor etib, ijtihod da'vosi bilan o'rtaga chiqqan va ommani ham shunga undovchi kishilarning “biz mazhabga qaramaymiz, mazhabni bid'at deymiz,  o'zimiz Qur'on va hadisdan ijtihod qilamiz, mazhab ahlidan emasmiz, biz sahobalar davridagi kabi ibodat qilamiz“ deb jar soluvchi bemazhablarga nisbatan aytilgan hukmdir!

Ular to'rt mazhabdan boshqa mazhabda ekanliklarini da'vo qilsalar sizga ularning bu jim-jimador so'zlariga aldanib qolmaslikni maslahat beramiz. Negaki, birinchidan, ular “mazhabbosh”lari kim ekanliklarini ochiq aytishmaydi.

Ikkinchidan, ularning “mazhabbosh” rahnamolarini biror ahli sunna  olimlari tarafdan e'tirof etilmagan.

Uchinchidan, farazan beshinchi mazhabni tashkil etsalar, to'rt mazhabdan  ijtihod borasida ustun ekanliklarini hali biror yo'nalishda isbot qila olishmagan. Ular ham mazhablari bo'yicha Qur'on va sunnatga muvofiq ijtihod qilib bizni qoyil qoldirsinlar, ko'raylik.

To'rtinchidan, e'tirofli to'rt mazhabni rad etish orqali qancha-qancha oyatu hadisni tan olmaslik harakatida bo'lishadi va ba'zilari shuni teskari ta'vil qilishga urinishadi. To'rt mazhab vakillari esa hamma oyatu hadisni bir xil ko'rishadi. Ilmlari kuchli bo'lmaganligi yuzasidan, qaysi oyat yoki  hadis nosix mansuxligini anglashga, ulardan hukm chiqarishga ojizligi, havoyu nafslariga moslab hukm chiqarib olmasliklari uchun butun dunyo tan olgan ulug' mujtahidlarga ergashishlikni afzal bilishadi. Zero bugungi kunda bu mazhabboshi imomlarday ilm va taqvo sohibiga aylanish, faqat orzu ekanligi hammaga ma'lum va mashhurdir.

Unutmang! Bu to'rt haq mazhabga bir necha asrlar davomida qancha-qancha olimlar amal qilishdi. Ergashganlar xato qilishdimi?!

Ular taqvo, ilm, ibodat va tafakkurda bizdan kuchli emasmidilar?!

Nima uchun bunday mo''tabar zotlarga ergashmasdan, ilmi, amali, ibodati, parxezkorligi, dinga do'st yoki dushmanligi kabi faoliyatlari aniq va ishonchli bo'lmagan shaxslarga ittibo' qilishimiz kerak ekan?!

Bugungi fitna urchigan, insonning asl shaxsiyatini bilish qiyin kechadigan  zamonlarda etiqodiy betayin kimsalarga ergashmasdan, butun dunyo tan olgan to'rt buyuk imomlarning biriga ergashishligimizda nima jihat bizni mazhabparast yoki mutaasib deb haqorat qilishlariga asos bo'lmoqda?! Ular o'z ilm va taqvosi orqali necha yuzminglab olimu fozillarni o'zlariga ergashtira olmadilarmi?! Din uchun mislsiz xizmat qilmadilarmi?! Qancha-qancha g'ayridinlarni musulmon bo'lishligiga sababchi bo'lmadilarmi?! Javob: Ha, xuddi shunday bo'lgan!

“Mazhabparast”“mutaassib” degan laqablarni kimlar o'ylab topganini ozgina tafakkur qiling! Ey ikkilanayotgan kishilar shu tushunchalar doirasida musulmonlarni ikkiga bo'lib tashlaganini ham biroz tushunib etarsiz. Tafriqaga kim ajratayotganini, fitnalarni kim uyushtirayotganini hassoslik bilan sezishga harakat qilarsiz…

Qachonki to'rt fiqhiy mazhabdan ustun yoki barobar keladigan mazhabni dunyo olimlari ijmosiga binoan bu ham ahli sunnaning beshinchi mazhab deb tan olinmaguncha,  to'rt mazhabdan birida mustahkam yurmaydiganlar bemazhab—ya'ni, to'rt haq mazhabdan birortasida subutsiz, deb aytilaveradi. Bu butun islom ummati tan olgan haqiqatdir! Shuni ham alohida ta'kidlash jizki, imom G'azzoliy, Navaviy, Faxruddin Roziy kabi ulamolar to'rt imomdan boshqa, mujtahidi mutlaq darajasiga eta olgan, mustaqil fiqhiy mazhabga asos solish darajasidagi olimni dunyo hali shu kungacha ko'rgani yo'q, deb ta'kidlaganlar!

Muhtaram o'quvchi, muqadimada aytib o'tagnimizdek to'rt fiqhiy mazhabning e'tiqodiy qarashlari yagona ta'limot asosiga barpo etilgandir. Ibodat ko'rinishlari to'rt xil bo'lsada aqidada bir yoqadan bosh chiqarib e'tiqod qiladilar. Bir-birlarini kofir yo bid'atchi deb haqorat qilishmaydi. Bir-birlarini o'ldirishga fatvo berishmaydi. Bu esa ayni Islom nizomidan ko'zlangan bosh maqsaddir. Ha, Islom dini musulmonlarni bir-birlari bilan ahil-inoqlikka, mafkuraviy birdamlikka, hamdo'stlikka, aqidaviy ixtiloflardan yiroqlikka, urush va buzg'unchiliklardan xazar qilishga, isyonkorlik, bog'iylik kabi fitnalarga qo'shilmaslikka chaqiradi! Bu ta'limot aynan to'rt haq fiqhiy mazhabning e'tiqodiy ta'limotida o'z aksini topgan, balki asosini tashkil etadi! Shunday ekan siz ham shu to'rt mazhabdan birortasiga qarshi chiqishdan, uni nohaq deyishdan, ajrab chiqib ketishdan, bir-biriga aralshatirib amal qilishdan saqlaning!

Hikmatulloh Ibrohim

MAQOLA
Boshqa maqolalar

“Odamlarni afv etadiganlar...”

16.07.2025   3065   4 min.
“Odamlarni afv etadiganlar...”

Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan... (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.

Joriya oyatning davomini o‘qidi: ...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir....

U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.

Joriya oyatning oxirini o‘qidi: Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.

Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: (Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay! (Josiya surasi, 14-oyat).

Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.

Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.

Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.

Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.

Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.

Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.

Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.

So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.

Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.

Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.

So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:

- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.

Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:

- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.

Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.

Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.

Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.