Arab tilida: bir narsani qattiq xohlab, unga qiziqishga "haris" deyiladi.
Alloh taolo tarafidan insonga berilgan eng ulkan boylik bu — vaqtdir. Shuning uchun har bir kimsa, vaqtning qay darajada ahamiyat kasb etishini teran anglashi va unga juda ham haris bo'lishi kerak. Chunki o'tayotgan har bir lahza aslo qaytib kelmaydi. Musulmon inson vaqtini dunyo va oxirat uchun foydali amallar bilan to'ldirishi shart. Yo'qsa, erta qiyomatda yuzi qizarib, afsus-nadomatlar ichra qoladi.
Ibn Abu Usoybia hikoya qiladi: Faxriddin Roziy rahmatullohi alayhi aytdilar: "Allohga qasam! Ovqat vaqtida taomlanish bilan band bo'lib, shu vaqtni ilm o'qimasdan o'tkazganimga afsusdaman. Chunki vaqt juda aziz narsadir".
Shundan ma'lumki, oldingi ulamolar qay darajada vaqtini foydali ishlarga sarf etishga haris ekanlari. Qiyomat kunida har bir jon dunyoda berilgan qimmatli vaqtini nimalar bilan o'tkazgani borasida albatta so'raladi.
Alloh taoloning huzurida yuzimiz yorug' bo'lishi uchun hozirdan vaqtimizni yaxshiliklarga sarf etishimiz va foydali ishlar ila mashg'ul bo'lishimiz zarur.
Alloh taolo barchamizni vaqtning qadrini biladigan va uni yaxshiliklar bilan to'ldiruvchi bandalaridan qilsin!
Muhammad Yunus Muhammad Muso o'g'li,
Mir Arab Oliy madrasasi talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi