Sayt test holatida ishlamoqda!
19 May, 2025   |   21 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:01
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:42
Xufton
21:12
Bismillah
19 May, 2025, 21 Zulqa`da, 1446

Kofir demang!

23.01.2021   3108   11 min.
Kofir demang!

Dinimiz ta'limotiga ko'ra, banda Allohning yagonaligiga, Farishtalariga, muqaddas kitoblariga, barcha Payg'ambarlar Uning elchisi ekaniga, Oxirat kuniga, taqdirning yaxshi va yomoni ham Allohdan ekaniga, o'lgandan keyin Qiyomat kuni qayta tirilishiga imon keltirsa va qat'iylik bilan farzni inkoretmasa hamda haromni halol demasahaqiqiyimonlimo'min hisoblanadi.

Hanafiy mazhabiga ko'ra, imon – Allohning huzuridan Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga kelgan barcha narsalarning haqligiga til bilan iqror bo'lib, qalb bilan tasdiqlashdir. “Til bilan iqror qilish” – “Laa ilaaha illallohu Muhammadur rosululloh”, ya'ni Allohdan o'zga ibodatga sazovor zot yo'q va Muhammad alayhissalom Allohning elchisidir”, degan so'zlarni talaffuz qilishdir. “Qalb bilan tasdiqlash” esa yuqoridagilarning barchasiga qalbda zarracha ham gumon va shubha qoldirmasdan ishonishdir.   

Insonning imonini hisob-kitob qilish ulkan mas'uliyat bo'lib, kishining musulmon yoki kofirligini muhokama qilish huquqi har kimga ham berilmagan. Chunki imonning makoni insonning qalbida, qalbning muhokamasi esa bandalarga berilmagan, balki faqatgina Allohning hukmidadir.

Ma'lumki, imonning ziddi “kufr” bo'lib, u “berkitmoq”, “kofir bo'lmoq”, “dinsiz bo'lmoq” kabi ma'nolarni anglatadi. Qalbida umuman imoni bo'lmagan shaxsga esa «kofir» deyiladi.

Bu so'zni ishlatishning yuki o'ta og'ir va oqibati juda xatarli ekanini Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o'zlarining xadislarida alohida ta'kidlaganlar. Imom Buxoriy Ibn Umar va Abu Hurayra roziyallohu anhumolardan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: Agar bir kishi o'z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkalasidan biri o'shanday (ya'ni kofir) bo'ladi”, dedilar.

Bundan kelib chiqadiki, qalbida zarracha imoni bor kishini kufrda ayblaydigan insonning o'zi dindan chiqib, kofir bo'lish xatari vujudga keladi.

Imom A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “Agar qalb zulmga moyil bo'lsa, zolimlarni yaxshi ko'radi. Qaysi toifani yaxshi ko'rsa, ular jumlasidan bo'ladi. Agar qalb Haqqa va unga ergashganlarga moyil bo'lsa, ularga do'st bo'ladi. Buning sababi shuki, amal va so'zlarning yuzaga chiqishi qalbga bog'liqdir. Shuning uchun ham, til bilan imon keltirib, qalb bilan imon keltirmagan banda Allohning nazdida mo'min emas va aksincha, qalb bilan imon keltirib, til bilan imon keltirmagan banda Uning nazdida mo'mindir”, deb ta'lim berganlar.

Hijriy 970 yilda vafot etgan Hanafiy mazhabining mashhur ulamolaridan bo'lmish Ibn Najiym rahmatullohi alayh: “Agar bu masalada kofir deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo'lsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak”, deganlar.

Bu bilan bizga ko'p bo'lib ko'ringan to'qson to'qqiz, Yaratganning huzurida hech narsaga arzimas bo'lishi, biz uchun kam bo'lib ko'ringan arzimas bir narsa esa Alloh uchun barcha narsadan ahamiyatli bo'lishi mumkinligini anglatadi.

Shu bilan birga, birgina dalil insonning imoni bor ekanini tasdiqlaydigan bo'lsa, uni musulmonlar safida olib qolish, qolgan musulmonlar zimmasidagi shart va lozim bo'lgan vazifa ekanini ham anglatadi.

Ammo bugungi kunda dinda haddan oshib g'uluvga ketgan toifa va oqimlar bu masalada “mo'min deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir deyishlik uchun birgina dalil topilsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib etdilar. Bu esa barcha islomiy mazhablar va ulamolarning tutgan yo'liga mutlaqo teskaridir.

Islom tarixi ekstremistik oqimlar kufr masalasida Islomning mohiyatiga zid da'volar bilan chiqqanidan guvohlik beradi. Hususan, “xavorij yoki xorijiylar” nomi bilan tilga olinadigan toifaning “gunoh ish qilgan mo'minni kofir, fahsh ishni qilgan musulmonni esa dindan chiqqan”, degan iddaosi qirg'in-barot urushlarning kelib chiqishiga va ko'plab musulmonlarning qoni to'kilishiga sabab bo'lgan edi.

Bu esa Ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabiga mutlaqo zid e'tiqoddir.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning kufr borasidagi hadislariga e'tibor qaratsak, ularda jumladan bunday deyiladi: “Musulmon bilan kufrning o'rtasida, namozni tark qilish bordir” (Muslim rivoyati), “Kim Allohdan o'zga ila qasam ichsa, batahqiq kofir bo'libdi” (Imom Hokim rivoyati).

Shu kabi hadislarda kelgan masalalar haqida Ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabining yakuniy xulosasi shuki, xadislarda zikr etilgani kabi ishlarga yo'l qo'ygan mo'min qilayotgan ishida qat'iylik bilan farzni inkor etmasa va haromni halol sanamasa, shariat ta'qiqlagan muhokamaga kirishmasa kofir bo'lmaydi, balki o'ta og'ir gunohkor bo'ladi.

Abu Dovud Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa imonning aslidandir: “Laa ilaaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik. Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz”, dedilar.

Shu erda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh hazratlarining mazkur hadisga bergan sharhilarini keltirish o'rinli bo'ladi: “Kalimai shahodatni aytib, o'zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar etkazmaslik zarur. Zohirida musulmon bo'lib ko'rinib, Islomning zohiriy amallarini qilayotganlar bilan musulmoncha muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari va hisob-kitoblari Allohning O'ziga havola! “Laa ilaaha illallohu”ni aytib, zohirida musulmon bo'lib ko'ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiy mo'min bo'ladi. Kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko'rsatib turgan odamni amali tufayli Islom dini, Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar'iy jazo beriladi. E'tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida - shu!

Bugungi kunda yo'l qo'yilayotgan katta xatolardan biri, kufr haqidagi umumiy fatvoni yakka shaxslarga tatbiq qilinayotganidir. Masalan, ulamolar “falon toifaga mansub kishilar kofir bo'ladi”, degan fatvoni chiqarganlar. Bu esa mazkur toifaga mansub kishilarning har biri kofir, degani ham emas. Kufr fatvosini yakka shaxslarga nisbatan berishdan avval, u haqida so'rab surishtirib, aniqlik kiritib, shaxsan bahs olib borib, uning kufrda ekanini isbotlagach, bo'yniga qo'yish lozim bo'ladi.

Aqiyda ilmi ulamolari: “Ba'zi bir gap kufr bo'lishi mumkin. O'sha gapni aytgan kofir bo'ladi, degan hukm ham chiqishi mumkin. Ammo mazkur gapni aytgan muayyan shaxsni, hujjat va dalil bilan tasdiqlanmaguncha, kofir deb hukm chiqarilmaydi”, deb hukm berganlar.

Qur'oni karimning “Niso” surasining 10-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi: Albatta, etimlarning molini zulm ila eganlar, qorinlariga olovni egan bo'lurlar. Va, shubhasiz, do'zaxga kirurlar. Ushbu oyati karimadagi qo'rqitish, shunga o'xshash boshqa oyatlarda ham borligi haqdir. Ammo mana shu oyatga binoan, aniq bir shaxsga kelganda, bu odam, albatta, do'zaxga tushadi, degan qat'iy hukmni aytib bo'lmaydi.

Ahli qibla bo'lgan bir kishining bu kabi  holatlarda do'zaxga kirishiga dab-durustdan guvohlik berish mutlaqo bilim va saviyasizlikdir. Chunki u mazkur oyat ma'nosi va hukmini bilmasligi mumkin. Bilgach esa gunohidan tavba qilishi, shu gunohni yuvadigan savob ishlarni amalga oshirishi, Qiyomat kunida Shafoatchining shafoatidan bahramand bo'lishi yoki boshqa imkoniyatlardan foydalanib jannatga kirish ehtimoli mavjud. Bularni mutlaqo e'tibordan qoldirish mumkin emas!

Bir odamning kufr gapni aytgani sabab qozining huzuriga keltirilsa, qozi guvohlarning da'volaridagi masala – kufr gapni aytgani haqida so'raydi. Agar aytganidan tonsa, qo'yib yuboriladi. Chunki gapdan tonishning o'zi tavba hisoblanadi.

Agar aybdor men bu gapning kufr ekanini bilmasdim, desa unga tushuntiriladi. Bundan keyin hushyor bo'lishni uqtirilib, bu holatda qo'yib yuboriladi.

Ammo o'sha odam, men bu gapni bilib aytdim, dinimdan qaytdim, desa, uni tavba qilishga chaqiriladi hamda tavba qilguniga qadar qamab qo'yiladi.

Hulosa shundan iboratki, kufr gapni ochiq aytgan va tan olib turgan odamga Islomning muomalasi shu bo'lgach, imoni bor ekanini tasdiqlayotgan va Islomga imkon qadar amal qilayotganlarni turli bahona va asossiz sabablar tufayli kofirga chiqarish va ularga turli ko'rinishdagi zulmni ravo ko'rish bizningi aqiydamizga mutlaqo to'g'ri kelmaydi.

Shunday ekan, musulmonning imonini muhokama qilishga o'ta xushyor bo'lishimiz lozim.

 

Manbalar asosida

Akmalxon Ahmedov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Muhammad Said Ramazon al-Butiy

16.05.2025   4516   5 min.
Muhammad Said Ramazon al-Butiy

Muhammad Said ibn Ramazon ibn Umar ibn Murod al-Butiy 1929 yilda Usmoniylar imperiyasi tarkibida bo‘lgan, bugungi kunda Turkiya Respublikasi hududiga kiruvchi Jizre (arabcha: Jazirat ibn ‘Umar, kurdcha: Cizîrê Botan) viloyatiga qarashli Jalka qishlog‘ida tavallud topgan. Ushbu hudud tarixan boy ilmiy va madaniy merosga ega bo‘lib, ko‘plab yetuk shaxslar, ayniqsa islom olimlari bilan mashhur bo‘lgan. Jizre hududi o‘zining uzoq yillik ilm-fan va ma’rifat an’analari bilan ajralib turadi. Tarixiy manbalarda bu yerda yashab o‘tgan ko‘plab olimlarning ismlari tilga olinadi. Jumladan, buyuk musulmon tarixchisi va "al-Kamil fī’t-Tarix" asari muallifi Ibnul-Asir (1160–1233), mashhur qiroat olimi Abul-Xoyr Muhammad ibn Muhammad al-Jazariy, mexanika va texnika sohasida kashshof sifatida tanilgan, "al-Jami' baynaal-'ilm val-'amal an-nafi' fī ṣina'at al-ḥiyal" asari muallifi Abul-‘Izz ibn Isma‘il ar-Rozzaz al-Jazariy (vafoti 1206-yil) shular jumlasidandir.

Muhammad Said Ramazon al-Butiy ana shunday yuksak martabali olimlardan biridir. U Islom olamida asosan fiqh, da’vatchilik faoliyati, asarlari va siyosat bilan aloqasi sababli mashhur bo‘lgan. Uning ilmiy merosi, asarlari va ilgari surgan g‘oyalari ko‘pincha G‘azoliy bilan qiyoslanadi [1].

Muhammad Said Ramazon al-Butiy 1934-yilda oilasi bilan Suriyaning Damashq shahriga hijrat qilgan. Ular asosan kurdlar istiqomat qiladigan Ruknuddin mahallasiga joylashadilar. Butiy bolaligidan Qur’on ta’limini boshlaydi va atigi olti oy ichida Qur’onni to‘liq xatm qiladi. Keyinchalik otasi bosh-qoshligida turli madrasalarda diniy ilmlar bilan shug‘ullanadi. 1953-yilgacha Shayx Hasan Habanka al-Maydoniy boshchiligidagi "At-tavjih al-islomiy" kollejida nahv, mantiq, balog‘at, usul va boshqa diniy fanlarni o‘rganadi.

1953-yilda Misrning Azhar universiteti Shariat fakultetiga o‘qishga kirib, 1956-yilda tamomlaydi. 1957-yilda Humus shahrida diniy madaniyat o‘qituvchisi sifatida faoliyat boshlaydi. 1960-yilda Damashq universitetining Shariat fakultetida yordamchi lavozimiga tayinlanadi. 1965-yilda Azhar universitetida "Islom huquqida "Maslaha" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini "Mumtaz" (juda a‘lo) bahosi bilan himoya qiladi. Shundan so‘ng u Damashq universitetida professor unvoniga erishib, islom huquqi, fiqh, aqida va siyrat fanlaridan saboq beradi.

1970-yilda dotsent, 1975-yilda professor, 1977-yilda esa Shariat fakulteti dekani lavozimiga tayinlanib, 1993-yilgacha bu lavozimda ishlaydi. U arab, kurd, turk va ingliz tillarini yaxshi bilgan. Akademik faoliyati davomida u kitoblari, televideniya, radio va internet orqali keng ommaga diniy ta’lim yetkazgan. Uning Damashqdagi yirik masjidlardagi va’zlari ko‘p sonli kishilarni jamlagan.

Yevropalik tadqiqotchi Andreas Christmann ta’kidlaganidek, diniy amallarga rioya qilmaydigan hatto musulmon bo‘lmagan kishilar ham uning ma’ruzalariga qiziqish bildirgan [2]. 2005-yilda Dubay Qur’on Xizmat Kengashi uni "Namunali Islom Olimi" deb e’tirof etgan. 2012-yilda esa Iordaniya Qirollik Akademiyasi tomonidan tuzilgan eng nufuzli 500 musulmon ro‘yxatida 22-o‘rinni egallagan.

Butiy aqidada Ash’ariy kalom maktabiga ergashgan bo‘lib, salafiylik oqimiga tanqidiy yondashuvi bilan mashhur edi. Fiqhiy yo‘nalishda esa Shofi’iy mazhabiga mansub bo‘lgan.

Butiyning ilmiy faoliyatida birinchi yirik yutug‘i sifatida "ad-Davabitu’l-Maslaha fi’sh-Shari‘ati’l-Islamiyya" nomli doktorlik dissertatsiyasi bo‘lib, bu asar Islom huquqidagi "Maslaha" masalasini chuqur tahlil qilgani sababli tadqiqotchilar tomonidan muhim manba sifatida qadrlanadi.

Uning asl shuhrati esa "Fiqhus-siyra" asari orqali keng tarqalgan. Ushbu kitobda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlari asosida shar’iy va fiqhiy xulosalar chiqarilib, yangicha ilmiy uslubda taqdim etilgan.

Tahrirchi Bot, [16.05.2025 12:30]
Butiy 70 ga yaqin kitob va ko‘plab maqolalar muallifi bo‘lib, Islom ummati muammolariga bag‘ishlangan "Abhas fi’l-Kimme" nomli o‘nta risoladan iborat to‘plami ham e’tibor qozongan. Bu risolalarda u muammolarga yechimlarning o‘zini emas, balki ularning asl sabablari, xususan, G‘arb qarshisida musulmonlarning ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan orqada qolish omillarini ochib berishga intilgan.

U butun umri davomida islomiy fikr, axloq va ma’rifatni targ‘ib etishda fidokorona xizmat qilgan. Afsuski, bu yuksak ilm va taqvo sohibi 2013 yil 21 mart kuni Damashqdagi Imom masjidida dars berayotgan paytida shahid bo‘ldi. Uning vafoti nafaqat Suriyada, balki butun Islom olamida chuqur iztirob bilan qabul qilindi. Shu tariqa Ramazon Butiy o‘zining boy ilmiy merosi va mardonavor xizmatlari bilan musulmon ummatining qalbida chuqur iz qoldirdi.

Muhammaddiyor MO‘MINOV,
Toshkent Islom instituti 402-guruh talabasi.
 

[1] Mahsum Aslan. Muhammed Said Ramazan el-Bûtî’nin hayatı, eserleri, ilmî kişiliği ve fıkıhçılığı "Muhammad Said Ramazon al-Butiyning Hayoti, Asarlari, Ilmiy Shaxsiyati va Fiqhchilig‘i" nomli magistrlik dissertatsiyasidan. Dijla Universiteti, Sotsial fanlar instituti, Diyarbakir, qisqartirma, 2014.–  J.1. — B.1.

[2] Andreas Christmann. Islamic scholar and religious leader: A portrait of Shaykh Muhammad Sa’id Ramadan al-Būti “Musulmon Olim va Diniy Yetakchi: Shayx Muhammad Said Ramazon al-Butiy”, tarj. Muammer İskenderoğlu, Usul islomiy tadqiqotlar jurnali, Son: 2, Iyul-Dekabr, 2004. – 129-154, - B.130.