• Qabr ziyoratiga borgan odam avvalo niyatini to'g'rilashi hamda bu amali bilan Allohning roziligini ko'zlashi lozim. Zero, har bir amal niyatga bog'liqdir.
• Qabristonga imkon qadar tahoratli holda sukunat bilan kirgan afzal.
• Qabr ahliga sig'inish, ulardan ehtiyojlarini so'rash joiz bo'lmay, bu shirk amal hisoblanadi. Aksincha, buning o'rniga ularning haqqiga duo qilish lozim..
• Qabr ahliga nazr qilish, jonliq so'yish, sham yoqish, latta bog'lash kabi ishlar og'ir gunoh bo'lib, kishining imoniga putur etkazadi.
• Qabristonga kirishda quyidagi duoni o'qish va undagi ma'nolarni to'la his etish afzal: “Assalomu alaykum, mo'min musulmonlar diyori ahli! Biz ham, inshaalloh, sizlarga qo'shilamiz. Sizlar bizninng o'tmishdoshimizsiz, biz esa sizlarning o'rinbosaringizmiz. Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so'raymiz”.
• Ziyoratchi o'zi ziyort qilmoqchi bo'lgan qabrga oyoq tarafidan kelib, qabrning o'ng tarafiga turadi va unga yuzlanib, qiblaga orqa qilgan holda qabr egasiga salom beradi.
• Ziyoratchi qabr ahli haqqiga Qur'on tilovat qiladi.
• Qabr oldida Qur'on o'qiganda tilovatni ovoz chiqarib o'qigan afzal, chunki qabr ahli undan bahra oladi.
• Qabr ustidagi ko'karib turgan o'simlik, dov daraxt va maysalarga tegilmaydi, chunki ularning tasbehidan mayyitga manfaat bor. Quriganlarini yig'ishtirish mumkin.
• Ziyorat vaqtida qabr toshlarini o'pish, ularni silab yuz-ko'zga surtish, qabr atrofini aylanib tavof qilish, u erda sham yoqish, ziyoratgoh hududidagi daraxt yoki yog'ochlarga latta parchalarini bog'lash joiz emas.
• Qabr ustiga pul sochish mumkin emas, balki har qancha xayriya, sadaqa va ehsoni bo'lsa maxsus ehson qutilariga tashlash talab etiladi.
• Ziyoratgoh hududi ozodalagini saqlash kerak. Yosh bolalarning boshqa ziyoratchilarga xalal berishlarining oldini olish lozim.
• Ziyoratdan so'ng yana oxista chiqib ketiladi.
Haydarxon Yuldashxodjayev,
“Mir Arab” Oliy madrasasi rektori
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi