Subhanalloh – Alloh taologa eng sevimli kalima. Abu Zarr roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Alloh taologa eng mahbub bo'lgan kalomni aytaymi? Alloh taolo uchun kalomlarning eng yaxshisi “Subhanallohi va bihamdihi”, deb aytishingdir”, dedilar".
Subhanalloh – aytishga oson, tarozida og'ir keluvchi kalima. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ikki kalima borki, ular tilga engil, tarozida og'ir va Rahmonga mahbubdir. Ular: “Subhanallohi va bihamdihi, Subhanallohil a'ziym”, dedilar" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Subhanalloh – Jannatda bog' bo'luvchi kalima. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki: “Subhanallohi va bihamdihi” desa, u uchun jannatda bir xurmo ekiladi", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Subhanalloh – eng afzal kalima. Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi kalom afzal?” deb so'rashdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Alloh farishtalari yoki bandalari aytishini ixtiyor qilgan “Subhanallohi va bihamdihi” kalimasidir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Subhanalloh – gunohlarga kafforat bo'luvchi kalima. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o'ttiz uch marta tasbeh (Subhanalloh), o'ttiz uch marta hamd (Alhamdulillah), o'ttiz uch marta takbir (Allohu akbar) aytsa, jami to'qson to'qqiz bo'ladi, yuzta bo'lishiga: “Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva a'la kulli shay'in qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko'piklari kabi bo'lsa ham, mag'firat qilinadi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Subhanalloh – xatolarni ketkazuvchi kalima. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim: “Subhanallohi va bihamdihi” deb bir kunda yuz marta aytsa, xatolari dengiz ko'pigicha bo'lsa ham kechib yuboriladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Subhanallohi va bihamdihi a'dada xolqihi va rizo nafsihi va zinata arshihi va midada kalimatihi”,deb aytardilar (Imom Muslim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
“Ey insonlar! Allohga va Uning Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga iymon keltiringlar hamda U Zot Sizlarni xalifa qilib qo‘ygan narsalardan, ya’ni vaqtincha qo‘llaringizda turgan, erta bir kun sizlar istasangiz-istamasangiz o‘zgalarni qo‘llariga o‘tib ketadigan Alloh bergan mol-davlatdan infoq-ehson qilinglar! Bas, sizlardan iymon keltirgan va infoq-ehson qilgan zotlar uchun katta ajr-mukofot bordir!” (Hadid surasi, 7-oyat).
Xalifa deb tarjima qilingan so‘z Qur’onda “mustaxlafiyna” deb keladi. Bu so‘z lug‘atda o‘zini o‘rniga biror kishini o‘rinbosar qilmoq ma’nosida – egasini o‘rniga bir ishni bajaradigan kishiga ishlatiladi. Masalan: Mol-mulk, siz unda mustaxlafsiz, ya’ni u sizni qo‘lingizda omonat, haqiqiy egasi siz emassiz, omonatdor qo‘lsiz xolos! Uni sizga Alloh ko‘rsatgan o‘ringa ishlatishingiz uchungina berilgan!
Bir to‘da tuyasi bor a’robiydan so‘rashdi, bu tuyalar kimniki? A’robiy go‘zal javob berdi: Mening qo‘limda turgan, Allohning mulki! Meni qo‘limda turgan, Allohning mulki! Ya’ni, bu Allohniki! Men uni tasarruf qilishga mas’ulman xolos.
“Mustaxlaf” so‘zini yana ham kengroq tushunsak, mol-mulkda siz mustaxlafsiz. Sihat-salomatlik! Siz unda mustaxlafsiz! Uni o‘zini o‘rnida ishlatishingiz lozim bo‘ladi. Jamiyatda har bir kishini o‘z vazifasi, o‘rni bor. Sizni ham o‘z o‘rningiz, vazifangiz bor. Nochorga yordam berish, kuchsizni himoya qilish ham jamiyat a’zolarini vazifalaridan biri hisoblanadi. Alloh sizga ilm bergan. Siz unda mustaxlafsiz! O‘zini o‘rnida ishlatishga, yaxshi-yomonni eslatishga, halol-haromni bildirishga mas’ulsiz! Allohni oldida javobgarsiz!
Alloh aytadi: “Men yerda Odamni xalifa qilmoqchiman” (Baqara surasi, 30-oyat).
Inson-Alloh uni qo‘liga mol-mulk berib, uni omonatdor qo‘l qilgan Allohni yerdagi xalifasi. Mol-mulk bizniki emas. Aslida bizniki bo‘lmagan narsa qandoq qilib bizniki bo‘lsin. Ya’ni, meni qo‘limdagi mulk meniki emas, uni qo‘lidagi mulk uniki emas, sizni qo‘lingizdagi mulk ham sizniki emas. Biz uni haqiqiy egasi emasmiz. Biz tanovul qilsak tugatamiz, kiysak eskirtamiz va ammo, sadaqa qilganimiznigina o‘zimizga olib qolamiz!
Bir odam Payg‘ambarimiz alayhissalomga bir qo‘yni hammasini tarqatdim faqatgina qo‘li qoldi xolos dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom: Yo‘q unday emas, qo‘lidan boshqa hammasini olib qolibsan, dedilar. Ya’ni, sadaqa qilganing oxiratga zaxira bo‘lib o‘zingda qoladi. Olib qolganing tugab tamom bo‘ladi.
Ey birodarim! "Mustaxlaf" so‘zi juda keng ma’noda tushuniladi. Masalan seni moshinang bor, sen unda mustaxlafsan.
Haqiqatda yordamga muhtojlarni hojatlariga uni ishlatsang uni haqqini ado etgan bo‘lasan. Gunoh, ko‘ngilxushi uchun yoki shunchaki aylanib kelish uchun emas, haqiqatda shunga ehtiyoji bor, chorasiz turgan odamga yordam berishga mas’ulsan! Inson unga berilgan har bir nasibada, iqtidorda, ilmda, hunarda, shijoatda, kuch-quvvatda, g‘ayratda barcha barchasida mustaxlafdir. Mol-mulk ne’mat hisoblanmaydi. Uni qay o‘ringa ishlatilishiga qarab turadi.
Agar Alloh rozi bo‘ladigan-toatga, muhtoj-u nochorlarga xayr-saxovatga, o‘zi mas’ul bo‘lganlarni nafaqalariga ishlatilsagina ne’mat hisoblanadi. Unday bo‘lmasa-gunohu ma’siyatga, kayfu-safoga, foydasiz o‘rinlarga ishlatilsa-balo bo‘ladi, ofat bo‘ladi!
Muhammad Rotib Nobulusiy suhbatlaridan
“Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi Adham YUSUPOV tarjimasi.