— Ayol kishi qachon va qanday holatda eridan taloq so'rashi mumkin? O'zini o'zi ham taloq qilsa bo'ladi, deb eshitdim. Shunga aniqlik kiritib bersangiz.
— Hotin kishi erini yoqtirmasa yoki eri unga yomon munosabatda bo'lsa, eridan taloq qilishini so'rashi mumkin. Bu dinimizda xulu' deyiladi. Hulu' – xotinning eriga pul taklif qilish yoki mahrdan bir qismini qaytarib berish evaziga taloq so'rashidir.
Alloh taoloning: “Agar ularning Alloh buyruqlarini bajara olmasliklaridan qo'rqsangiz (eridan taloq olish niyatida) evaz berishida (va erning shu evazni olishida) er-xotin uchun gunoh yo'q” (Baqara surasi, 229-oyat), degan so'zi xulu' mumkin ekaniga dalildir.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Aytdi: “Sobit ibn Qays ibn Shamosning xotini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga keldi va: “Yo Rasululloh, men uning xulqi va dinidan nolimayman. Lekin Islomdagi noshukrligini yomon ko'raman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unga bog'ini qaytarib berasanmi?” dedilar. U ayol: “Ha”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Sobitga: “Bog'ni qabul et va uni bir taloq qil”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bunday holatlarda xotin eridan taloq talab qilishi mumkin. Bu Islom dinining adolatini, ayol va erkakka o'z haq-huquqlarini berishdagi qiymatini ko'rsatadi.
Shariat o'lchovida aqlga sig'adigan sabab bo'lmasa, xotinning eridan taloq so'rashiga ruxsat berilmaydi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Biron sababsiz eridan talog'ini so'ragan ayolga jannatning hidi (ham) harom”, degan so'zlari keltirilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Agar er ayoliga “ixtiyoring o'zingda” yoki “talog'ing qo'lingda”, desa, ayol kishi o'zini taloq qilishi mumkin. Buning tafsilotini bu sohada mutaxassis bo'lgan ahli ilmdan bilib olish kerak bo'ladi.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan anjuman doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Misr Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy, islom olamidagi nufuzli tashkilot Musulmon donishmandlar kengashi Bosh kotibi Muhammad Abdussalom hamda Ozarbayjon diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Ramin Alamshah o‘g‘li Mamedov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik hamda allomalar merosini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda alohida qonun, qaror va maxsus farmonlar qabul qilingani, jamiyatimizda turli diniy konfessiyalar vakillari orasida ahil-inoqlik yanada mustahkamlangani va mo‘min-musulmonlar toat-ibodat qilishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi.
Martabali mehmonlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yil sayin rivoj topib borayotganini ta’kidlashdi. Bugungi murakkab davrda mana shunday xalqaro hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish va anjumanlar tashkil etishning ahamiyati katta ekaniga urg‘u qaratildi.
Uchrashuvda tomonlar ilmiy tadqiqot, diniy ta’lim, zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va diniy soha xodimlari malakasini oshirish kabilarda hamkorlik qilishni kengaytirishga kelishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati