— Men imkon qadar ibodatlarimni pinhona qilishga harakat qilaman, riyo bo'lib qolmasin, deyman. Ko'pchilik ichida ham “men namoz o'qiyman”, deyishga iymanaman. Lekin bir qarindoshim namoz o'qishini ko'pchilik orasida baralla aytadi, ko'p yolg'on so'z aralashtirishi sezilib turadi. Bu gunoh emasmi?
— Ibodatlarning eng afzali maxfiy qilinganidir. Chunki bunday amal riyodan uzoq bo'ladi. Ammo toatni oshkor qilishdan odamlarga yaxshilikni targ'ib qilish, ularga namuna bo'lish niyat qilinsa, bunday amal ham afzal hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Maxfiy qilingan ish oshkora qilingan ishdan afzal, agar oshkora qilingan ish unga ergashishlari uchun qilingan bo'lsa, u afzaldir”, dedilar (Hakim Termiziy rivoyati).
Alloh taolo banda qilayotgan barcha ishlarni ko'rib, bilib turadi. Muhimi, niyat xolis Alloh uchun bo'lsin. Zero, ulamolar: “Odamlar uchun amalni tark qilish riyo va odamlar uchun amal qilish shirk”, deyishgan.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.