Ba'zan “Qur'onni o'pish bid'at, salafi solihlardan bunday qilganlari rivoyat qilinmagan, bunday qilish gunoh” degan so'zlarni eshitib qolamiz. Bu masalaning shar'iy hukmi ne bo'ladi? Haqiqatan ham Qur'onni o'pish bid'at va gunohmi yoki shar'an joiz bo'lgan mandub ishmi?
Hanafiy, shofe'iy, hanbaliy mazhabining jumhur fuqaholari shunday deyishadi: "Mushaf (Qur'on)ni o'pish joizdir. Shofe'iylar esa bu mustahab amal", deb aytishgan.
Misrlik alloma shayx Aliy Juma aytadi: "Ba'zi insonlar Nabiy sollallohu alayhi vasallam Qur'onni o'pmaganlar, bu bid'at bo'ladi, deyishadi. Biz aytamizki, bu noto'g'ri gap. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Qur'onni o'pishlari mumkin bo'lmagan, zotan u zot alayhissalom hayot ekanlarida Qur'on jam qilinmagan edi”.
Baxodir Sharipov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV