frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Vatanni sevish iymondandir!

14.01.2021   12623   12 min.
Vatanni sevish iymondandir!

Vatan mehri avvalo insonning o'z oilasi, uyi, mahallasi hamda tug'ilib o'sgan yurtiga mehr muhabbatdir. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilatlardan ekani ko'p zikr etiladi. Bu haqda “Vatanni sevmoq imondandir”, deyilgan hikmatni esga olish kifoyadir. Vatanni sevish insonga xos tabiiy tuyg'udir.

Vatan (arab. – “ona yurt”) kishilarning o'zi yashab turgan, avlod
va ajdodlari tug'ilib o'sgan, millati shakllangan joy, ijtimoiy muhit, mamlakat. Vatan bir-birini taqozo etuvchi (uy, mahalla, shahar, qishloq, mamlakat kabi) bir qator hududlarni o'zida ifodalaydigan, ijtimoiy muhit va inson, uning hayoti kabi ko'plab ma'naviy tushunchalarni o'z ichiga oladi, avlodlar tug'ilib o'sgan va kamol topgan joy, zamin, o'lkani anglatadi. Shu boisdan Vatan bu – bir zamin, o'lkada yashayotgan kishilarni millati yoki dinidan qat'i nazar, birlashtiruvchi ijtimoiy tushunchadir.

Musulmon mutaffakiri, tarixchi olim, o'z davrida Qohira shahrida shariat oliy qozisi lavozimida ishlagan Ibn Haldun “Vatan – bu insonning tug'ilib o'sgan eri, uning go'daklik chog'idanoq mehr qo'ygan o'chog'idir” deb ta'rif bergan.

Qur'oni karimda bir insonni o'z Vatanidan judo qilish og'ir gunoh sifatida qayd etilishi Islom dinida unga yuksak maqom berilishidan dalolat qiladi: “Eslang, (ey, Isroil avlodi,) sizlardan “Bir-birlaringizning qoningizni to'kmaysiz, o'zlaringizni (bir-birlaringizni) yurtingizdan badarg'a qilmaysiz”, degan ahdingizni olgan edik. So'ngra o'zlaringiz guvohlik berib, uni e'tirof ham etgan edingiz” (“Baqara” surasi, 84-oyat)”.

Mo'min-musulmonlarga Vatanni sevish Muhammad alayhissalomdan meros hisoblanadi. Hazrati Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makka shahridan Madina shahriga chiqib ketayotganlarida to'xtab, orqalariga qarab: “Qanday ham yaxshi shaharsan! Qanday ham menga sevimlisan! Agar qavming meni sendan quvmaganida sendan boshqa joyda yashamas edim”, - deb noilojlikdan Vatanni tark etishga majbur bo'lganlarini izhor etganlar (Imom Termiziy, 3926-hadis).

Imom Buxoriy “al-Jomi' as-Sahih” to'plamida Abu Bakir Siddiq va Bilol ibn Raboh Madina shahrida isitmalab qolib, yurtlarini sog'inchlarini armon bilan bayon qilganliklari, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Madinani Makka kabi mahbub etishni so'rab duo qilganlari haqida hadis rivoyat qilingan.

Ushbu hadis ikki buyuk sahoba Muhammad sallallohu alayhi vasallam yonlarida yurish, vahiylardan bahramand bo'lishga musharraf bo'lishlari barobarida Vatanini sog'inib yashaganlaridan dalolat beradi.

Atoqli olim va adib, ulkan davlat arbobi va sarkardasi, islom mutafakkiri Alixonto'ra Sog'uniy “Vatan va ilm yoki etti yulduz” nomli she'rida quyidagilarni yozgan:

Vatan asli seningdur O'zbekiston,

O'g'izdan qolmish erdi bu guliston.

....

Vatanni do'st tutish iymonidin ermish,

Oningchun Haq rasulidin naql bo'lmish.

Vatanni sevmaganlar bizdan ermas,

Buni kim bilmasa iymonga kirmas.

Vatan inson uchun muqaddas tuyg'u bo'lib, o'z-o'zidan uni sevish va ardoqlashga, jonni fido qilib himoya qilishga loyiq hisoblanadi.

Vatanparvarlik – Vatanga nisbatan sadoqat, unga xizmat qilish, yurt tinchligini asrash, ravnaqi uchun faol bo'lishga undaydigan ijtimoiy, ma'naviy-axloqiy fazilatdir. Uning mazmuni – Vatanga mehr-muhabbatli va sodiq bo'lishdan, yurtning o'tmishi va hoziri uchun faxrlanishdan, mamlakat manfaatlarini himoya qilishga intilishdan iborat. Vatanparvarlik ota-bobolardan meros kolgan zaminni sevish, xalq urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, o'z ona-Vatanini dushmanlardan, yot va begona g'oyalardan himoya kilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslikni nazarda tutadi.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 52-moddasiga ko'ra: “O'zbekiston Respublikasini himoya qilish – O'zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir”. Shuningdek, Bosh Qomusning 49-moddasiga “Fuqarolar O'zbekiston xalqining tarixiy, ma'naviy va madaniy merosini avaylab-asrashga majburdirlar”, deb qayd etilgan.

Vatanni ardoqlash azaldan o'zbek xalqiga xos xususiyat bo'lib kelgan. Qadimda yurt uchun dong'i ketgan Fors qo'shinini mahv etish maqsadida jonini fido qilgan oddiy massaget cho'pon yigiti Shiroq, Malika To'maris va boshqa yuzlab fidoiylar vatanparvarikning yuksak namunasi hisoblanadilar.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabriklarida ta'kidlaganlaridek: “Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va to'qnashuvlar davom etayotgan bir paytda jonajon O'zbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash borasidagi ishlarimizni yanada samarali tashkil etishimiz shart”.

Vatanni sergak qo'riqlaydigan va himoya qiladigan yurt himoyachilari haqida gap ketganda Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Ikki ko'z egasini do'zax otashi kuydirmas. Biri bu, Allohdan qo'rqib yig'lagan, ikkinchisi Alloh yo'lida poyloqchilik qilib (uxlamagan) kishini”, - deb marhamat qilganlarini (Sunani Termiziy, 1639-hadis) qayd etish joiz.

Buyuk ajdodlardan biri, tasavvufning kubroviya ta'limotiga asos solgan Najmiddin Kubro mo'g'ullar istilosi davrida dushman tomondan yashab turgan shahrini tashlab chiqishga ruxsat berilganiga qaramay, lashkarni yovga qarshi jangga boshlab kirish oqibatida qahramonlarcha halok bo'lgan.

Jumhur ulamolar vatanparvarlik oddiy shior yoki his-tuyg'u emas, balki quyidagi xayrli amal va ibratli ishlarda o'z ifodasini topishi lozim ekanini ta'kidlaydilar:

- Vatan haqqiga bor yaxshiliklarni tilab duo qilish;

- jamiyatda ahillikni kuchaytirish yo'lida harakat qilish (silai rahm, qo'shnilarga yaxshilik, o'zaro yordam, bir-birlarga yaxshilikni sog'inish, salbiy axloq va ijtimoiy illatlardan saqlanish va h.k.);

- Vatan salohiyatini oshirish va uni muhofazasi uchun jonkuyarlik qilish (Vatan mulkini avaylab-asrash, uning yuksalishi uchun halol mehnat qilish, o'zini bag'ishlash, bu yo'lda tama' yaqinlashtirmaslik va h.k.);

- Vatan erki, hududi yoki obro'siga qarshi fikriy yoki harbiy hujumga qarshi mudofaada turish.

Ikkinchi jahon urushi davrida 538 mingdan ziyod o'zbekistonliklar Vatan himoyasida mardlarcha halok bo'lgan. 158 mingdan ko'proq hamyurtimiz urushda bedarak ketgan. 200 mingdan ziyod o'zbekistonliklar jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Ulardan 301 nafari Qahramon unvoniga, 70 nafari uchta darajadagi “Slava (Shuhrat)” ordeniga sazovor bo'lgan.

Yuqorida qayd etilganlar vatanparvarlik, yurt himoyasi muhim va muqaddas burch, ulkan savob ekani, shuningdek, bunday fazilatga ega bo'lish musulmonlarning asosiy xususiyatlaridan biri ekanidan dalolat qiladi.

Aksincha, qadimdan o'zbek xalqi vatanfurushlikni qattiq qoralaydi. Bunday harakatlar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin: mamlakat manfaatlariga xiyonat kilish, o'z shaxsiy manfaatlarini ko'zlab iqtisodiy, siyosiy va boshqa josuslik faoliyati bilan shug'ullanish, dushman tomoniga o'tib o'z xalqi, mamlakatiga qarshi kurash olib borish, qo'poruvchilik ishlari bilan shug'ullanish, turli diniy mutaassib va ekstremistik g'oyalar ta'siri ostida oilasi, Vatanidan voz kechish, kindik qoni to'kilgan zaminga nisbatan bo'hton va ig'vo tarqatish va hokazolar.

Vatanfurushlik zaminida moddiy, siyosiy yoki boshqa ko'rinishdagi shaxsiy manfaatlar yotadi. Tarix dalolat beradiki, vatanfurushlar hamma vaqt o'z yurti va xalqining nafratiga duchor bo'lgan.

Islom ta'limotida Vatanga xiyonat qattiq qoralanadi. Hadisi sharifda aytiladi: “Ibn Umarraziyallohu anhurivoyat qiladilar: “Men Rasulullohsallallohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkor uchun bu dunyoda qilgan xoinligi uchun sharmisor qiluvchi bayroq o'rnatib qo'yiladi”, deb aytganlarini eshitdim” (Imom Buxoriy, 3188-hadis).

Islom tarixida “Handaq jangi” nomi bilan mashhur bo'lgan jang vaqtida Madina shahriga bostirib kelgan makkaliklar etakchiligidagi ittifoqchi qo'shinga Madina shahrida yashab, yashirincha xayrixohlik ko'rsatgan va zimdan yordam bergan qabilalarga nisbatan Muhammad sallallohu alayhi vasallam qattiq jazo berganlar. Ularning rahbarlari qatl etilgan, ergashganlari Madina shahridan badarg'a etilgan. Demak, Vatanga xoinlikni hech qanday diniy va dunyoviy qonun yoki ta'limot oqlamaydi. Ona Vatan hech qachon sotilmaydi va unga xiyonat qilinmaydi.

Hech shubhasiz, barchamiz birgalikda Ona Vatanimizda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, uni asrab-avaylash, himoya qilish kabi fuqarolik burchimizni astoydil, chin yurakdan bajarish, mehr-muhabbat, sadoqat va fidoyilik, mustahkam irodamiz, dinu diyonatimiz bilan oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda barqarorlik va sog'lom muhitni mustahkamlab, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini ta'minlaymiz.

Shunday ekan, ona-Vatanimiz bo'lmish O'zbekistonni gullab yashnashiga, yurtimiz tinch-osuda bo'lishiga barcha shu yurtda, shu zaminda yashayotgan har bir inson o'z hissasini qo'shishi kerak.

 

O'tkir HASANBAYeV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Manbalar:

  1. O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti. https://president.uz/uz/lists/view/4078
  2. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning buyuk G'alabaning 75 yilligi hamda Hotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqi. O'zA sayti, 09.05.2020 y., uza.uz/oz/politics/zbekiston-respublikasi-prezidenti-shavkat-mirziyeevning-buyu-09-05-2020.
  3. O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. –T.: “O'zbekiston” NMIU, 2017, 2018. – 17,18 b.
  4. Qur'oni karim: ma'nolarining tarjima va tafsiri / O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti; tarjima va tafsir muallifi: Abdulaziz Mansur. – T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2012. – 13 b.
  5. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihi Buxoriy: Al-jomi' as-sahih (Ishonarli to'plam). 2-kitob. 1-kitob. 3188-hadis. – T.: “O'zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2008. – 563 b.
  6. Imom Abu Iso At-Termiziy. Sunani Termiziy. – Bayrut: Doru ihyo at-turosul arabiy nashriyoti, 2000 y. 4-juz. – 93-b.
  7. Imom Abu Iso At-Termiziy. – Bayrut: Doru ihyo at-turosul arabiy nashriyoti, 2000. 5-juz, 3926-hadis. – 723-b.
  8. Milliy g'oya: targ'ibot texnologiyalari va atamalar lug'ati. – T.: “Akademiya”, 2007. – 108-109, 111-112 b.
  9. Islom ma'rifati: asliyat va talqin./O'quv qo'llanma/. – T.: Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2011. – 16-18, 20-21-b.
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   18808   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar