Bashariyat o'z erini undagi narsalari bilan, garchi u hech kim yashamaydigan cho'l bolsa ham yaxshi ko'raveradi. Vatanni sevish – yurakka singib ketgan, insonni unda bo'lganida xotirjam, yiroq ketganida talpinadigan, hujum qilganida asraydigan va kamsitilganida g'azablanadigan qilib qo'yuvchi tuyg'udir. Qur'oni karimda Vatan so'zi (o'rin, joy ma'nosida) bir erda kelgan:
لقد نصركم الله في مواطن كثيرة
“Batahqiq Alloh sizlarga ko'p joylarda nusrat berdi.”(Tavba surasi, 25-oyat).
To'g'ri, bu so'z biz o'rganayotgan vatan ma'nosini to'liq anglatmaydi. Biroq, Qur'oni karimda Vatan haqida biror og'iz so'z aytilmagan ekan deyish noto'g'ri. Chunki Kalomi sharifda insonning turar manzili – Vatanini: hovli, qishloq, shahar, diyor va er ko'rinishida zikr qilgan. Inson dunyoga kelarkan mana shu joylarda beshak qo'nim topib, ularni Vatan tutib hayot kechiradi.
Vatan arabcha bo'lgani uchun uning asl ma'nosini bilishda mo''tabar arab lug'atlari hamda zamonaviy qomuslarga murojaat qildik. Va barchasida bir xil ma'no kelganiga guvoh bo'ldik. Vatan so'zi: Insonning hox u erda tug'ilgan yoki tug'ilmagan bo'lsin istiqomat qiladigan va maskan tutgan eri sifatida ifodalangan. Vatan so'zining iste'lohdagi ma'nosi: Bir jamoa insonlar uning fuqaroligini olib, hox u erda tug'ilgan yoki tug'ilmagan bo'lsin, unga mansub bo'lib, mustaqil, jamoaviy tarzda yashaydigan, o'z chegarasiga ega Davlatga Vatan deb aytiladi.
Shunday ulug' va qadrli maskanni sevish hamda, uning tinchligini asrab himoya qilish har birimizning burchimizdir.
Bu ishimiz ham besamar qolmaydi.
عن عبد الله بن عباس رضي الله عنه قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: (عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ الله، وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ الله) رواه الترمذي
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Ikki ko'zni hargiz (do'zax) o't tutmaydi— Alloh taolodan qo'rqib yig'lagan ko'z va Alloh taoloning yo'lida musulmonlarni qo'riqlab, tong ottirgan ko'z", deganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).
عن ابن عمر رضي الله عنهما: أن النبي صلى الله عليه و سلم قال: (ألا أنبئكم بليلة أفضل من ليلة القدر حارس حرس في أرض خوف لعله أن لا يرجع إلى أهله).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarga Laylatul qadrdan afzal kecha haqida xabar beraymi? —U ahliga qaytmaslik ehtimoli bor, xavf erida posbonlik qilgan qo'riqchidir", dedilar (Imom Hokim “Mustadrok”da rivoyat qilgan).
عن أبي هريرة رضي الله عنه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: “موقف ساعة في سبيل الله خير من قيام ليلة القدر عند الحجر الأسود”. أخرجه ابن حبان وغيره،
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taoloning yo'lida biroz turish, Hajarul asvadning yonida Laylatul qadrni qoim qilishdan afzaldir", dedilar (Ibn Hibbon va boshqalar rivoyat qilgan).
Musulmonlarning qonlari, yurtlari va mol-jonlarini saqlash uchun uxlamay tong ottirgan kishiga shunday yuksak daraja berilar ekan. Laylatul qadr kechasini qoim qilib, uxlamay bedor o'tkazsa beriladigan foyda o'sha odamning o'ziga bo'ladi. Agar u hajarul asvadning yonida bo'lsachi.
Buni ko'ring-da! Laylatul qadr qanday ulug' kecha? Lekin, jamiyatning xizmati, tinchlik, omonlik yo'lida bedor o'tkazgan kecha Laylatul qadrdan ham afzal hisoblanar ekan. Mana shu yuqoridagi hadislarning dalili e'tiboridan Vatan himoyasi qanday ulug' amal ekanini bilib oldik!
MuhammadYunusMuhammadMusoo'g'li,
Mir Arab Oliy madrasa talabasi.
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati