O'zbekiston aholisining katta qismini islom diniga e'tiqod qiluvchi yurtdoshlarimiz tashkil etadi. Bank Axborot xizmati bildirishicha, bu esa mamlakatda islom moliya sohasini jadal rivojlantirish imkonini beradi. Muhimi, bu borada amaliy-sa'y-harakatlar boshlangan.
Mana, endi aktsiyadorlik tijorat Halq banki ham ana shu qizg'in jarayonning faol ishtirokchisiga aylandi. Ya'ni Hususiy sektorni rivojlantirish bo'yicha Islom korporatsiyasi (ICD) bilan istiqbolli shartnomani imzoladi. Unga muvofiq, bankda shar'iy tamoyillar asosida faoliyat yuritadigan “Islomiy darcha” ochilishi rejalashtirilmoqda.
— Mazkur xayrli tashabbus natijasi, birinchi navbatda, musulmon yurtdoshlarimiz uchun keng imkoniyat va qulayliklar yaratadi, — deydi Halq banki Boshqaruvi Raisi Farhod Salamov. — Qolaversa, bundan bankimiz ham katta manfaat ko'rishi, shubhasiz. Ezgu niyatlar bilan boshlayotgan ishimiz kelajakda kutilgan natijalarni berishiga ishonchim komil. Negaki, Hususiy sektorni rivojlantirish bo'yicha Islom korporatsiyasi — uzoq yillik moliyaviy hamkorimiz va vaqt sinovidan o'tgan ishonchli sherigimizdir.
— Islom moyaliyasining asosiy maqsadlaridan biri, bu real iqtisodiyotga ijobiy ta'sir qilish va uning o'sishini ta'minlashdan iborat, — deydi Hususiy sektorni rivojlantirish bo'yicha Islom korporatsiyasi Bosh direktori Ayman Sedjini. — Shu maqsadda Halq banki bilan hamkorlikda “Islomiy darcha” ochishni maqsad qildik. Albatta, bu kelishuviz mamlakatda bank xizmatlaridan foydalanmayotgan mijozlar uchun ham qo'l keladi. Chunki, bu “Islomiy darcha”ni ochish orqali mijozlarga va jismoniy shaxslarga ularning e'tiqodidan kelib chiqqan holda muqobil moliyaviy xizmat turlarini taklif qilish hamda ularning moliyaviy ehtiyojlarini qondirish mumkin bo'ladi.
Onlayn muloqot yakunida Halq banki Boshqaruvi Raisi hamda Islom korporatsiyasi Bosh direktori tomonidan “Islomiy darcha” ochish yuzasidan shartnoma imzolandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Do‘stingiz sizga ayblaringizni aytishi, siz esa hushyor tortib, o‘zingizni o‘nglab olishingiz naqadar go‘zal!
Shu sabab Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Ayblarimni ko‘rsatib qo‘ygan kishiga Alloh rahm qilsin”, degan edilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Har gal ko‘rishganingizda sizdan bir ayb topadigan birodaringiz, har safargi uchrashuvda qo‘lingizga bitta tillo tanga qistirib qo‘yadigan birodardan ko‘ra yaxshiroqdir”.
Darhaqiqat, ayblaringizni ko‘rsatib qo‘yadigan kishi sizni hadya va mol-dunyoga ko‘mib tashlaydigan kishidan yaxshiroqdir.
Hotamul Asom aytadi: “Birodaringda birorta ayb ko‘rsang-u, uni berkitib, indamay qo‘yaverasang, shubhasiz, unga xiyonat qilibsan. Mabodo o‘zidan boshqaga aytadigan bo‘lsang, u holda g‘iybat qilibsan. Uning bu aybini yuziga solsang, do‘stligingni buzibsan. Shuning uchun ham unga yumshoqlik ila nasihat qil. Unga aybi nimada ekanini tushuntir. Biroq bu ishlarni odamlarning oldida qila ko‘rma!”.
Imom Shofe’iy aytadilar: “Birodariga maxfiy tarzda pand-nasihat qilgan kishi haqiqiy ma’noda nasihat qilibdi va uning obro‘sini saqlabdi. Kim birodariga oshkora (odamlarning oldida) nasihat qilsa, uni sharmanda qilibdi va obro‘sini to‘kibdi”.
Shoir aytadi:
Yolg‘iz paytim yomg‘ir ayla nasihating,
Olamonda aslo bunday qila ko‘rma!
Koyishdir ul jamoatda pand aytganing,
Quloq osmoqqa men hech rozi bo‘lmam!
Leonardo da Vinchi bunday degan: “Do‘stingga maxfiy holda tanbeh beravergin, biroq boshqalarning oldida uni maqtab qo‘y”.
Birodaringizning obro‘sini saqlang, zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim bir birodarining obro‘sini himoya qilsa, Alloh taolo qiyomat kuni o‘sha kishidan jahannam azobini daf qiladi” .
O‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladiki, do‘stingizdan ayrilmaslik uchun uning ba’zi kamchiliklarini kechirishingizga to‘g‘ri keladi.
Shoirlardan biri shunday degan edi:
Do‘stsiz yashamoqdan xavfsirab doim,
Yumib o‘taman kamu ko‘stiga ko‘zim.
Xolid ibn Safvondan “Birodarlaringiz orasida qay biri sizga mahbubroq?” – deb so‘rashganida, u kishi: “Qoqilishimni kechiradigan, kamchiliklarimni qabul qiladigan va xatolarimni berkitadigani”, deb javob bergan ekan.
Suqrot aytadi: “Do‘sting uchun o‘zingni qurbon qilishing juda ham oson, biroq bu qurbonlikka tom ma’noda haqli bo‘lgan do‘stni topish anchayin mashaqqatdir”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.