frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Janoza namozining o'qish tartibi

14.01.2021   104945   2 min.
Janoza namozining o'qish tartibi

Janoza namozi to'rt takbirdan iborat bo'lib, uni o'qish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  1. Janoza namozini o'qishga niyat qilinadi.

 

  1. Jamoat imomi “Allohu akbar” deb takbir aytgach, boshqalar ham ichida “Allohu akbar” deb aytib qo'lni quloqlarning yumshoq erigacha ko'taradi va qo'llarini bog'laydi.

 

  1. Qo'llar qovushtirilgach “Sano” duosi o'qiladi:

Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta'ala jadduka va la ilaha g'oyruk.

 

  1. Sano duosidan so'ng imom ikkinchi takbirni aytadi. Bunda qo'llar ko'tarilmaydi va tananing boshqa a'zolari ham o'z holida turadi.

Eslatma! Ba'zi bir kishilarning takbir vaqtida, ya'ni imom “Allohu akbar” deb aytganda osmonga qarash holati ko'zatiladi. Bunday qilish nojoizdir.

 

  1. Ikkinchi takbirni aytgach, quyidagi salavot aytiladi: Allohumma solli 'ala Muhammad va 'alaa aali Muhammad, kamaa sollayta 'ala Ibrohiyma va 'alaa aali Ibrohiym, innaka hamiydum majiyd.

Allohumma baarik 'alaa Muhammad va 'alaa aali Muhammad, kamaa baarokta 'alaa Ibrohiyma va 'alaa aali Ibrohiym, innaka hamiydum majiyd.

 

  1. Salavotdan keyin uchinchi takbir aytiladi. Uchinchi takbirdan keyin mayyit haqqiga quyidagi duo o'qiladi:

Allohumma mag'fir lihayyinaa va mayyitinaa va shaahidinaa va g'oibinaa va sog'iyrinaa va kabiyrinaa va zakarinaa va unsaanaa. Allohumma man ahyayta huva minnaa fa ahyihi 'alal Islaam va man tavaffayta huva minnaa fatavaffahu 'alal iymaan.

Ma'nosi: Allohim, bizning tiriklarimiz va mayyitlarimiz, hozirlarimiz va g'oiblarimiz, kichiklarimiz va kattalarimiz, erkaklarimiz va ayollarimizni mag'firat qilgin!

Allohim, Sen bizlardan kimni yashatadigan bo'lsang, uni Islomda yashatgin. Bizlardan kimni vafot ettirsang, uni imonda vafot ettir.

 

  1. Mayyit haqqiga duo qilingach to'rtinchi takbir aytiladi To'rtinchi takbirdan keyin duo qilinmasdan, ikki yonga salom beriladi.

Balog'atga etmagan bolalarga yoki majnunlarga janoza namozi o'qilganda ularning gunohlari kechirilishi so'ralmaydi. Sababi ular gunohsizdirlar. Ularga quyidagi duo o'qiladi:

Allohumma, a'izhu min 'azaabil qobr.

Ma'nosi: Allohim, uni qabr azobidan saqlagin.

 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Majlislar omonatdir

06.08.2026   10466   4 min.
Majlislar omonatdir

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:

« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »

 

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.

 

Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.

 

“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.

 

Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.

 

“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.

 

“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.

 

“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.

 

Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?

 

Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.

 

Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.

 

Manbalar asosida

T.NIZOM tayyorladi.

Maqolalar