frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Abu Hanifaning eng mashhur shogirdlari

11.01.2021   4099   11 min.
Abu Hanifaning eng mashhur shogirdlari

ABU YuSUF 

U kishi mashhur sahobiy Sa'd ibn Habtaning avlodlaridan bo'lib, ismlari Yaqub ibn Ibrahim ibn Hunays ibn Sa'd al–Ansoriydir. 112-hijriyda tug'ildilar. O'spirinlik vaqtlaridan hadis rivoyat qilish bilan shug'ullandilar va hadislarni Hishom ibn Urva, Abu Ishoq ash-Shayboniy, Ato ibn Soib va ularning tabaqasidan bo'lgan kishilardan rivoyat qildilar. Fiqhni avval Ibn Abu Laylodan, so'ngra Abu Hanifadan oldilar. U kishi Abu Hanifaning eng katta shogirdi va eng yaxshi yordamchilari edilar. Abu Hanifa ham Abu Yusufga ta'lim berayotgan vaqtlarida ota-onalarining faqirliklari uchun u kishining ko'ngillarini ko'tarib turar edilar. Agar Abu Hanifa bo'lmaganlarida u kishi ta'lim ololmagan bo'lar edilar. Abu Yusuf ham faqih, ham olim, ham hofiz edilar. Talha ibn Muhammad "Tarixul quzot" nomli kitoblarida shunday deydilar: "Abu Yusuf o'z asrining eng kuchli faqihi edilar. Birorta ham kishi u zotni oldilariga tushgan emas. U kishi ilmda, hukmda, rayosatda va qadrda eng yuqori o'rinda edilar. Ishlari mashhur, fazilatlari zohir edi".

Ibn Abdulbar aytadilar: "Abu Yusuf bir eshitishda ellikta hadisni yodlab olar edilar, so'ngra o'rinlaridan turib, uni odamlarga yozdirar edilar. U kishi juda ko'p hadis yod olgan edilar, lekin u kishiga Abu Hanifaning ra'ylari juda ham singib ketgan edi”.

U  kishi birinchi bo'lib o'z mazhablarida kitob yozdilar va ilmlarini er yuzining barcha joyida tarqatdilar. Abu Hanifaning mazhablarini qo'llab-quvvatlashda va uni abadiylashtirishda u kishi katta rol o'ynadilar. Darhaqiqat, u kishi Abbosiylar davlatining qozilarining qozisi mansabiga tayinlanganlaridan va davlatning barcha viloyatlariga qozi tayinlashlik huquqi u kishining qo'llariga berilganidan u kishi faqat hanafiy mazhabiga mansub kishilarnigina qozilik lavozimiga tayinlar edilar. Bu esa mazhabning tarqalishi va qo'llab-quvvatlanishi demakdir. U kishi birinchi bo'lib ushbu yuqori darajadagi mansabga ega bo'lgan kishidirlar. Abu Yusuf uchta xalifaning davrida qozilik qilganlar va qozilarni tayinlaganlar, ular: Mahdiy, Hodiy va u kishini juda ham hurmat qiladigan Horun ar-Rashiddir. Aytishlaricha Abu Yusuf birinchi bo'lib olimlar uchun xos libos tayin qilganlar, undan oldin olimlarning barchalari har xil kiyimda yurishar edi.

Abu Yusuf ijtihodda va fiqhda katta kuchga va nufuzga ega edilar. Bir  kuni u kishidan ustozlari A'mash bir masala haqida so'ragan edilar, u kishi javob berdilar. Shunda u kishidan: "Sen bunga javobni qayerdan olding? - deb so'radilar. O'zingiz menga aytib bergan hadisingizdan, dedilar Abu Yusuf va hadisni yozib berdilar. Shunda ustozlari: "Men bu hadisni ota-onang bir-birlari bilan topishishlaridan oldin yodlagan edim, lekin buning ma'nosini mana endi tushuңdim”, dedilar. U kishini bilgan ilmlari orasida eng ulug'i fiqh edi. U kishi tafsirni, Rasulullohning g'azotlarini, arablarning kundalik hayotlarini va boshqa ilmlarni ham bilar edilar. Abu Hanifaning shogirdlarining ichida u kishiga o'xshagani bo'lgan emas.

Abu Yusuf Imom Molikning oldilariga borganlar. U kishi bilan ko'pgina masalalar ustida munozara qilganlaridan keyin, u kishidan ilm ola boshlaganlar. So'ngra Iroqqa qaytib kelganlar. U kishi Hijozliklarni ilmidan ko'pgina foyda olganlar. Abu Yusuf birinchi bo'lib, ikki mazhabni bir-biriga yaqinlashtirganlar va iroqliklar bilan hijozliklar o'rtalaridagi kelishmovchilikka chek qo'yganlar. Ahli hadislar u kishini muhaddislar qatoriga qo'shganlar va u kishiga tasannolar aytganlar. Ibn Ma'in aytadilar: “Ra'y egalari (ya'ni, o'sha vaqtda Iroq, Ko'fa va shu kabi shaharlarda yashagan, xususan Hanafiy mazhab olimlariga “ra'y egalari” deyilar edi) orasida Abu Yusufdan ko'ra ko'proq hadis yodlagan va aytgan hadisiga ishonsa bo'ladigan kishi yo'q”. Yana shunday deganlar: “Abu Yusuf hadis egasi va sunnat egasidir”. Ibn Ma'in, Ahmad ibn Hanbal va Aliy ibn Madiniy Abu Yusufni hadis borasida “siqa” (ishonchli kishi) ekanliklariga ittifoq qilishgan. Ibn Jarir Tabariy aytadilar “Abu Yusuf ra'yga berilganliklari bilan bir qatorda qozilik mansabida o'tirganliklari uchun bir toifa kishilar u kishining hadislarini olishmas edi”

U kishi 166 hijriyda qozilikka saylandilar va 183 hijriyda vafot etganlar. To vafotlariga qadar shu mansabda turdilar. U kishining yozgan kitoblaridan faqatgina “Hiroj” risolasi qolgan. 

Muhammad ibn Hasan Ash-Shayboniy

U kishi Muhammad Ibn Hasan ibn Farqad Ash-Shayboniydirlar. Abu Hasan aslida Shomdan bo'lib, Iroqqa ko'chib kelgan. U erda 131 hijriyda Vosit degan joyda Muhammad dunyoga keldilar va Ko'fada o'sib ulg'aydilar. U erda hadis ilmini o'rgandilar va hadislarni Mas'ar, Molik, Avzo'iy va Sauriylardan tingladilar. Abu Hanifaga shogird bo'ldilar va fiqhni u kishidan o'rgandilar. Abu Hanifa bilan ko'p vaqt birga bo'la olmadilar, chunki Abu Hanifa u kishi endigina ilm ola boshlaganlarida vafot qildilar. So'ngra ilmni Abu Yusufdan oldilar. U kishi aql va zakovat sohibi edilar. Shuning uchun ilmda yuqori martabalarga erishdilar. Hattoki Abu Yusuf hayotlik davrlaridayoq Hanafiy mazhabidagi kishilar u kishiga murojaat qiladigan bo'lishdi. Oqibatda ikkovlari o'rtasida kelishmovchilik paydo bo'ldi. Kelishmovchilik Abu Yusuf vafot qilgunlaricha davom etdi.

Muhammad Madinaga ham borganlar. U erda Imom Molikdan dars olganlar. Muvattoda ularning xos rivoyatlari ham bor. Bag'dodda Shofe'iy bilan uchrashdilar va u kishining kitoblarini o'qidilar. U kishi bilan ko'pgina masalalarda munozara qildilar. Shofe'iyning kitoblarida o'rtalarida bo'lib o'tgan qimmatli munozaralar bayon qilingan. Imom Muhammadning Molik bilan uchrashganlari va Shofe'iy bilan bo'lib o'tgan munozaralari u kishining ijtihodlariga va hukmlarni istinbot qilib olishlariga sezilarli darajada ta'sir qildi.

U kishi odamlar orasida Allohning kitobini eng bilimdoni, arab ilmlari va hisob ilmining mohiri edilar. Abu Ubayd aytadilar: “Men Allohning kitobi bo'yicha Muhammad ibn Hasandan ko'ra bilimdonroq kishini ko'rmadim”. Shofe'iy aytadilar: “Men Muhammaddan bitta tuyaga yuk bo'ladigan ilm oldim va bu kishichalik engil harakat qiladigan semiz kishini ko'rmadim. U o'z kitoblari orqali Abu Hanifaning ilmini tarqatgan kishidir”. Imom Ahmadga: “Bu aniq masalalarni siz qayerdan oldingiz?” – deb so'rashganda, u kishi: “Muhammadning kitoblaridan”, deb javob berdilar.

U kishidan ilm olib faqih bo'lib etishganlardan: Abu Hafs Kabir, Abu Sulaymon Juzjoniy, Muso ibn Nosir Roziy, Muhammad ibn Sammo'a, Iso ibn Abon, Muhammad ibn Muqotil va boshqalardir. U kishining yozgan kitoblari juda ko'p bo'lib, ularning soni to'qqiz yuz to'qsontagacha etadi va ularning barchasi diniy ilmlar haqidadir. Hanafiylar mazhabda Muhammad ibn Hasanning kitoblariga suyanadilar. Horun ar-Rashid u kishini qozilikka tayinlaganlar va u kishi bilan Hurosonga birga safar ham qilganlar. U kishi 189 hijriyda Ray shahrida vafot etganlar va o'sha erda dafn qilinganlar. 

ABU HANIFANING ShOGIRDLARINI U KIShINING FIQHIGA KO'RSATGAN TA_''SIRLARI 

Yuqorida nomlari zikr qilingan kishilar Abu Hanifaning mazhablarini tarqatgan, u kishining aytgan gaplarini kitoblarga bitgan va u kishiga juda ham ko'p ko'mak bergan kishilardir. Ular fiqh masalalarini tuzishda va ularga javob berishda katta mavqe' egallaganlar. Ular Abu Hanifaga nisbatan taqlid qiluvchi bo'lmaganlar, balki u kishining o'quvchilari bo'lganlar. Shu bilan birga ular mustaqil tarzda fatvo yozganlar. Ular Abu Hanifa bergan fatvo bilan to'xtab qolmaganlar, balki ba'zi holatlarda u kishining fatvolariga xilof tarzda ham fatvolar berishgan. Abu Yusuf va Imom Muhammad Hijoz imomlaridagi ba'zi rivoyatlardan ogoh bo'lganlaridan keyin Abu Hanifaning ko'pgina ra'ylaridan qaytdilar. Ular Abu Hanifaga ergashgan mujtahidlardir. Chunki ular ijtihodda va fatvo berishda Abu Hanifa yurgan yo'ldan yurdilar va u kishining qoidalariga suyandilar.

Abu Yusuf va Muhammadning Abu Hanifaga bo'lgan nisbati Shofe'iyning  Molikka yoki Ibn Hanbalning Shofe'iyga bo'lgan nisbatiga o'xshash emas. Chunki to'rt imomning har birlarini istinbot qilishda o'z yo'l yo'riqlari bor, bu yo'l-yo'riqlar bir-biridan farq qiladi. Bu imomlarning birlari ikkinchilarining yo'lini tutgan emaslar. Bunga sabab ularning har birlarini asarni o'z ijtihodlari ila tushunishlaridir. Oqibatda birlari qiyosni olsalar, ikkinchilari istehsonni oladilar, uchinchilari nazdida  asar kuchliroq bo'lishi mumkin va hakazo.

Ammo, Abu Yusuf va Muhammad esa, Abu Hanifaning yo'llarini mahkam tutganlar. Albatta, ba'zi far'iy masalalarda u kishiga xilofan fatvo bergan joylari ham mavjud.

HANAFIY MAZHABIDAGI FIQH MASALALARI 

Hanafiy mazhabidagi fiqh masalalari uch qismga bo'linadi:

  1. Asliy masalalar.
  2. Nodir masalalar.
  3. Fatvolar.

Birinchi qism – asliy masalalar. Ular rivoyatlarning zohiri deb nomlanadigan masalalardir. Bular Abu Hanifadan va u kishining shogirdlari, masalan, Abu Yusuf, Muhammad, Zufar va boshqa kishilardan rivoyat qilingan masalalardir. Lekin bu masalalarning aksari Abu Hanifa  va u kishining ikki shogirdi Abu Yusuf va Muhammad yoki ikkalaridan birlarining gaplaridan iboratdir. Abu Hanifaning shogirdlaridan birlari bo'lmish Muhammad ibn Hasan Asliy masalalarni “Rivoyatlarning zohiri”, deb nomlanmish oltita kitobga jam qilganlar.

Ikkinchi qism – nodir masalalar. Ular  “Rivoyatlarning zohiri” kitobida keltirilmagan Abu Hanifadan va u kishining shogirdlaridan rivoyat qilingan masalalaridir.

Uchinchi qism – Fatvolar. Ular mutaaxxir Hanafiy mujtahidlarining Abu Hanifa va u kishining shogirdlaridan rivoyat qilinmagan masalalarda o'z mazhablaridan kelib chiqqan holatda bergan fatvolaridir. Hanafiy mazhabi bo'yicha tanilgan birinchi fatvo kitobi Abu Lays Samarqandiyning “Kitobun-navozil” kitobidir.

 

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o'rinbosari

Homidjon Ishmatbekov

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   55662   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati