Ba'zilar dinni faqatgina badaniy ibodatdan iborat deb o'ylashadi. Holbuki, din ilm va ibodatdir. Ilmsiz din falokatdir.
O'ylab ko'ring, bir paytlar shunday kishilar chiqdiki, sahobalar ularning qilgan amallari oldida o'z amallarini oz hisoblab qolishdi. Ammo u kishilarda ibodat bo'lsada anglash yo'q edi, fiqh yo'q edi, ilm yo'q edi. Oqibat shu bo'ldiki, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so'ng bashariyatning eng gultojlari bo'lgan sahobalar roziyallohu anhumga qarshi qilich ko'tarishdi.
Imom Molik rohimahulloh aytadilar: “Bir qavm ibodatni istashdi, ilmni zoye qilishdi. Oqibatda Muhammad alayhissalomning ummatiga qilich yalang'ochlab qarshi chiqishdi. Agar ular ilm olishganida ilm ularni bundan to'sgan bo'lar edi!”.
Hasan Basriy rohimahulloh aytadilar: “Ilmsiz amal qiladigan kishi islohdan ko'ra ko'proq fasod qiladi. Ilmni shunday talab qilingki, ibodatga zarar etmasin. Ibodatni shunday qilingki, ilmga zarar etmasin!”.
Ibodatning ko'pi ilmdan behojat qilmaydi. Din va dunyoni tushunish albatta ilmdadir!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Olimning obiddan afzalligi xuddi to'lin oyning boshqa yulduzlardan afzalligi kabidir”, deydilar.
Bugun ham musulmon ummatini qoni to'kilishida dinsizlar bilan bir qatorda ilmsiz musulmonlarning, aqidasi buzuq obidlarning ham yaxshigina hissasi bor. Zero, bir musulmonning nohaqdan qoni to'kilganidan, Alloh uchun bu dunyoning yo'q bo'lib ketishi engilroqdir!
Abdulqodir Polvonov
Er-xotin uzoq vaqt birga hayot kechirishdi. Turmushlariga 30 yil to‘lgan kuni ayol ertalabki nonushta uchun non pishirdi. Aslida u bu ishini har doim qilardi. Ayol odatiga ko‘ra eriga nonning tepa qismini bermoqchi bo‘ldi. Biroz o‘ylanib turdi-da: “Bugun bir marta nonning tepa qismini o‘zimga olib, tag qismini erimga beraman. 30 yil mobaynida nonning tepa qismini yegim keldi. Endi bir marta odatga xilof qilsam bo‘lar”, deb o‘yladi. Eriga nonning tag qismini uzatdi. Erining nonning tag qismini olishi bilan quvonib ketdi: “Bugun qanday ham zo‘r sovg‘a berding. Men o‘zi yoshligimdan nonning tagini yeyishni yaxshi ko‘raman. Lekin menga ustini berganing uchun sen ham tag qismini yaxshi ko‘rsang kerak, deb doim tepa qismini yerdim”, dedi.
Xulosa shuki, birgalikdagi hayot davomida bir-birini avaylash, o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani boshqaga ham ilinish juda go‘zal fazilatdir.
Ramazon oyida saharlik va iftorlik paytlari shirin taomlar tayyorlab berayotgan onalarimiz, jufti halollarimizning haqlariga duo qilaylik. Tarovihlar, xatmlar so‘ngida o‘zimizga tilagan tilaklarni ularga ham ilinaylik! Zero, o‘ziga ravo ko‘rganini boshqaga ham ravo ko‘rmaguncha iymonimiz komil bo‘lmasligi haqida hadisi sharif bor.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha komil mo‘min bo‘la olmaydi”, dedilar» (Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan).
Akbarshoh Rasulov