Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446

Hojatxona qurib, foyda olish mumkinmi?

06.01.2021   2120   2 min.
Hojatxona qurib, foyda olish mumkinmi?

Savol: Assalomu alaykum, hurmatli ustoz, odamlar ko'p to'planadigan joylarda tijorat maqsadida hojatxona ochsa bo'ladimi? Undan tushgan pulning hukmi qanday?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Va alaykum assalom. Avvalo, sizga juda muhim masalalardan birini ko'targaningiz uchun alohida tashakkur bildiramiz. Chindan ham, bugungi kunda insonlar uchun hojatxona qurib, ishga tushirish hayot zaruratlaridan biriga aylandi. Bu ish savobli amal bo'lish bilan birga, atrof-muhit tozaligiga ham hissa qo'shish bo'ladi. Shu bois imkoniyati bor kishilar bu ishni qilishi kerak.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo'mindan bir dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishining ishini engillatsa, Alloh taolo unga dunyoyu oxiratda engillik beradi...”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ushbu xayrli ishni qilgan odam qanchadan-qancha insonlarga qulaylik yaratadi. Ayniqsa, bu masalada ayollarga yordam berish juda katta noqulaylikdan xalos etishi ayni haqiqatdir.

Masalaning yana bir eng muhim jihati, juda ko'p odamlar barcha sharoitlarga ega bo'lgan hojatxonalar borligi sabab safar yoki muqimlikda kundalik ibodatlarini qazo qilmay ado etishga muvaffaq bo'lishmoqda. Demak, ibodat qilishga sharoit paydo qilayotganlar ko'plab insonlarning ibodati savobiga sherik bo'lishmoqda.

Ushbu xayrli ish insonlar uchun birinchi darajali zaruratlardan bo'lgani uchun sarmoyasi bor yurtdoshlarimizga quyidagi maslahatni beramiz: Insonlar gavjum joylarda barcha qulayliklari (issiq va sovuq suv, tahorat olish imkoniyati) bor hojatxona qurib, unga zarur bo'lgan xodim biriktirsin. Uning ehtiyojiga yarasha oylik va hojatxona faoliyati uchun zarur vositalar (qog'oz va boshqa narsalar, kommunal to'lov va ta'mir ishlari) miqdoriga yarasha narx qo'yib ishga tushirsa, dinimizda to'xtovsiz savobi etib turadigan amallardan birini qilgan bo'ladi. Vallohu a'lam.

 

Saidjamol MASAYITOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Halqaro aloqalar bo'limi etakchi mutaxassisi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

HAMDARDLIK BILDIRAMIZ

06.06.2025   19713   1 min.
HAMDARDLIK BILDIRAMIZ

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.

Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.

Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
 

Yangiliklar