SAVOL: Bir kishining iymon keltirishiga sabab bo'lish minglab fayz va zavqdan ustunroqmi?
Javob: Bir inson ikkinchi bir insonning iymon keltirishiga sabab bo'lsa, uning topgan savoblari qadar savob, unga sabab bo'lgan kishining ham nomai a'moliga yoziladi. Bu juda yaxshi. Kishining faqat o'zi uchun intilmay, o'zgalarni ham haq yo'liga boshlashi ulug'larimizning bizga amridir. Bu faoliyatni «xizmat» deb ataymiz. Musulmonlarning iymon keltirishlari, islomni o'rganishlari, moddiy va ma'naviy qiyinchiliklarni engishlari yo'lida xizmat qilish savobli ishdir. Tasavvufiy nuqtai nazardan shunday deymiz. Faqat buni tasavvufga qarshi bir muddao sifatida o'rtaga qo'yish xato, shaytoniy bir ishdir. Ya'ni:
– Sen mutasavvif bo'lma!
– E, nima uchun?
– Boshqalarning imon keltirishlari uchun harakat qil!
– Bunday narsa yo'q! Inson nima uchun mutasavvif bo'ladi? Yaxshi musulmon bo'lish uchun... Nimaga tasavvuf yo'liga kiradi? Taqvo sohibi bo'lib, qalbini nurlantirib, go'zal ahloqli musulmon bo'lishi uchun... Yaxshi musulmon boshqa musulmonlar uchun yanada foydali ishlar qiladi. Tarix davomida shunday bo'lgan. O'zi yaxshi bo'lmagan kishi boshqalar uchun foydali bo'lolmaydi, aksincha, zararli bo'ladi.
Tasavvufdan qochish kerak emas. Bu bilan kishi o'zini qutqaradigan dorilardan qochgan bo'ladi.
"Islom va axloq" kitobidan olindi
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.