O'g'lingiz ko'zingizga tik qarab, o'z bilganidan qolmasa… Nevarangiz Amir Temuru Jaloliddinlar jasoratiga, Buxoriy va Moturidiylar zakovatiga emas, allaqanday jangari kovboylar hayotiga havas qilsa… Ko'zini ekrandan uzmaydigan qizchangiz Esmeralda bo'lish orzusida yonsa… Aslida shu emasmi biz xavfsirayotgan xurujning hayotimizga kirib kelayotgani, ma'naviyatimizga tahdid solayotgani…
Ulkan “Titanik” kemasining Atlantika ummoniga g'arq bo'lishi o'tgan asrning eng dahshatli fojiasi sifatida tarixga muhrlangan edi. Yangi asrga kelib, Tinch ummoni sohillaridan ham xuddi shunday bir mungli ingroq eshitilmoqda. Bu ingroq nazarimizda, XX asr fojiasidan ko'ra dahshatliroq, ko'lamliroqdir.
U misli dovul singari masofalarni pisand etmay kirib kelyapti. Ohanrabodek avlodlarni o'z domiga tortmoqda. Buyuk madaniyatlarni, tamaddunlarni evrilish nuqtasiga olib chiqmoqda. Bu yangi, shaytoniy “demokratiya” niqobidagi “ommaviy madaniyat” ko'lankasidir.
G'arbdan kelayotgan bu “madaniyat” qartayib qolgan millat ohidan, avlodlar orasidagi rishtalarning uzilayotganidan, o'zligidan mosuvo bo'lib, axloqsizlik botqog'iga qorishib borayotgan jamiyat fig'onidan darak bermoqda. Egotsentrizm g'oyalarini tarqatish, axloqiy buzuqlikni, zo'ravonlikni targ'ib etish, bir jinslilar nikohi, pornogrofiyaning ochiq-oshkora namoyishi kabi illatlarga ruju qo'yish G'arb mamlakatlarida oila degan muqaddas qo'rg'onni vayron etib, qadriyat va an'analar tizginini butkul izdan chiqarmoqda. Bu jarayon Ovrupada tanasidagi bitmas yaraga aylandi. Gapning indallosini aytganda, bir vaqtlar har narsaning chegarasi borligini bilgan jamiyat bugun sog'lom muhitning izdan chiqishiga sabab bo'layotgan omillarning haddan ziyod ko'pligidan karaxt ahvolda.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, Britaniyada bolalarning 34 foizi nikohsiz tug'ilmoqda.
Bir asr muqaddam Abdurauf Fitrat “Oila” risolasida bu xususda to'xtalib, “Kimki badaxloq bolalarni tarbiya etsa, insoniyatga dushmanlik qilgan bo'ladi”, deya ta'kidlagani bejiz emas. Ma'lum bo'lishicha, AQShda jinoyatga qo'l urib, qamalganlarning yarmidan ko'pi buzilgan oilalar farzandlari ekan. Bu holdan bugungi kunga kelib o'sha g'arb dunyosining o'zi ham tashvishga tushmoqda.
Boylik, manfaat uchun har narsadan kechganlar Vatan va millat oldida mas'uliyatni his qilish kabi aslida muqaddas sanalgan tuyg'ularni safsata deb bilganlar, nihoyat, endi bu tushunchalarning inson bolasi uchun naqadar muhim ekanini anglashyapti. Ishratparastlikni avj oldirish, feministlarcha tabiiy nikohni quldorlikka qiyoslash, mehr-oqibat tuyg'ularidan ko'ra moddiy manfaatni ustun qo'yish tushunchalari va bu tushunchalarni zamon talabi deb yoyish jamiyatlarni emiradigan ma'naviy inqirozga olib kelishi ro'y-rost bo'lib qoldi.
Biroq, eng achinarlisi, bu targ'ibot “ommaviy madaniyat” niqobi ostida butun dunyoga e'tiqod sifatida tiqishtirilayotganidir. Bu niqob o'z o'rnida yakkahokimlik, ya'ni gegemonlik qutqusidan qutula olmagan kuchlarga yanada qo'l kelib, o'z ta'sir doiralarini kengaytirdi. O'zidek yurishga, yashashga, o'ylashga, ular kabi fikrlashga, faqatgina o'zlarining izmida yurishga chorlamoqda. Hech bir an'anani tan olmay, ruhiy dunyoga kirib kelmoqda. Oddiygina aytganda, manqurtlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. E'tibor bering, ayrimlarimiz ota-onamizning gapiga quloq solmaymiz. Erkinlik har narsani qilish mumkin, degani deb tushunamiz. Ayrim onalar qizlarini to'ylarga, bazmlarga olib borib, umuman begona, nomahram yigit bilan valsga tushirishni xohlab qoladi. Boylikni umr mazmuni deb tushunamiz.
Aynan mana shu jo'n ko'ringan hodisalar “ommaviy madaniyat”ning turmushimizga qilayotgan xurujidir. “Ommaviy madaniyat” tahdididan xolimiz deyish anoyilik bo'lur edi. Negaki, biz o'rtada masofalar tobora qisqarib borayotgan, madaniyatlar bir-biri bilan mushtaraklashib ketayotgan dunyoda yashamoqdamiz. Bu jarayonning bizga daxli yo'q, deyish shamol tegirmoniga qarshi kurashgan Don Kixotning ayanchli qismatidek kulgili tuyulishi aniq. Chunki shamolni to'xtatib bo'lmaydi, unga qarshi himoyalanish mumkin, xolos.
“Ommaviy madaniyat”ning turmushimizga ta'sirini ko'rish uchun uzoqqa borish shart emas. Yonimizga, o'zimizga teranroq nazar solsak, kifoya. “Alpomish”ni o'qib savod chiqargan, pana-pastqamlarda yashirinib, “Sabotul ojizin”ni, Navoiy asarlarini, Imom Buxoriy, Imom Termiziy hadislarini, “O'tkan kunlar”ni mutolaa qilib katta bo'lgan ota-bobolarimiz yoshligimizdanoq bizga “Uch og'a-ini botirlar” jasoratidan, “To'g'ri va egri” qismatidan saboq berishar, qadim alyorlardan, matallardan so'ylashardi.
Ho'sh, biz-chi? O'g'limiz kimning qo'shig'ini eshitib ulg'aymoqda. Ekranda qo'shiq kuylayotgan yigitning qiliqlariga qarang: u kimga taqlid qilyapti? “Og'zidan chiqqan gapni qulog'i eshitmayotgan”, bachkanalikni samimiy kulgi deb o'ylaydigan, saviyasizlikni ommaviylashtirayotgan kinoasarlarga qarang, yoningizda “shortik” va maykada yurishni kiborlik bilib, mahalla guzariga chiqayotgan “akaxon”ga razm soling. Yoshgina kelin-kuyovning ota-ona oldida quchoqlashib turganiga e'tibor qiling.
Axir, quyun kabi ostonamizga kirib kelayotgan bu unsurlarga munosib javob berish uchun ma'rifatparvar bobomiz aytganidek: “Tarbiya yo hayot, yo mamot” yo'li ekaniga amin bo'lmoq kerak emasmi?
To'g'ri, ba'zan biz uchun bolamizning tunda sang'ib yurishi, qizimizning yarim yalang'och kiyimda yonimizda o'tirishi, nevaralarimizning zo'ravonlikni, johillikni targ'ib qiladigan komp'yuterdan ko'z uzolmasligiga ko'nikib qolganimiz tabiiy hol bo'lib tuyulishi mumkin. Lekin bunday “mayda muammo”lar bir kun kelib, katta tashvishlarni, tahdidlarni keltirib chiqarishi turgan gap.
“Ommaviy madaniyat”ni tiqishtirayotganlarni, homiylik qilayotganlarni kuzatish uchun ekrandagi bemaza kino va musiqalarni, gazeta do'konlarining tashqi suratlarini bezab turgan oldi-qochdi matbuotni kuzatishning o'zi kifoya. Nomaqbul G'arb hayotining ko'rinishlari kino, musiqa, moda, internet orqali omma hayotiga kirishga urinmoqda.
Alhamdulillah, biz oqni qoradan ajrata oladigan, ma'naviy jihatdan boy an'analarga ega millatmiz. O'ylaymizki, yosh avlod “ommaviy madaniyat” niqobidagi buzg'unchi mafkuralarning maqsadi nima ekanini yaxshi tushunadi.
Asliddin SUYuNOV, jurnalist
“Mo'minalar” jurnalining 2020 yil, 5-sonidan
Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi:
1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.
Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.