Muqaddas dinimizda o'zaro totuvlik bilan xayot kechirish, jamiyatdagi birdamlik va mehr-muhabbat kabi xislatlar qadrlanadi. Chunki tinchlik-totuvlik va o'zaro hamjihatlik bo'lgan jamiyat rivojlanadi, gullab-yashnaydi. Odamlar orasida fitna va ixtilof chiqarish, bir-biriga qarshi gij-gijlash, ularni to'g'ri yo'ldan adashtirishga harakat qilish qattiq qoralanadi.
Hozirgi kunda musulmonlar o'rtasidagi o'zaro kelishmovchiliklar, ularni bir-biriga gij-gijlash, musulmon yurtlarda urush chiqarib, odamlarni qatl va quvg'in qilish ham katta fitna hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
وَالْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنَ الْقَتْلِ
ya'ni: “Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir” (Baqara surasi, 217-oyat).
Diniy manbalarda fitnaning odam o'ldirishdan ham yomonroq deb hisoblanishi uning xatarlari bir kishining o'ldirilishidan ko'ra ancha keng ko'lamga ega ekanligi bilan izohlanadi. Albatta, mol ilinjida, g'azab sababli yoki boshqa har qanday omil tufayli bir jonning hayotiga nuqta qo'yish katta jinoyat. Biroq, jamiyat a'zolari orasida fitna chiqarish odamlarni bir-birlariga qarshi qayrash, nizo chiqarish orqali birodarkushlik urushlariga, butun boshli millatni taraqqiyotda o'nlab yillar ortga surib yuboruvchi vayronagarchiliklarga sabab bo'lishini inobatga olsak, jamiyat uchun bundan ham katta talofat bo'lmasligini anglaymiz.
Yana har kimning gapini haqiqat deb ergashib ketavermaslik kerak. Biror yangilikni o'qiganda, uning manbasini yaxshilab tekshirish, bu qanchalik haqiqat ekani, u kimning foydasiga xizmat qilishini aniqlash darkor. Ba'zan yoshlarimiz ijtimoiy tarmoq saytlarida e'lon qilingan yolg'on-yashiq ma'lumotlarni ham boshqalarga tarqatadilar, uni muhokamaga qo'yib, odamlarni chalg'itadilar. Bu esa dinimizda qattiq qoralangan amaldir. Imom Muslimdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qildilar:
مَنْ دَعَا إِلَى هُدًى كَانَ لَهُ مِنْ الْأَجْرِ مِثْلُ أُجُورِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْئًا، وَمَنْ دَعَا إِلَى ضَلَالَةٍ كَانَ عَلَيْهِ مِنْ الْإِثْمِ مِثْلُ آثَامِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ آثَامِهِمْ شَيْئًا
(رواه الإمام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Kim hidoyatga chaqirsa, unga (o'z ajri bilan birga) ergashuvchilarning ajricha ajr bo'ladi, bu narsa ergashuvchilarning savobini kamaytirmaydi. Kim zalolatga chaqirsa, unga (o'z gunohi bilan birga) ergashuvchilarning gunohicha gunoh bo'ladi, bu narsa ergashuvchilarning gunohini kamaytirmaydi”.
Fitnalar qarshisida har kimning asl qiyofasi fosh bo'ladi. Haqiqiy vatanparvar, imonli kishilar kimlar-u, xoin-xudbinlar kim — hammasi aniq bo'ladi.
Musulmon o'lkalar, jumladan, bizning jonajon vatanimizdagi taraqqiyot, bugungi ijobiy o'zgarishlar kimlargadir yoqmasligi va ular bizni chalg'itish uchun fitnalar uyushtirishi tabiiy. Biz esa bu fitnalarga aldanmasligimiz kerak. Fitnalarning nechog'li zararli, yomon oqibatlarga olib kelishini hayotda ko'rdik. Bu xatoni takrorlashga aslo haqqimiz yo'q.
Halq ichiga fitna solmoqchi bo'lganlarga har birimiz nasihat qilib, o'tgan og'ir kunlarni eslatib, bugungi tinch-xotirjam hayotimizga shukr qilishni targ'ib qilishimiz kerak.
Tinchlik, salomatlik katta ne'mat. Ular bor joyda rivojlanish, erkinlik bo'ladi. Vaholanki, shu kunlarda ham fitna o'choqlarida qurbon bo'layotgan, uy-joysiz qolib, qochoq bo'lib yurgan, urushdan qo'rqib, bolalarini maktabga ham chiqarmay qo'ygan millionlab insonlar bor. Bu voqealarni tafakkur qilgan kishi, aslida inson o'z uyida xotirjam istirohat olishi ham ulkan ne'mat ekanini anglaydi.
Alloh taolo fitna va qiyinchilikda qolgan insonlarga ham xotirjamlikni qaytarsin! Jonajon o'lkamizni turli xil fitna-fasod va balo-ofatlardan O'z hifzu himoyasida saqlasin.
Nurulloh Qodirov
Ulamolar biror bir mazhabga ergashish borasida Quron oyatlari va hadisi shariflardan ishoralar keltirib aytishadiki,«...Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan so‘rangiz» (16:43).
Huzayfa roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisda: «Men sizlarning orangizda yana qancha qolishimni bilmayman. Shunday ekan, mendan so‘ng u ikkisi: Abu Bakr va Umarga iqtido qiling» (Termiziy, Ibn Moja, Ahmad), deyilgan.
Imom Muslim «Sahih» asarining sharhlovchisi Imom Navaviy muayyan imomga taqlid qilishning shartligini sharhlab: «Sabab shundaki, mazhablardan birini tanlashga ruxsat berish kishilarni, ular o‘z xohishlariga mos keladigan oson narsaga ergashishiga olib keladi. Ular halol va harom, ruxsat etilgan va man etilgan narsalarning orasidan o‘zlariga mosini tanlaydilar. Bu mazhablar osonlashtirilmagan, tizimlashtirilmagan yoki mashhur bo‘lmagan ilk islom davridan farqli ravishda mas’uliyat tashvishidan ozod qilishga olib keladi. Shular asosida kishi o‘zi qat’iy ravishda amal qiladigan mazhablardan birini tanlashi lozim bo‘ladi», degan .Boshqa manbada: «Bu ummat ijmo qilgan, to‘g‘irlangan, yozib qo‘yilgan to‘rt mazhabdir. Bizning kunimizgacha odamlar unga taqlid qilishib o‘zlarini o‘shandan deb hisoblaydilar. Bunda, ayniqsa, qat’iyatlilik kamaygan, xohishlarimiz ongimizga o‘rnashgan va odamning ahmoqona ehtirosi xuddi fazilat sifatida qaraladigan bugungi kunda, ko‘pgina aniq ustunlik bor», deb yozgan.
Yangi Namangan tumani "Abdulloh ibn Mas’ud" jome masjidi
imom-xatibi Sh.To‘xtabayev