Bir kishi shayxning huzuriga borib: «Ey shayx, nega men doim yaxshilik qilib yuradigan kishilardan o'zimga nisbatan yolg'on va xiyonatni ko'raman», deb so'radi.
Shayx savolga javob bermadi.
Savol beruvchi: «Nega men, doim yaxshi ko'rib, ixlos qiladigan insonlarimdan jafo, bevafolik ko'raman», deb so'radi.
Shayx bu savolga ham indamadi.
Savol beruvchi: «Nega yaxshi ko'rganlarim, yaqinlarim vafot etib, faqat dushmanlarim qoldi», dedi.
Shayx bu savolga ham javob bermadi.
Savol beruvchi yana so'zida davom etib: «Nega men bu dunyoda yolg'izlik va g'ariblikni his qilib yashayman», dedi.
Shayx bu gal ham indamadi.
Savol beruvchi: «Nega odamlar men haqimda yaxshi gumonda bo'lmaydilar», deb so'radi.
Shayx yana sukut qildi.
Savol beruvchi: «Nega men ishongan, so'zini tasdiqlagan insonlarim menga yolg'on gapirishadi, mehr ko'rsatganlarim menga qo'pollik qilishadi, bag'rimga bosganlarim meni tark etishadi», deb so'radi.
Shayx bu savolga ham lom-mim demadi.
Savol beruvchi: «Nega insonlarga yaxshilik qo'lini uzatsam, ular menga yomonlik qo'lini cho'zib, muhabbatimni muhabbat bilan emas, fujur bilan qabul qiladilar», dedi-da, yig'lay boshladi.
Shunda shayx qo'lini o'sha odamning yuragi ustiga qo'yib: «Ey birodarim, Alloh taolo seni bu qadar yaxshi ko'rishining sababini bila olmadim. Alloh taolo sabr va ehson sohiblarini muhsinlar deb maqtagan. Ehtimol sen, ana o'sha toifadandirsan. Bilib qo'y, ey birodarim, sen mening oldimga Allohning senga bo'lgan muhabbatidan shikoyat qilish uchun kelding», dedi.
Savol beruvchi biroz jim bo'lib qoldi-da, shayxga: «Hazrat, qo'lingizni qalbim ustiga qo'yib, isloh o'qini otgan edingiz, mo'ljalga aniq tegdi va oqibatda tuzalish yo'lini ko'rsatdingiz».
Ey do'stim, odamlarning sizga berayotgan ozorlaridan mahzun bo'lmang. Alloh taolo sizni ehson ahlidan qilib qo'ygan, ammo siz buni sezmayotgan bo'lishingiz mumkin. Unutmang, ehson maqomiga faqatgina qalbi poklar erishadi.
Ey Alloh, ustimizdan sabr to'kkin, musibatlar paytida savob umidida taslim bo'lish maqomini bergin va bizni muhsinlardan aylagin.
Tarjimon: Nozimjon Hoshimjon
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV