Prezidentning “O'zbekiston Respublikasida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.
Kun.uz xbariga ko'ra, Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda mamlakatning qadimiy ipak qog'ozi yaratilgan hudud sifatidagi maqomini mustahkamlash uchun Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi Islom tsivilizatsiya markazi joylashgan “Hazrati Imom” mahallasida qadimiy ipak qog'ozi markazini tashkil etish kontseptsiyasini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.
Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi va Buxoro viloyati hokimliklari 2021 yil 1 avgustga qadar qadimiy ipak qog'ozi xomashyo zahirasini shakllantirish manbai sifatida Imom Buxoriy majmuasi atrofidagi 137 ga er maydonida, Chor Bakr tarixiy me'moriy majmuasiga tutash hududdagi 145 ga er maydonida tut plantatsiyasi tashkil etilishini ta'minlaydi.
Samarqand viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Qo'mita bilan birgalikda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofdagi 8 nafar buyuk ulamolar qabrlarini tiklash va obodonlashtirish ishlari kontseptsiyasini va uni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Samarqand viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita va Badiiy akademiya bilan birgalikda Samarqand shahrida islom dini va mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosini aks ettiruvchi tematik hiyobonni yaratish bo'yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi