Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida dunyodagi eng yirik akademiyalardan biri hisoblangan Qur'on Akademiyasi ochildi. Bu haqda islam.ru nashriga asoslanib islam.uz xabar berdi.
Akademiyaning ochilish marosimida Sharja Oliy Kengashi a'zosi va shayx Sulton bin Muhammad Al Qosimiy ishtirok etdi.
Bino maydoni 75000 kvadrat metr bo'lib, 34 gumbazli sakkiz qirrali yulduz shaklida qurilgan. Bu erda ettita tarixiy muzey foydalanishga topshirildi.
Hozirda muzeyda Qur'oni Karimning 308 nusxasi va arxeologik qo'lyozmalar namoyish etilmoqda. Shuningdek, taxminan hijriy 970 yilda Muqaddas Ka'bani yopib qo'yishda foydalanilgan qora mato bo'lgan eng qadimiy kisva va boshqa qiziqarli asarlar bor.
Tadbirda so'zga chiqqan Sharja Oliy Kengashi a'zosi aholini Qur'on Akademiyasiga tashrif buyurishlarini va muqaddas bitiklarning barcha go'zalliklaridan bahramand bo'lishlarini taklif etdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularga quyidagilarni gapirib bergan ekan:
“Allohning bandalaridan bir banda: “Ya Robbi lakal hamdu kama yambag‘iy lijalali vajhika va aziymi sultonika”, deb (savob va gunohlarni yozib boradigan) ikki farishtani qiyin ahvolga solib qo‘ygan. U ikkisi qanday (ya’ni, nima deb) yozishni bilmay, osmonga ko‘tarildilarda Alloh taologa: “Yo Robimiz, bir bandang biz nima deb yozishni bilmaydigan bir gap aytdi”, deyishdi. Alloh azza va jalla bandasi nima deganini bilib tursada, “Bandam nima dedi?”, deya so‘radi. Ular: “Ey Parvardigor bandang “Ya Robbiy lakal hamdu kama yambag‘iy lijalali vajhika va aziymi sultonika dedi”, deyishdi. Shunda Alloh ikki farishtaga: “Aytganidek holda yozinglar. Menga ro‘baro‘ kelganida uni mukofotini O‘zim beraman”, dedi (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Haqiqatda inson qo‘liga tasbeh olib, minglab hamd aytganida ham Alloh taolo bergan bittagina ne’matining shukrini ham ado etolmaydi. Holbuki, bizga berilgan ne’matlarning sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Qolaversa, hamd aytishning o‘zi ham bir ne’mat. Bitta hamd ayta olgan kishi mana shu baxtga muyassar qilgan Zot Alloh taologa yana shukr qilishi kerak. Chunki, Alloh taoloning rizqini yeb, Uni taniyolmay dahriy bo‘lib yurganlar qancha?! Shuning uchun hadisi sharifda kelgan so‘zlarni aytsa, eng oliy darajadagi hamdni aytgan bo‘ladi. Sababi, uning ma’nosi cheksiz hamdu sano bo‘lsin demakdir. Natijada hatto farishta ham havas qiladigan mukofotga erishadi.
Alloh taolo barchamizni shunday maqomlarga munosib bandalaridan qilsin. Omiyn.
Bahodir Bahromjon o‘g‘li,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi.