Shu yil 25-30 dekabr' kunlari mamlakatimizdagi 2079 ta masjidda xayriya tadbirlari o'tkaziladi va xufton namozidan so'ng Kalomulloh xatm qilinadi.
Ushbu kunlarda Alloh Kalomi 12 480 marotaba xatm qilinadi. Shuningdek, iqtidorli imomlar Imom Buxoriyning “Sahih”ini ham xatm qilishadi.
Hayriya tadbirlarini o'tkazishdan aholining kam ta'minlangan, yordamga muhtoj qatlamini moddiy qo'llab-quvvatlash maqsad qilingan. Shu munosabat bilan qurbonlik marosimlari tashkil etiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi har bir mahallada muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari to'plami tarqatadi. Bundan tashqari, joylardagi “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida osh dasturxonlari yozilib, maishiy texnika vositalari tarqatiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati