بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رب العالمين، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ محمد الأمين وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
AZIZ UMRNING QADRIGA YeTAYLIK!
Muhtaram azizlar! Ma'lumki, dunyo hayoti – har bir insonga berilgan o'tkinchi sinov muddatidir. Undagi har bir kun, soat, daqiqa va hatto soniya inson uchun ko'p foyda keltiradigan g'animat bir fursatdir.
Dinimiz manbalarida inson umrining qadri balandligiga ishoralar juda ko'p. Hususan, oyati karimalarda insonning bolalik, yoshlik, qarilik davrlarini tasvirlanib, bu davrlar tezda o'tib ketishi bayon qilinadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:
وَاضْرِبْ لَهُمْ مَثَلَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا كَمَاءٍ أَنْزَلْنَاهُ مِنَ السَّمَاءِ فَاخْتَلَطَ بِهِ نَبَاتُ الْأَرْضِ
فَأَصْبَحَ هَشِيمًا تَذْرُوهُ الرِّيَاحُ وَكَانَ اللَّهُ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ مُقْتَدِرًا
ya'ni: “(Ey, Muhammad! Odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring. (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz uni osmondan yog'dirgach, (bahorda) u sababli er o'simliklari (bir-biriga) aralashib (qalinlashib) ketur, so'ngra (kuzda) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur. Alloh hamma narsaga qodir zotdir” (Kahf surasi 45-oyat).
Ushbu oyati karimada inson umrining bahori – yoshlik davri va kuzi – keksalik ayyomi ekani haqida misol keltirilmoqda.
Inson hayotidagi asosiy g'oya – imon-e'tiqod bilan solih hayot kechirish, o'zgalarga imkon boricha naf keltirish va yaxshi iz qoldirishdir.
Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi:
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا
ya'ni: “U (Alloh), sizlarning qay biringiz yaxshiroq amal qilishingizni sinash uchun o'lim va hayotni yaratgan Zotdir” (Mulk surasi 2-oyat).
Ushbu oyati karimada o'lim bilan hayot odamlardan qaysi biri chiroyliroq amal qilishini imtihon qilish uchun yaratilgani bayon qilinmoqda. Demak, inson umri bekorga berilmaydi, uni behuda ishlar bilan zoye qilish mumkin emas. Balki umr – xayrli amallar, foydali ishlar, elu yurtga manfaat keltiradigan hamda oxirat uchun zaxira bo'ladigan buyuk ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qimmatli fursatdir.
Bo'sh vaqtni g'animat bilish haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mashhur hadisi shariflarida shunday deganlar:
نِعْمَتانِ مغبونٌ فيهمَا كثيرٌ منَ النَّاسِ: الصِّحَّةُ والفَراغُ
(رواه الإمام البخاري عن ابن عباس رضي الله عنهما)
ya'ni: “Ikki (buyuk) ne'mat borki, ko'p odamlar ulardan g'aflatda qoladilar. Ular – sihat-salomatlik va bo'sh vaqtdir” (Imom Buxoiy rivoyatlari).
Yana bir hadisi sharifda bunday marhamat qilingan:
اغْتَنِمْ خَمْسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هَرَمِكَ، وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ، وَغِنَاكَ قَبْلَ فَقْرِكَ، وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ،
وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِكَ
(رَوَاهُ الإمام الْحَاكِمُ عَنِ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنهما)
ya'ni: “Besh narsadan oldin besh narsani g'animat biling: keksaligingizdan oldin yoshligingizni, kasalligingizdan oldin salomatligingizni, kambag'alligingizdan oldin boyligingizni, mashg'ulligingizdan oldin bo'shligingizni, o'limingizdan oldin hayotingizni” (Imom Hokim rivoyatlari).
Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh aytadilar: “Sog'ligi va bo'sh vaqtini Alloh taologa ibodat qilish uchun foydalangan kishi naqadar baxtlidir! Ammo sog'ligi va bo'sh vaqtini Alloh taologa gunoh qilish uchun sarflagan odam naqadar ziyonkordir!”.
Kishi foydali ishlar bilan mashg'ul bo'lib, befoyda ishlardan o'zini tiyishi uning diyonati go'zal ekaniga dalolat qiladi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مِنْ حُسْنِ إِسْلاَمِ الْمَرْءِ: تَرْكُهُ مَا لَا يَعْنِيْهِ
(رواه الإمام الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Kishining namunali musulmon bo'lishi – foydasiz narsalarni tark qilishi bilan bo'ladi” (Imom Temiziy rivoyatlari).
Bu hadisi sharifni Hamza Kinoniy rahimahulloh sharhlab bunday deganlar: “Bu hadisga amal qilish – Islomning uchdan biriga amal qilish hisoblanadi” (“Tanviyrul havolik” kitobi).
Mashhur tobeinlardan Hasan Basriy rahmatullohi alayh vaqtni qadriga etish haqida quyidagi iboralarni aytganlar:
"يَا ابْنَ آدَمْ، إنَّمَا أَنْتَ أَيَّامٌ، كُلَّمَا ذَهَبَ يَوْمٌ ذَهَبَ بَعْضُكَ"
ya'ni: “Ey odam bolasi! Sen ma'lum kunlardan iboratsan. Qachon bir kuning o'tsa, bir bo'laging ketdi deganidir”.
Azizlar! Umrimiz cheklangan ekan, o'tayotgan har bir onimizning qadriga etsak, vaqt hamisha bizning foydamizga ishlaydi.
Qiyomat kuni har bir shaxs Alloh taoloning huzurida o'tkazgan vaqti haqida so'raladi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida marhamat qilganlar:
لاَ تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ أَرْبَعِ خِصَالٍ: عَنْ عُمْرِهِ: فِيْمَ أَفْنَاهُ؟ وَعَنْ شَبَابِهِ: فِيْمَ أَبْلاَهُ؟ وَعَنْ مَالِهِ: مِنْ أَيْنَ اِكْتَسَبَهُ؟ وَفِيْمَ أَنْفَقَهُ؟ وَعَنْ عِلْمِه: مَاذَا عَمِلَ فِيْهِ؟
(رواه الإمام الترمذي عن معاذ بن جبل رضي الله عنه)
ya'ni: “Qiyomat kunida banda to'rt narsadan so'ralmaguncha, uning qadami joyidan jilmaydi: umrini nimaga sarflagani, yigitlik davrini qanday o'tkazgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani va olgan ilmiga qanday amal qilgani” (Imom Temiziy rivoyatlari).
Demak, inson umrining har bir davridan umumiy ravishda, yoshlik davridan esa o'ziga xos shaklda so'raladi.
Bugungi kunda ba'zi kattayu-kichikning vaqti, umri bekorga isrof bo'layotgan maydon – ijtimoiy tarmoqlardir. Ba'zi yoshu katta telegram, feysbuk, instagram, yutub va tik-tok kabi ijtimoiy tarmoqlarda kuniga soatlab vaqtlarini sarflamoqda. Yaxshilikka, xayrli maqsadlar, bilim olish yo bilim tarqatish yo'lida foydalanayotganlarga ofarin deymiz, lekin aksariyat vaqtda ko'ngilochar o'yinlar, bema'ni rasm va videolarni ko'rib, umrini shamolga sovuradiganlar o'z oyog'iga bolta urgan kishidan farqi yo'q. Gunohni pulga sotib olgan bo'ladi, xolos. Chunki bekorga sarf bo'lgan vaqtdan muhim ishlarga sarflanganda edi, qanchalik foyda bo'lardi. Hatto kechasi bilan bedor bo'lib, o'yin o'ynab chiqadiganlar shuni o'rniga uxlab dam olgani foydaliroq bo'ladi. Undan ko'ra har bir yosh o'zining oldiga katta maqsadlar qo'yib, dunyo-oxirati uchun foydali ilm o'rganishi, biror kasbni puxta egallashi, til o'rganishi o'ziga ham, o'zgalarga ham yaxshiroqdir.
Umrni bekorga sovurishning yana bir ko'rinishi, ba'zi yoshlar o'rtasidagi choyxona (gap)larning haddan tashqari ko'pligidir. Hatto ba'zilarning har kuni choyxonasi bor. Bu, har kuni katta ehtimol bilan 2-3 soat vaqt bekorga sarf bo'ladi, degani. O'zaro suhbatda foydali mavzular ko'tarilsa, yaxshilikka targ'ib, yomonlikdan qaytarish bo'lsa, mayli. Lekin aksar holatda bekorchi va g'iybat gaplar bo'ladigan choyxonalar qalbni qoraytirishdan boshqasiga yaramaydi. Umr –isrof, pul – isrof, vaqt – isrof! Agar ulfatlar har kuni shuncha vaqtni farzand tarbiyasiga ajratsa, qanchalik yaxshi natija bergan bo'lardi?! Ertaga o'zimizni aybimiz bilan farzandlar noqobil bo'lib chiqsa, aybni o'zgalardan izlab yuramiz, Alloh saqlasin!
Muhtaram azizlar! Vaqtimiz etarli bo'lgan paytda kitobxonlikni yo'lga qo'yish juda foydalidir. O'zimiz bu ishda o'rnak bo'lib, farzandlarimizni qiziqtiraylik. Farzandlarimizning bo'sh vaqtlarini kitob o'qish, ilm-ma'rifat hosil qilish kabi foydali ishlar bilan mashg'ul qilish – biz, ota-onalar, zimmamizda ekanini doimo yodda tutishimiz kerak!
O'tgan ulug'larimizning hayotlaridagi ba'zi misollar bilan tanishsak, maqsadga muvofiq bo'ladi:
Shafiq ibn Ibrohim Al-Balxiy aytadilar: “Biz Abdulloh Ibn Muborakka: “Nima uchun namoz o'qib bo'lganimizdan so'ng biz bilan birga o'tirmaysiz?” – deb so'radik. U kishi: “Sahobalar va tobeinlar bilan birga o'tirishga ketaman”, – dedilar. Biz: “Sahobalar va tobeinlar qayerda ekan?” – deb, hayron bo'lib yana so'radik. Shunda u zot: “Kitob o'qiyman, shunda ular haqida, qilgan ishlari haqida bilib olaman”, – deb javob berdilar”.
Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu aytadilar:
"مَا نَدِمْتُ عَلَى شَيْءٍ نَدَمِي عَلَى يَوْمٍ غَرَبَتْ فِيْهِ شَمْسُهُ، نَقَصَ فِيْهِ أَجَلِيْ، وَلَمْ يَزْدَدْ فِيْهِ عَمَلِيْ"
ya'ni: “Quyosh botib, kunim o'tib, menga berilgan muhlat qisqarib, unda amalim ziyoda bo'lmaganiga achinganim kabi biror narsaga achinmadim”.
Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh aytganlar: “Kecha va kunduz sening jismingda o'z ishini ko'rsatyapti. Demak, sen ham ularni g'animat bilib, foydalanib qol”.
– Muhaddis, faqih Imom Navaviy rahimahulloh qisqa umrlari (40 yil) davomida 500 ta kitob yozganlar.
– Abu Hurayra raziyallohu anhu bir kunda 12 000 (o'n ikki ming) marta, Holid ibn Marvon esa 100 000 (yuz ming) marta tasbeh aytar edilar.
– Hindiston diyorida yashagan hazrat Ashraf Ali Tahonaviy rahimahulloh qisqa umrlari davomida 1 500 (bir yarim ming) kitob yozadilar. Shuningdek, o'zlaridan keyin ko'pgina murshid va valiy darajasiga erishgan shogirdlar ham qoldirganlar. Ana barakali, uzoq va sermazmun umr!
Islom ulamolaridan biri faqat nonni ivitib er edi. Sababi so'ralsa, “shunday qilsam, kamroq vaqt sarflayman”, deganlar.
Musulmon bo'lmasada o'rnak olishimiz mumkin bo'lgan dunyoga taniqli bir milliarder doim besh-oltita bir xil ko'ylak, bir xil shim olar ekan. Nega, deb so'ralsa, “kiyim tanlashga vaqtim ketmasin”, der ekan. Yana biri esa hech bog'ichli poyabzal olmas ekan, nega, deyilsa, “ipini o'tkazishga vaqtim ketmasin”, deb javob berarkan. Aslida biz, musulmonlar, vaqtning qadriga etishga haqliroqmiz, chunki dinimiz umrni foydali ishlarga sarflashga qattiq targ'ib qiladi.
Hulosa o'rnida aytish mumkinki, har birimiz vaqtdan unumli foydalanib, umrimizni ibodatlar, halol kasb-kor, ilm-ma'rifat, zikru tasbih, savobli ishlar va vatanimiz ravnaqi uchun sarflashimiz kerak bo'ladi.
Muhtaram azizlar! Hozirgi kunda ayrim kimsalar ba'zi zaif hadislarda kelgan “javrob” iborasini “paypoq” deb tarjima qilib, tahoratda paypoqqa mash tortish mumkin deya odamlarni chalg'itmoqdalar. Aslida hadisi sharifda zikr qilingan javrob boshqa va yaqin paytlarda paydo bo'lgan paypoq boshqa ekanini anglash uchun ortiqcha aql yoki bilim kerak emas.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida joriy bo'lgan javrobga berilgan ta'riflarning hammasini o'rganib, xulosa qilinsa, javrob – jundan yoki paxtadan to'qilgan qalin matodan bo'lgan, oyoqni issiq tutish uchun kiyiladigan yoki oyoqqa o'raladigan, eng kamida osti teridan bo'lgan narsa ekani ma'lum bo'ladi.
Mo''tabar fiqhiy manba “Inoya sharhul Hidoya” kitobida shunday deyiladi:
“Javrobga mash tortishning hukmi uch xil ko'rinishda bo'ladi:
- Agar u qalin javrob bo'lib, ostiga teri qo'yilgan bo'lsa, mash tortish joiz. Bunga ulamolarimiz ittifoq qilganlar.
- Teridan bo'lmagan yupqa javrob bo'lsa, mash tortib bo'lmaydi. Bunga ham barchalari ittifoq qilganlar.
- Teridan bo'lmagan, lekin qalin javrob bo'lsa, Imom A'zam nazdida mash tortish durust emas”.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, barcha faqihlar va mujtahidlar suv sizib o'tadigan, oyoqda o'zini tutib tura olmaydigan, ya'ni bog'ichsiz tushib ketadigan, yuqorida aytilgan 6 km masofagacha kiyib yurilsa, yirtilib ketadigan paypoqlar va poyabzalga mash tortish joiz emasligiga ittifoq qilganlar. Agar kimdir hozirgi yupqa paypoqlarga mash tortayotgan bo'lsa, Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari hamda Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbalning mazhablariga ko'ra uning tahorati durust bo'lmaydi.
Alloh taolo umrimizga fayzu baraka bersin! Vaqtimizni doimo dunyo va oxiratimiz, dinimiz va xalqimiz uchun foydali ishlar bilan o'tkazishni nasib aylasin! Omin!
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Ilmli yoshlar – yurt kelajagi” haqida bo'ladi, inshaalloh.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.