Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Fevral, 2025   |   13 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:22
Peshin
12:42
Asr
16:11
Shom
17:56
Xufton
19:10
Bismillah
12 Fevral, 2025, 13 Sha`bon, 1446

Sinovli 2020 yilning qahramonlariga mukofotlar topshirildi

28.12.2021   1998   8 min.
Sinovli 2020 yilning qahramonlariga mukofotlar topshirildi

Prezident Shavkat Mirziyoevning qator farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Bugun, 28 dekabr' kuni Ko'ksaroyda mukofotlarni topshirish marosimi bo'ldi. Davlatimiz rahbari mukofotlanganlarni tabriklab, ularga o'zining yuksak ehtiromini bildirdi.

– Biz keyingi yillarda yaxshi an'anani yo'lga qo'yib, yurtdoshlarimizga mukofotlarni bayram kunida topshirib kelayotgan edik. Afsuski, bu yilgi pandemiya sharoitida odamlarimizning sog'lig'ini asrash uchun ushbu xayrli tadbirni biroz keyinga surishga to'g'ri keldi. Ezgulikning kechi yo'q, deydilar. Nasib etgan ekan, mana bugun sizlar bilan Yangi yil bayrami arafasida yuzma-yuz ko'rishib, diydorlashib turibmiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Hayotda xursandchilik bilan turli sinov va qiyinchiliklar yonma-yon yuradi. Bu yil koronavirus pandemiyasi butun insoniyat boshiga katta tashvishlar soldi. Halqimiz bu kasallikka qarshi kurashish bilan birga boshqa sinovlarga ham duch keldi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kutilmagan ofatlar ro'y berdi.

– El-yurtimiz bu muammolar qarshisida sarosimaga tushib qolgani yo'q. Aksincha, qiyinchiliklar bizni yanada birlashtirdi, bir-birimizga mehrimiz ortdi. Murakkab vaziyatga qaramasdan, ko'pni ko'rgan, azmu shijoatli xalqimizning fidokorona mehnati bilan bu sinovlarni mardona engib o'tyapmiz. Baraka hamjihatlikda, degan gap hayotimizda yana bir bor o'z tasdig'ini topdi. Pandemiya va global inqiroz oqibatlarini kamaytirish bo'yicha ko'rayotgan chora-tadbirlarimiz o'z samarasini beryapti, – dedi Prezident.

Aholi sog'lig'ini asrash, iqtisodiyotni rivojlantirish va bunyodkorlik ishlari jadal davom etayotgani ta'kidlandi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalar, yangi transport tizimlari barpo etilmoqda. Birgina shu oyda Toshkent metallurgiya zavodi, yangi metro yo'nalishi ishga tushirildi. Joriy yilda poytaxtimizda Bolalar milliy tibbiyot markazi, G'alaba bog'i, Adiblar xiyoboni bunyod etildi. Barcha viloyat va tumanlarda zamonaviy uy-joylar, yo'l va ko'priklar, yangi-yangi bog'chalar, maktablar, madaniyat va san'at hamda sport maskanlari qad rostlamoqda.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yo'l ochilmoqda. Davlat dasturlari asosida shahar va qishloqlarimiz, yurtimiz qiyofasi tobora obod bo'lib bormoqda. Mirishkor dehqon va fermerlarimiz paxta, g'alla va boshqa ekinlardan mo'l hosil etishtirdilar.

– Biz bugungi natijalarga erishish uchun pandemiya sharoitida – g'oyat murakkab bir vaziyatda ish olib bordik, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Buning uchun 2-3 karra ko'proq mehnat qilishga, izlanish, yangi imkoniyat va resurslarni qidirib topishga to'g'ri keldi. Avvalo, fidoyi shifokorlarimiz o'z jonini garovga qo'yib, xalqimiz sog'lig'ini asrash uchun beqiyos jasorat va matonat ko'rsatdilar. Bu borada Qurolli Kuchlar, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mard va jasur xodimlarining xizmatlarini alohida qadrlaymiz. Ayni vaqtda, bunyodkor quruvchilar, saxovatli tadbirkorlar, mahalla faollari, muhtaram nuroniylarimiz, navqiron yoshlarimiz, ilm-fan, madaniyat va sport sohasi vakillari el-yurtimizga haqiqiy tayanch va suyanch bo'lib maydonga chiqdilar. Har qanday sinovni birdamlik bilan engib o'tadigan xalqimiz mana shunday og'ir kunlarda qudratli kuchga aylandi. Fursatdan foydalanib, sabr-matonatli, zahmatkash, olijanob va fidoyi xalqimizga, uning buyuk qahramonligi uchun yana bir bor bosh egib, ta'zim qilaman.

– Dunyoda inson o'zini qachon baxtli deb biladi? Buyuklik nimada? Elga halol, pok mehnat qilib, natijasi mana shunday mukofot bo'lganda. Bu erda o'tirganlar bugungi kunning qahramonlari, mardona xalqimizning buyuk vakillari, – deya ta'kidladi Prezident.

Tadbirda aytib o'tilganidek, yurtdoshlarimizning fidokorona xizmatlarini munosib e'tirof etish maqsadida bu yil “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan geolog” faxriy unvoni, “Oliy Darajali Do'stlik”, birinchi va ikkinchi darajali “Salomatlik” hamda “Faxriy murabbiy” ordenlari, “Sog'lom turmush” medali kabi yangi davlat mukofotlari ta'sis etildi.

Bundan tashqari, “Mehr-saxovat” ko'krak nishoni joriy qilinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo'llab-quvvatlashga hissa qo'shgan qariyb 25 ming vatandoshimiz ushbu mukofot bilan taqdirlandi.

Ayni kunlarda joylarda yuzlab hamyurtlarimizga ana shu faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.

Davlatimiz rahbari mukofotlangan barcha vatandoshlarimizga yig'ilganlar nomidan tabrik yo'lladi.

Shundan so'ng mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Ma'lumki, O'qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida jadidchilik harakati namoyandalari – Abdulla Avloniy, Mahmudxo'ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan edi.

Marosim avvalida ana shu mukofotlar ma'rifatparvar bobolarimizning nevaralariga topshirildi. Bunday ehtirom ulug' ajdodlarimizning o'lmas merosi bugungi kunda ham qadrli ekanidan, xalqimizga beqiyos ma'naviy kuch bag'ishlab kelayotganidan dalolat beradi. Ayni vaqtda, el-yurtimizning milliy uyg'onish va taraqqiyotga intilishi barqaror ekanini namoyon etadi.

Shuningdek, tibbiyot, iqtisodiyot, fan, ta'lim, adabiyot va boshqa sohalar namoyandalari, davlat va jamoat ishlari faollariga mukofotlar topshirildi. Samarali faoliyati, vatanparvarligi va tashabbuskorligi bilan yoshlarga ibrat bo'layotgani uchun Prezident ularga minnatdorlik bildirib, ezgu tilaklarini izhor etdi.

– Hammamiz bugun yaxshi orzular va ulug' maqsadlar bilan, yangi yil ostonasida turibmiz. Biz barchamiz ahil va hamjihat bo'lib, xalqimizga sadoqat bilan mehnat qilib, yangi O'zbekiston poydevorini yaratayotganimiz bilan faxrlanamiz. Dunyomiz tinch bo'lsin, bag'rikeng va olijanob xalqimizni, jonajon Vatanimizni Olloh taolo hamisha o'z panohida asrasin, – deya so'zini yakunladi Prezident.

Mukofotlanganlar yuksak e'tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Namozda qo‘llar qayergacha ko‘tariladi?

12.02.2025   1572   3 min.
Namozda qo‘llar qayergacha ko‘tariladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hanafiy mazhabimizda namozga kirishda qo‘l quloq barobarida ko‘tariladi. Boshqa mazhab sohiblari nazdida esa qo‘l yelka barobarida ko‘tariladi. Bunga ular bir qancha hadislarni dalil qilishgan. Hususan, Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Ibn Umar roziyallohu anhu: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirganlarida, qo‘llarini yelka barobarida ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar. Bu va shunga o‘xshash rivoyatlarni hujjat qilib, imomlar Molik, Shofeiy va Ahmad rahimahulloh: “Namozga kirganda qo‘llar yelka barobarida ko‘tariladi”, deyishadi.

Hanafiy ulamolari bunga ko‘plab hadislarni hujjat qilib keltirishadi. Jumladan, Abu Dovud Sunanida keltiradi. Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirish uchun takbir aytsalar qo‘llarini to quloqlarining yumshog‘iga yaqin bo‘lguncha ko‘tarardilar”. Abdurrazzoq, Humaydiy, Imom Ahmad, Buxoriy  va Doraqutniy ham shunga o‘xshash rivoyat qilishgan.

 Uch mazhab sohiblarining dalillariga  esa birqancha javoblar berishgan:

1. Qo‘lni yelka barobarida bo‘lishi quloq barobarida ko‘tarishni inkor qilmaydi. Chunki kaft quloq barobarida bo‘lsa, qo‘lning bir qismi yelka barobarida bo‘ladi. Buni Abu Dovudning sunanlarida kelgan hadis qo‘llab quvvatlaydi.

Voil ibn Hujr roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga turganlarida, qo‘llarini yelkagacha ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlari barobar qilib so‘ng takbir aytganlarini ko‘rganman.

2. Qo‘llarini yelka barobarida ko‘targanliklariga, sovuq sababli ustlaridagi kiyimdan qo‘llarni quloq barobarigacha chiqarish imkonsizligi sabab bo‘lgan. Shuning uchun qo‘llarni yelka barobar ko‘tarishlariga to‘g‘ri kelgan. Bunga ham Abu Dovudning Sunanida kelgan hadis dalil bo‘ladi:

Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirganlarida qo‘llarini quloq barobarida ko‘targanliklarini ko‘rdim”. Bir muddatdan so‘ng ularning (sahobalarning) huzuriga keldim. Namozga kirishishda ustlarida burnus va kiyimlari bo‘lgan holda qo‘llarini ko‘ksilari barobarida ko‘tarishardi”.

Izoh: Burnus – paxtadan bo‘lgan uzun libos.

Hadisdan ko‘rinib turibdiki, qo‘llarning quloq barobar ko‘tarilmasligining sababi ustlaridagi liboslar bo‘lgan. Bu borada kelgan hadislarni ana shunday jamlash mumkin. Qoida borki, hadislarning barchasiga jamlab amal qilish imkoni bo‘lsa, hammasiga amal qilish: birini olib boshqasini tark qilgandan avloroqdir. Shuning uchun hanafiy ulamolarimiz hadislarni jamlash yo‘liga yurganlar.

Qiyos jihatidan olib qarasak ham bu to‘g‘ri bo‘ladi, chunki namoz oldidan qo‘llarni ko‘tarish namozga kirishganligini bildirish uchun qilinadi. Hatto orqada kar kishi turgan  bo‘lsa ham imomning namozga kirishganligini bilish imkoni bo‘lishi kerak. Bu esa qo‘llar quloq barobarida ko‘tarilgandagina yaqqol ko‘rinadi. Shu va bunga o‘xshash ko‘plab dalillarni hanafiylar hujjat qilib bu masalada qo‘llar quloq barobarida bo‘lishini ixtiyor qilishgan va bu Ato ibn Abu Raboh, Ibrohim Naxaiy, Abu Maysara, Vahb ibn Munabbih va Molikiydan bir jamoasining ham mazhabidir.

Javohir Isomiddinov,
Hadis ilmi maktabi talabasi.