Prezident Shavkat Mirziyoevning qator farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
Bugun, 28 dekabr' kuni Ko'ksaroyda mukofotlarni topshirish marosimi bo'ldi. Davlatimiz rahbari mukofotlanganlarni tabriklab, ularga o'zining yuksak ehtiromini bildirdi.
– Biz keyingi yillarda yaxshi an'anani yo'lga qo'yib, yurtdoshlarimizga mukofotlarni bayram kunida topshirib kelayotgan edik. Afsuski, bu yilgi pandemiya sharoitida odamlarimizning sog'lig'ini asrash uchun ushbu xayrli tadbirni biroz keyinga surishga to'g'ri keldi. Ezgulikning kechi yo'q, deydilar. Nasib etgan ekan, mana bugun sizlar bilan Yangi yil bayrami arafasida yuzma-yuz ko'rishib, diydorlashib turibmiz, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Hayotda xursandchilik bilan turli sinov va qiyinchiliklar yonma-yon yuradi. Bu yil koronavirus pandemiyasi butun insoniyat boshiga katta tashvishlar soldi. Halqimiz bu kasallikka qarshi kurashish bilan birga boshqa sinovlarga ham duch keldi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kutilmagan ofatlar ro'y berdi.
– El-yurtimiz bu muammolar qarshisida sarosimaga tushib qolgani yo'q. Aksincha, qiyinchiliklar bizni yanada birlashtirdi, bir-birimizga mehrimiz ortdi. Murakkab vaziyatga qaramasdan, ko'pni ko'rgan, azmu shijoatli xalqimizning fidokorona mehnati bilan bu sinovlarni mardona engib o'tyapmiz. Baraka hamjihatlikda, degan gap hayotimizda yana bir bor o'z tasdig'ini topdi. Pandemiya va global inqiroz oqibatlarini kamaytirish bo'yicha ko'rayotgan chora-tadbirlarimiz o'z samarasini beryapti, – dedi Prezident.
Aholi sog'lig'ini asrash, iqtisodiyotni rivojlantirish va bunyodkorlik ishlari jadal davom etayotgani ta'kidlandi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy korxonalar, yangi transport tizimlari barpo etilmoqda. Birgina shu oyda Toshkent metallurgiya zavodi, yangi metro yo'nalishi ishga tushirildi. Joriy yilda poytaxtimizda Bolalar milliy tibbiyot markazi, G'alaba bog'i, Adiblar xiyoboni bunyod etildi. Barcha viloyat va tumanlarda zamonaviy uy-joylar, yo'l va ko'priklar, yangi-yangi bog'chalar, maktablar, madaniyat va san'at hamda sport maskanlari qad rostlamoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yo'l ochilmoqda. Davlat dasturlari asosida shahar va qishloqlarimiz, yurtimiz qiyofasi tobora obod bo'lib bormoqda. Mirishkor dehqon va fermerlarimiz paxta, g'alla va boshqa ekinlardan mo'l hosil etishtirdilar.
– Biz bugungi natijalarga erishish uchun pandemiya sharoitida – g'oyat murakkab bir vaziyatda ish olib bordik, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Buning uchun 2-3 karra ko'proq mehnat qilishga, izlanish, yangi imkoniyat va resurslarni qidirib topishga to'g'ri keldi. Avvalo, fidoyi shifokorlarimiz o'z jonini garovga qo'yib, xalqimiz sog'lig'ini asrash uchun beqiyos jasorat va matonat ko'rsatdilar. Bu borada Qurolli Kuchlar, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mard va jasur xodimlarining xizmatlarini alohida qadrlaymiz. Ayni vaqtda, bunyodkor quruvchilar, saxovatli tadbirkorlar, mahalla faollari, muhtaram nuroniylarimiz, navqiron yoshlarimiz, ilm-fan, madaniyat va sport sohasi vakillari el-yurtimizga haqiqiy tayanch va suyanch bo'lib maydonga chiqdilar. Har qanday sinovni birdamlik bilan engib o'tadigan xalqimiz mana shunday og'ir kunlarda qudratli kuchga aylandi. Fursatdan foydalanib, sabr-matonatli, zahmatkash, olijanob va fidoyi xalqimizga, uning buyuk qahramonligi uchun yana bir bor bosh egib, ta'zim qilaman.
– Dunyoda inson o'zini qachon baxtli deb biladi? Buyuklik nimada? Elga halol, pok mehnat qilib, natijasi mana shunday mukofot bo'lganda. Bu erda o'tirganlar bugungi kunning qahramonlari, mardona xalqimizning buyuk vakillari, – deya ta'kidladi Prezident.
Tadbirda aytib o'tilganidek, yurtdoshlarimizning fidokorona xizmatlarini munosib e'tirof etish maqsadida bu yil “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan geolog” faxriy unvoni, “Oliy Darajali Do'stlik”, birinchi va ikkinchi darajali “Salomatlik” hamda “Faxriy murabbiy” ordenlari, “Sog'lom turmush” medali kabi yangi davlat mukofotlari ta'sis etildi.
Bundan tashqari, “Mehr-saxovat” ko'krak nishoni joriy qilinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo'llab-quvvatlashga hissa qo'shgan qariyb 25 ming vatandoshimiz ushbu mukofot bilan taqdirlandi.
Ayni kunlarda joylarda yuzlab hamyurtlarimizga ana shu faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.
Davlatimiz rahbari mukofotlangan barcha vatandoshlarimizga yig'ilganlar nomidan tabrik yo'lladi.
Shundan so'ng mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Ma'lumki, O'qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida jadidchilik harakati namoyandalari – Abdulla Avloniy, Mahmudxo'ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan edi.
Marosim avvalida ana shu mukofotlar ma'rifatparvar bobolarimizning nevaralariga topshirildi. Bunday ehtirom ulug' ajdodlarimizning o'lmas merosi bugungi kunda ham qadrli ekanidan, xalqimizga beqiyos ma'naviy kuch bag'ishlab kelayotganidan dalolat beradi. Ayni vaqtda, el-yurtimizning milliy uyg'onish va taraqqiyotga intilishi barqaror ekanini namoyon etadi.
Shuningdek, tibbiyot, iqtisodiyot, fan, ta'lim, adabiyot va boshqa sohalar namoyandalari, davlat va jamoat ishlari faollariga mukofotlar topshirildi. Samarali faoliyati, vatanparvarligi va tashabbuskorligi bilan yoshlarga ibrat bo'layotgani uchun Prezident ularga minnatdorlik bildirib, ezgu tilaklarini izhor etdi.
– Hammamiz bugun yaxshi orzular va ulug' maqsadlar bilan, yangi yil ostonasida turibmiz. Biz barchamiz ahil va hamjihat bo'lib, xalqimizga sadoqat bilan mehnat qilib, yangi O'zbekiston poydevorini yaratayotganimiz bilan faxrlanamiz. Dunyomiz tinch bo'lsin, bag'rikeng va olijanob xalqimizni, jonajon Vatanimizni Olloh taolo hamisha o'z panohida asrasin, – deya so'zini yakunladi Prezident.
Mukofotlanganlar yuksak e'tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bolalar orasida adolat qilish ham ota‑onaning vazifasi va bolalarning haqqidir.
Islom adolat dinidir. U doimo barcha narsada, barcha yerda, barcha uchun adolat bo‘lishining tarafdoridir. Ayniqsa, yosh bolalar uchun. Shuning uchun ham ota‑onalardan bolalari orasida adolatli bo‘lishlari talab qilingan. Bu bolalarning tarbiyasiga ham, shaxsiyatiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi.
عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: انْطَلَقَ بِي أَبِي يَحْمِلُنِي إِلَى رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم ، فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، اشْهَدْ أَنِّي قَدْ نَحَلْتُ النُّعْمَانَ كَذَا وَكَذَا مِنْ مَالِي، فَقَالَ: أَكُلَّ بَنِيكَ قَدْ نَحَلْتَ مِثْلَ هَذَا؟ قَالَ: لَا، قَالَ: فَأَشْهِدْ عَلَى هَذَا غَيْرِي، ثُمَّ قَالَ: أَيَسُرُّكَ أَنْ يَكُونُوا إِلَيْكَ فِي الْبِرِّ سَوَاءً؟ قَالَ: بَلَى، قَالَ: فَلَا إِذًا. وَفِي رِوَايَةٍ: اتَّقُوا اللهَ وَاعْدِلُوا فِي أَوْلَادِكُمْ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.
Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Otam meni ko‘tarib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordilar va:
«Allohning Rasuli, guvoh bo‘ling, men Nu’monga o‘z molimdan buni, buni berdim», dedi.
«Hamma o‘g‘illaringga shunga o‘xshash berdingmi?» dedilar u zot.
«Yo‘q», dedi.
«Bunga mendan boshqani guvoh qil, – dedilar va so‘ngra: – Ularning barchasi senga birdek yaxshilik qilishi seni xursand qiladimi?» dedilar.
«Ha», dedi.
«Unday bo‘lsa, yo‘q!» dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Allohga taqvo qilinglar va farzandlaringiz orasida adolatli bo‘linglar», deyilgan.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisga binoan, musulmon inson moliyaviy masalalarda o‘z farzandlarining barchasini barobar ko‘rishi kerak bo‘ladi. Agar teng imkoniyatli farzandlarning biriga mol berib, boshqasiga bermasa yoki biriga oz, ikkinchisiga ko‘p bersa, adolatsizlik bo‘ladi. Bolalari orasida hiqdu hasad, fitna kuchayadi.
Agar shar’iy sabab bo‘lsa, ota‑ona o‘z bolalaridan biriga ko‘proq, boshqasiga ozroq mol bersa, bo‘ladi.
Misol uchun, biri bemor, ikkinchisi sog‘, biri kambag‘al, ikkinchisi boy, birining bolalari ko‘p, ikkinchisiniki oz.
عَنْ إِبْرَاهِيمَ قَالَ: كَانُوا يَسْتَحِبُّونَ أَنْ يَعْدِلُوا بَيْنَ أَوْلَادِهِمْ حَتَّى فِي الْقُبْلَةِ. رَوَاهُ حُسَيْنٌ الْمَرْوَزِيُّ.
Ibrohimdan rivoyat qilinadi:
«Odamlar bolalari orasida, hatto o‘pishda bo‘lsa ham, adolat qilishni yaxshi ko‘rar edilar».
Husayn Marvaziy rivoyat qilgan.
O‘tgan solihlar hatto bolalarini o‘pishda ham bir xil o‘pishga harakat qilishar edi. Adolatsizlik bo‘lib qolmasin, bittasini ko‘proq yoki yaxshiroq o‘pib qo‘yib, ikkinchisining ko‘ngli sinmasin, degan ma’noda ota‑onalar bolalariga nihoyatda e’tiyotkorlik bilan muomala qilar edilar.
Sahobalar va tobe’inlarning odatlari shunday bo‘lgan ekan. Bolalarga nisbatan adolatli, hammalariga bir xil munosabatda bo‘lish, hammalarini bir xil ko‘rish zarurligini yaxshi anglagan musulmonlarning dastlabki avlodlari, hattoki, bolalarini o‘pishda ham adolat bo‘lishi uchun harakat qilishar ekan.
عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: كَانَ رَجُلٌ عِنْدَ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم فَجَاءَ ابْنٌ لَهُ فَأَقْعَدَهُ عَلَى فَخِذِهِ الْيُمْنَى، ثُمَّ جَاءَ ابْنٌ لَهُ آخَرُ أَوْ ابْنَةٌ لَهُ، فَأَقْعَدَهُ عَلَى الْأَرْضِ، فَقَالَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم: لَوْ كُنْتَ سَوَّيْتَ بَيْنَهُمَا. فَأَقْعَدَهُ عَلَى فَخِذِهِ. رَوَاهُ حُسَيْنٌ الْمَرْوَزِيُّ.
Hasandan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan o‘tirgan edi. Uning bir o‘g‘li keldi va u uni o‘ng soniga o‘tirg‘izdi. Keyin boshqa o‘g‘li yoki qizi keldi, uni yerga o‘tirg‘izdi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Ikkoviga teng muomala qilganingda edi», – dedilar.
U unisini ham soniga o‘tirg‘izdi».
Husayn Marvaziy rivoyat qilgan.
Bolalarning muomalasidagi adolat qanchalik bo‘lishi kerakligi ushbu rivoyatda ochiq ko‘rinib turibdi.
Bolalaridan birini quchog‘iga olib, boshqasini yerga o‘tqazish adolat buzilganining alomati ekanidan, Nabiy sollallohu alayhi vasallam otaga nasihat qildilar. Sahobiy roziyallohu anhu darhol ana shu amrni bajo keltirib, ikkinchi bolani ham quchog‘iga oldi.
Mana bu haqiqatlarni ham juda yaxshi anglab olishimiz kerak. Bolalarimizga qiladigan katta-kichik muomalalarimizda adolatli bo‘lishimiz, hattoki, ularni o‘pish yoki quchog‘imizga olishda ham bu haqiqatni unutmasligimiz lozim.
عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: بَيْنَمَا النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم جَالِسٌ إِذْ جَاءَ صَبِيٌّ حَتَّى انْتَهَى إِلَى أَبِيهِ فِي نَاحِيَةِ الْقَوْمِ فَمَسَحَ بِرَأْسِهِ وَأَقْعَدَهُ عَلَى فَخِذِهِ الْيُمْنَى، فَلَبِثَ سَاعَةً ثُمَّ جَاءَتْ ابْنَةٌ لَهُ حَتَّى انْتَهَتْ إِلَيْهِ فَمَسَحَ بِرَأْسِهَا وَأَقْعَدَهَا بِالْأَرْضِ، فَقَالَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم: فَهَلَّا عَلَى فَخِذِكَ الْأُخْرَى. فَأَقْعَدَهَا عَلَى فَخِذِهِ الْأُخْرَى، فَقَالَ: الْآنَ. رَوَاهُ حُسَيْنٌ الْمَرْوَزِيُّ.
Hasandan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan edilar. Bir bolacha keldi va qavmning bir chekkasida o‘tirgan otasining oldiga bordi. Ota uning boshini siladi va o‘ng soniga o‘tirg‘izdi. Bir muddat o‘tdi va uning qizchasi kelib, oldiga bordi. U uning boshini silab, yerga o‘tirg‘izdi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Uni narigi soningga o‘tqazganingda edi», dedilar.
Bas, u qizni boshqa soniga o‘tirg‘izdi. Ul zot:
«Endi yaxshi bo‘ldi», – dedilar».
Husayn Marvaziy rivoyat qilgan.
Bu hadis avvalgi rivoyatning bir oz kengroq bayoni ekan. Bu yerda ota o‘z huzuriga kelgan ikkala farzandining ham boshini silagani haqida so‘z ketmoqda, ya’ni ikkisiga bir xil mehr ko‘rsatgan. Faqat ularni o‘tqazishda orada farq sodir bo‘lgan. Ana o‘sha narsa ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamning e’tiborlaridan chetda qolmagan.
«Baxtiyor oila» kitobidan