276. Jobir roziyallohu anhu dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar bir kishi bir narsa so'ragan bo'lsa, u narsa o'zlarida bor bo'la turib hargiz yo'q demaganlar. Agar yo'q bo'lsa, va'da qilar yoki haqiga yaxshi duo qilardilar.
277. Ibn Abbos roziyallohu anhumo dedilar: Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ehsonda va karamda bashar jinsi qila olmagan saxovatni qilar edilar. O'zlari darveshona hayot kechirar edilar. Lekin ehsonda shahanshohlardan o'tar edilar. Butun yil ahvollari shu bo'ldi. Lekin ramazoni muborakda karamlari haddan tashqari bo'lar edi. Hususan, Jabroil alayhissalom kelib Qur'oni karimni eshittirar vaqtlarida, yomg'ir keltiradigan shamoldan ham ziyoda saxiy bo'lar edilar. Do'st va ahli va noaxil hamma barobar naf olar edi.
278. Anas roziyallohu anhu dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertangi kun uchun xech bir narsani zaxira qilib olib qo'ymas edilar. Balki Alloh taologa tavakkul qilar edilar. Ya'ni, shu bugun nima mavjud bo'lsa, eb-edirib tamom qilar edilar. Ertaga zarurat bo'lib qolur degan xayol bilan olib qo'ymas edilar. Bu hol o'z xususlarida edi. Ammo volidalarimiz nafaqalarini o'z-o'zlariga topshirib berar edilar. O'z haqlariga o'zlari ozod va o'zlari muxtor edilar. Hohlaganlaridek tasarruf qila olar edilar, xohlasalar saqlab qo'yar edilar, xohlasalar taqsim qilib xalos qilar edilar. Lekin Janobning xonadonlari har bir holatda Janobga ergashar edilar.
279. Umar ibn al-Hattob roziyallohu anhu dedilar: Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga hojat talab qilib keldi. Janob dedilar: Bu soatda mening qoshimda hech bir narsa yo'qki, senga bersam. Endi sen mening nomimdan kerakli narsangni sotib ol. Qachon menga biror narsa paydo bo'lib qolsa, qarzni men uzaman. Umar dedilarki: Yo, Rasulalloh qo'llarida davlat bor zamonda berdilar, endi qudratlari etmagan narsani bermakka mukallif emaslar-ku? Janobga Umar roziyallohu anhuning so'zlari nomunosib ko'rildi. Shu soatda madinalik bir sahoba dedilar: Yo, Rasulalloh, har yo'l bilan bo'lsa ham bersinlar. Arsh Moliki tarafidan keladigan atolarni kam bo'lishidan qo'rqmasinlar. Janob u zot so'zlaridan tabassum qildilar va dedilarki: “Shu narsaga buyurilganman”.
280. Oisha roziyallohu anho dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadyani qabul qilar edilar. Va unga mukofot ham berar edilar. Va mukofotlari olgan hadyalaridan yaxshiroq narsa bo'lar edi.
281. Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhu dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pardada o'tirgan qiz boladan ham ziyoda hayoli edilar. Qachon bir narsani yomon ko'rsalar yomon ko'rganliklarini bizlar chehralaridan bilar edik. (Ya'ni, tillari bilan bayon qilmas edilar).
282. Oisha roziyallohu anho dedilar: Men Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nihoyatda hayoli bir inson bo'lganliklaridan biror bor uyat erlariga boqa olmadim va boqmadim.
I z o h. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nihoyatda sharmli, uyatchan bir inson bo'lganliklaridan uyat erlarini shu qadar extiyot bilan berkitar edilarki, hatto volidalarimizdan ham maxfiy tutar edilar. Hammadan mahbub, hammadan bemalol erka xotinlari modomiki ko'ra olmagan bo'lsalar, boshqa volidalarimiz hech ko'ra olmagan bo'ladilar. Endi o'z hamxonalaridan shu darajada ehtiyot qilib uyat erlarini ko'rsatmagan zoti aqdas boshqaning avratini qanday ko'ra olurlar. Onamiz Ummu Salama roziyallohu anho dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon ahliyalaridan birlari bilan suhbat qilmoqchi bo'lsalar, ko'zlarini berkitib, boshlarini past qilib olar edilar. Va ahliyalariga ham og'ir mijoz va sharmlik turishga amr berar edilar.
(Davomi bor)
“Shamoyili Muhammadiya” kitobidan
Shu yil 28 aprel kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbasiddinov boshchigida viloyat vakilligi xodimlari, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari va “Haj – 2024” ziyoratchilaridan iborat ishchi guruhi a’zolari uchun Pop tumanidagi “Kichik Xo‘jabod“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Pop tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berilib, Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
1. Imom-xatib “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish;
2. Imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish va unga ko‘mak berish;
3. Imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari Pop tumanida ish olib bordi.
Shuningdek, Ishchi guruh a’zolari Pop tumanidagi masjidlar hududidagi mahalliy xonadonlarga kirib, ularning hol-ahvoli so‘raldi. Xususan, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, muammolari o‘rganildi, taklif, fikr-mulohazalari tinglandi va keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati