Ilgariroq “VAQF” xayriya jamoat fondi tomonidan joriy yilning 25 – 30 dekabr' kunlari xayriya tadbirlari o'tkazilishi rejalashtirilganligi haqida xabar bergandik. Ushbu tadbirdan ko'zlangan maqsad, aholining kam ta'minlangan, yordamga muhtoj qatlamini moddiy qo'llab-quvvatlash, qalblarga iliqlik ulashishdan iboratdir.
Bugun Toshkent viloyatining Bo'ka tumanidagi 14-sonli hamda Chirchiq shahridagi 15-sonli Mehribonlik uylarida ana shunday xayriya tadbirlarining dastlabkisi bo'lib o'tdi. Unda 250 dan ortiq tarbiyalanuvchilar uchun karantin qoidalariga amal qilingan holda dasturxon tuzaldi va qo'y so'yilib, osh ulashildi. Shuningdek, bolajonlar uchun jami 6 ta televizor hadya qilindi. Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasur domla Raupov, viloyat bosh imom-xatibi o'rinbosari Mirodil domla Mirjalilov, Bo'ka tumani bosh imom-xatibi Baxriddin domla Sharipov, Chirchiq shahar bosh imom-xatibi Alijon domla Abrayev ishtirok etib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, turli balo va ofatlardan omonda bo'lishini so'rab duolar qilindi.
Eslatib o'tamiz, ushbu xayriya tadbirlari 30 dekabrga qadar davom etadi.
#kun_hikmati
Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar:
“Hilm – ilmning vaziri. Muloyimlik – ilmning otasi. Tavoze’ esa ilmning libosidir”.
– Hilm – qiyinchiliklarga sabrli va matonatli bo‘lib, g‘azabni ichga yutish, odamlar bilan muomalada yumshoq bo‘lishdir. Buning aksi – g‘azab, jizzakilik va serjahllikdir.
– Muloyimlik – yumshoqlik, og‘ir-bosiqlik bilan muomala qilish. Uning aksi – dag‘allik, qo‘pollik, bag‘ritoshlik, qo‘rslikdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radir”, deganlar.
– Tavoze’ – o‘zini katta tutmaslik. Buning aksi – takabburlik, o‘zini katta sanash, g‘ururlanish.
#hilm #ilm #muloyimlik
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati