frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Alloh buzg'unchilikni sevmas

26.12.2020   7952   5 min.
Alloh buzg'unchilikni sevmas

Islom – inson qadri va taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan eng ezgu g'oyalar bilan yo'g'rilgan dindir. Biroq turli ekstremistik va terrorchi tashkilotlar o'zlarining g'arazli maqsadlaridan kelib chiqib, islom ta'limotining ayrim g'oya va tamoyillari mazmun-mohiyatini bir yoqlama, o'z manfaatlari yo'lida noto'g'ri talqin qilib, odamlarni hidoyat yo'lidan adashtirishga urinmoqda.

Alloh taolo O'z kalomi Qur'oni karimda buzg'unchi toifalardan ogohlagntirib shunday marhamat qiladi:

«Ularga: «Yer yuzida fasod (buzg'unchilik) qilmangiz!» - deyilsa, ular: «Albatta, biz chin islohchilarmiz», - deydilar. Ogoh bo'lingki, aynan ularning o'zlari buzg'unchilardir, lekin (buni o'zlari) sezmaydilar» (Baqara, 11-12).

«Biz islohotchilarmiz» deya iddao qilayotgan bunday oqimlar o'zlarining qarashlari va amaliyotiga qo'shilmaganlarni «adashganlar»ga chiqarmoqda. Bunday yondashuv va talqinlar zamarida jamiyatdagi ijtimoiy birlikka tahdid solish va ichki parokandalikni keltirib chiqarish maqsadi mavjudligini anglash qiyin emas, balki ularning asl maqsadi ham aynan shudir! Alloh taolo Qur'oni karimning Baqara surasi, 60 oyatida: «Allohning rizqidan eb-ichingiz, Yer yuzida buzg'unchilik qilmangiz!»,  degan xitobiga e'tibor qaratadigan bo'lsak, Imom Qurtubiy ushbu oyatning tafsirida: «Alloh tartib o'rnatilgandan keyingi har qanday buzg'unchi va vayronakorlikni uning katta yo kichikligidan qat'i nazar, harom qildi», deb, ta'kidlab keltiradilar.

Ekstremistik oqimlar o'zlarining manfur niyatlari va amaliyotlarini oqlash maqsadida muqaddas islom nomi bilan turli «fatvolar» berib kelmoqda. Masalan, ular buning uchun mutlaqo asosi bo'lmagan voqeani o'zlariga dalil qilib olishgan. Unga ko'ra, go'yoki, Toifga qorong'uda hujum qilingan, oqibatda ayollar va yosh bolalar ham halok bo'lgan, sahobalar buning hukmini Payg'ambarimiz alayhissalomdan so'raganlarida «Sizlarning maqsadingiz mushriklar edi, qorong'uda ajratish murakkab bo'lgani bois ular ham mushriklardandir» degan soxta hadisni asos qilib, jamoat transport vositalari (avtobus, poyezd va samolyot)ni olib qochish va begunoh odamlarni garovga olish mumkinligini uqtirishmoqda. Ammo Payg'ambarimiz alayhissalom Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: «Darhaqiqat, sizdan oldingilarni o'zaro qon to'kishga va taqiqlangan ishlarni mumkin deb olishlariga ularning dinda chuqur ketishlari sabab bo'ldi», deydilar.

Afsuski, dinda chuqur ketish oqibati islom ulamolarining ko'rsatmalarini inkor qilishdan tap tortmaydigan, diniy birlik, aqidaviy yakdillika ochiqdan-ochiq tahdid tug'diruvchi, o'zaro nizolarga ko'milib ketgan guruhlarning paydo bo'lishiga g'oyaviy zamin yaratmoqda. Alloh buzg'unchilikni sevmasligini, bunday harakatlar islom dini ta'limotiga mutlaqo zid ekanini Qur'oni karimning «...Alloh buzg'unchilarning ishini isloh etmagay» (Yunus, 81), oyatidan ham ko'rishimiz mumkin.

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (xorijiylar haqida ogohlantirib): «Ular Qur'onni o'qiganda o'zlarining foydasiga deb o'ylaydilar, aslida esa u ularning zarariga yuradi», - dedilar».

Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Kimki rahmli bo'lmasa, u rahm qilinishdan mahrumdir».

Buzg'unchilik ishlarini din nomidan amalga oshirib, o'zlarining mudhish qilmishlari va jinoyatlari bilan nom qozongan xorijiylarning «Hukm faqat Allohnikidir», degan da'volariga qarshi Hazrati Ali roziyallohu anhu: «Haq so'z bilan botil iroda qilinibdi», deganlari esa, bugungi kundagi buzg'unchi toifalarning qilmishlariga va uning asosi hamda oqibatlariga ham kuchli raddiyadir.

Hasan Basriy rahmatullohi alayh esa: «Mo'min yaxshi ishlar qilsa ham, Allohdan qo'rqib turadi, munofiq esa yomon ish qilib turib, xotirjam yuradi», deganlari ham mo'min-musulmonlarga, insoniyatga besabab zarar va zulm qilish kishining kim ekani haqida xulosa beradi.

Imom G'azzoliy hazratlari esa: «mutaassiblar dindan foydalangan holda kishilarga hujum qiladigan katta yo'ldagi qaroqchilardir», deb ta'kidlaydilar.

Shuni alohida ta'kidlashimiz lozimki, bugungi kunda ham har bir shaxs taassubdan uzoq bo'lishi, buzg'unchilik va vayronkor g'oyalardan ogoh bo'lishi, Islom dini aqidalarini yaxshi bilishi, ularga amal qilishi va ular asosida ma'naviy himoyalanishi har doimgidek dolzarb bo'lib qolmoqda.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi Akmalxon Ahmedov

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   50320   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari