Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Fevral, 2025   |   23 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:50
Quyosh
07:08
Peshin
12:41
Asr
16:22
Shom
18:08
Xufton
19:21
Bismillah
22 Fevral, 2025, 23 Sha`bon, 1446

Olamlar Sarvariga o'zini tortiq etgan ayol

25.12.2020   2846   9 min.
Olamlar Sarvariga o'zini tortiq etgan ayol

 

Hudaybiya sulhi tuzilganiga bir yil to'ldi. Musulmonlar Payg'ambarimiz alayhissalom bilan birga umra ibodatini ado etish uchun Makkaga yo'l olishdi.

Nihoyat, uzoqdan Makka ko'rindi. Uni ko'rar-ko'rmas hamma yoqni musulmonlarning “Labbaykallohumma labbayk…”, degan ovozlari tutib ketdi. Musulmonlar Nabiy alayhissalom rahnamoliklarida ulug'vorlik va haybat bilan umrani ado etishga kirishishdi. Makka mushriklari darhol shaharni bo'shatib, tog' tomon chiqib ketishdi. Shaharda faqat bir necha erkak va ayol qolishdi, xolos.

Bu vaqtda Maymuna musulmon bo'lgan, ammo imonini yashirib yurgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Makkaga kelishlari uni jasoratlantirdi. Imonini barchaga oshkor etdi. So'ng Payg'ambarimiz alayhissalomga zavja bo'lish istagida Abbos ibn Abdumuttalib roziyallohu anhuni vakil etib yubordi.

Onamiz Nabiy alayhissalomga o'zini tortiq etgan ayollardan biridir. Payg'ambarimiz alayhissalom uning taklifini qabul etib, sovchi bo'lganlarida, u o'z tuyasiga minib olgan edi. Rasululloh alayhissalomning takliflariga: “Tuya ham, uning egasi ham Alloh va Rasuli uchundir”, deya rozilik bildirdi. Shundan so'ng Alloh taolo: «Yana (har qanday) mo'mina ayolni – agar u o'zini payg'ambarga tortiq etsayu, payg'ambar uni (mahrsiz) o'z nikohiga olishni istasa…” (Ahzob surasi, 50) oyatini nozil qildi.

Nabiy alayhissalom Maymuna onamizga hijratning ettinchi yili, qazo umrasidan forig' bo'lgach, nikohlandilar. Bu vaqtda Ja'far ibn Abu Tolib Habashistondan qaytib kelgan edi. Payg'ambarimiz alayhissalom to'y dasturxonini Makkada qilib bermoqchi bo'ldilar. Maqsadlari Makkada qolish muddatini uzaytirish va qurayshliklar bilan qayta bitim tuzish edi. U zot alayhissalom ushbu nikoh orqali Qurayshning ko'nglini Islomga moyil etishni istadilar. Lekin ular bosh tortishdi.

Quraysh raislari Huvaytib ibn Abdul Uzzoni: “Makkada qolish muddating tugadi, endi chiqib ket”, deb aytish uchun yuborishdi. Shundan keyin Nabiy alayhissalom Abu Rofe'ga buyurdilar, barcha yo'l tadorigini ko'rishga tushdi.

Makkadan chiqayotganlarida Maymuna onamiz hayqirib qurayshliklarni musulmon bo'lishga chaqirdi. Onamizning ochiq murojaat etishi qurayshdan ko'pchilikda Islomni qabul etishga rag'bat uyg'otdi.

Darhaqiqat, Alloh taolo Nabiy alayhissalom bilan Maymuna binti Horisa onamizning turmush qurishlaridan buyuk hikmatni iroda qildi. Ushbu muborak nikoh sabab Bani Hilol urug'i Islomga moyil bo'ldi, qalblari imon uchun shijoatlandi. Nabiy alayhissalom ham ular tomonidan lutf va qo'llab-quvvatlashga erishdilar. Ular Islomni o'z ixtiyorlari bilan, birma-bir qabul qilishdi.

Hudaybiya sulhida belgilangan muddat bitgani sabab Nabiy alayhissalom musulmonlar bilan Makkadan chiqdilar Sarif (Makkadan o'n millarcha uzoqlikda, Tan'im yaqinidagi joy nomi)ga borib, o'sha erda onamiz bilan go'shangaga kirdilar. O'shanda Maymuna roziyallohu anhoning yoshi 26 da, Payg'ambarimiz alayhissalomning yoshlari esa 59 da edi. Onamiz sharafiga to'y dasturxoni yozib, 400 (ba'zi rivoyatlarda 500) dirham mahr berdilar.

* * *

Maymuna binti Horisa roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning so'nggi nikohlangan jufti halollari. Otasi: Qurayshning obro'-e'tiborli kishilaridan Horisa ibn Hazn ibn Bujayr. Onasi: Fazilat va yuksak nasab sohibasi Hind binti Avf ibn Zuhayr. Maymunaning opasi Ummu Fazl Lubobai Kubro Abbos ibn Abdumuttalibning, keyingi opasi Asmo binti Horis Lubobai Sug'ro Valid ibn Mug'iyraning jufti haloli edi. Shu sabab Maymuna onamiz Abdulloh ibn Abbos hamda Holid ibn Validing xolasidir.

Onamizing yana boshqa bir opasi Asmo binti Umays Ja'far ibn Abu Tolibning, Sulma binti Umays Hamza ibn Abdulmuttalibning, Salama binti Umays Abdulloh ibn Ka'b roziyallohu anhumning zavjalaridir. Payg'ambarimiz alayhissalom bunday derdilar: “Mo'mina opa-singillar. Maymuna Nabiy alayhissalomning umr yo'ldoshi. Ummul Fazl binti Horisa, Sulma Hamzaning ayoli, Asmo binti Umays ularning ona bir singillaridir” (Imom Nasoiy rivoyati).

Shuningdek, Maymuna roziyallohu anhoning olamni erta tark etgan ona bir opasi Zaynab binti Huzayma ham mo'minlar onasi edi.

Maymuna onamiz Nabiy alayhissalomga turmushga chiqishidan oldin Abu Ruhm ibn Abdul Uzzoning nikohida bo'lgan.

Onamizning asl ismi Barra edi. Payg'ambarimiz alayhissalom uni Maymunaga o'zgartirganlar. Juvayriya onamizning ham ismi Barra bo'lib, Nabiy alayhissalom uni ham o'zgartirgan edilar.

Maymuna Madinaga kelganidan so'ng Payg'ambarimiz alayhissalomning pokiza xonadonlarida qadrli, itoatli, samimiy, vafodor zavja bo'lib yashadi. Taqvodorligi va seribodatligi bilan shuhrat qozondi. U kunduzlari masjidi Nabaviyda ko'proq namoz o'qishga harakat qilardi. Chunki u Payg'ambarimiz alayhissalomdan: “Mana shu masjidimdagi namoz Masjidul Haromdan boshqa masjidlarda o'qilgan namozlardan ming marotaba afzaldir”, deb marhamat qilganlarini eshitgan edi. Shuningdek, u Kalomullohni chuqur anglashga, sunnatlarni o'ta diqqat bilan o'rganishga kirishdi. Oysha onamiz roziyallohu anho buni e'tirof etib: “Maymuna oramizda Alloh taologa eng taqvodorrog'imiz va qarindoshlar bilan aloqasi eng ko'prog'imiz”, deb aytardi.

Maymuna roziyallohu anho boshqa onalarimiz kabi Rasululloh alayhissalomning sunnatlarini ummatga etkazishda jonbozlik ko'rsatdi. Bir misol. Ahzob surasining: «Uylaringizda Allohning tilovat qilinadigan oyatlari va hikmat (ya'ni Payg'ambar hadislari)ni zikr qilinglar! Albatta, Alloh lutfli va ogoh Zotdir», (34-) oyatiga muvofiq onamiz shariat ahkomlarini o'ta aniqlik bilan ummatga etkazdi. E'tibor bersak, u rivoyat qilgan hadislar asosan g'usl, tahorat, Nabiy alayhissalomning uyquga yotishlari, uyqudan uyg'onishlari, kirishlari va chiqishlari haqidadir.

Ma'lumki, ushbu ishlarning barchasini onalarimizdan boshqa hech kim bu qadar aniqlik bilan etkazib berolmasdi. Bu ham bo'lsa, ularning Payg'ambarimiz alayhissalom bilan doimiy suhbatlari sababidandir.

Maymuna onamiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan 76 ta hadis rivoyat qildi. Ularning aksariyatini Imom Buxoriy va Imom Muslim rahimahumalloh rivoyat qilishdi. Ulardan birida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning g'usl qilishlarining bayoni keltirilgan.

Maymuna onamiz roziyallohu anhodan Ibrohim ibn Abdulloh, onamizning mavlosi Sulaymon ibn Yasor, Abdulloh ibn Salit, opasining o'g'li Abdulloh ibn Shaddod, Abdulloh ibn Abbos, akasining o'g'li Abdurahmon ibn Soib Hiloliy va boshqalar rivoyat qilishgan.

Rivoyat qilinishicha, Maymuna onamiz birinchi bo'lib “Tez yordam” guruhini tuzgan ayoldir. U askarlarning jarohatlariga malham qo'yib, kerakli muolajalar qilgan. Hatto janglarning birida askarlarga suv tarqatayotib, o'zi ham jarohat oladi va Allohning marhamati ila omon qoladi.

* * *

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etganlaridan so'ng Maymuna onamiz ko'p yillar sog'-omon umr ko'rdi. Payg'ambarimiz alayhissalomning xotiralarini hurmatlab, qolgan umrini ham taqvoda o'tkazdilar.

Uning sadoqati va muhabbati shu qadar samimiy ediki, hatto Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birinchi bor birga bo'lgan Sarif erida, daraxt ostida, 81 yoshida jon taslim qildi. Uning janozasini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo o'qidi. U kishi odamlarga: “Anbarni ko'targaningizda uni silkitmanglar, qattiq qimirlatmanglar”, deb buyurdi.

Alloh taolo Maymuna binti Horis onamizdan hamda barcha mo'min-musulmonlardan rozi bo'lsin.

“Siyarul a'lam an-nubalo”, “Taboqotul kubro”, “Siyratu Nabaviya”

va boshqa asarlar asosida Mubina HAYDAROVA tayyorladi.

“Mo'minalar” jurnalining 2020 yil, 4-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida nimalar nazarda tutilgan?

21.02.2025   8230   4 min.
Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida nimalar nazarda tutilgan?

Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.


Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, jamiyatni yangilash yo‘lida tub o‘zgarishlar ro‘y berayotganini ta’kidladi.  Mazkur ezgu amallar diniy va milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirish borasida ham muhim o‘rin tutmoqda. 
 

Tarixiy obidalar, muborak qadamjolar va ziyoratgohlarning obodonlashtirilgani, masjid va madrasalar faoliyatining yo‘lga quyilgani, o‘zbek xalqi hamda O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillarining milliy va diniy marosimlari, shuningdek, an’anaviy bayramlarining o‘tkazilayotgani buning yaqqol dalilidir.


E’tiborlisi, keyingi yillarda O‘zbekiston fuqarolari uchun Haj kvotasi 3 barobarga oshirilib, Umra ziyoratiga kvotalar to‘liq bekor qilindi. Ulug‘ ajdodlarimizning diniy-ma’rifiy salohiyatini dunyoga tanitish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilib, o‘z faoliyatlarini ko‘rsata boshladi.

Qonun va konsepsiya bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.


Ushbu hujjat bilan belgilanayotgan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. 

Senator Komila Karomovaning fikricha, yurtimiz aholisi ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali hisoblanadi. Ya’ni, 16 ta konfessiya mavjud bo‘lib, 130 dan ortiq millat va elatlar ahil va tinch-totuv yashamoqda. Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, yurtimizda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, umummilliy va umuminsoniy qadriyatlarni belgilab olish, ijtimoiy adolat asosida totuvlikda yashash uchun barqaror muhitni ta’minlash zarur. Konsepsiyada aynan ushbu mexanizmlar belgilab berilmoqda.  Konsepsiyaning yana bir muhim tomoni – unda soxta diniy e’tiqodlar ta’siri ostida taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirishga ham e’tibor qaratilgan. Ushbu norma insonparvarlikning eng oliy namunasi hisoblanadi.


Fuqarolarning shaxsiy diniy qarashlari asosida ma’lum bir dinning boshqalariga nisbatan ustunligini targ‘ib qilish, diniy qoidalarni qonunchilik talablaridan yuqori qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi. 


Shu bois, Konsepsiyada diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat ekani belgilanmoqda.


Konsepsiyaning dolzarbligi shundaki, mazkur hujjat fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplarini hamda ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilashga, bu esa, jamiyatda bu sohada vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga, dinlararo va millatlararo nizolar kelib chiqishining oldini olishga xizmat qiladi.


Majlisda konsepsiyaning qabul qilinishi diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga asoslangan munosabatlar modelini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashishiga, jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qilishi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 
 

Norgul Abduraimova,

Nosir Haydarov (surat), O‘zA

Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida nimalar nazarda tutilgan? Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida nimalar nazarda tutilgan? Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida nimalar nazarda tutilgan?