Joriy yil 23 dekabr' kuni Hadis ilmi maktabi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida xalqimizga yanada kengroq axborot berish maqsadida Maktabda jurnalist va blogerlar uchun Press-tur tashkil qilindi.
Press-tur doirasida jurnalistlar dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishdi. Shu erda Muhaddislar sultoni haqqiga Qur'on tilovot qilindi. Shundan so'ng, ishtirokchilar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Markaz direktori Sh.Ziyodov muassasaning tashkil etilishi, maqsad va vazifalari, xalqaro hamkorlik va ilmiy-tadqiqot yo'nalishida olib borilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar xususida so'zlab berdi.
Shundan so'ng jurnalist Hadis ilmi maktabiga tashrif buyurdi. Maktab rektori O.Yusupov maktabning tashkil etilish maqsadlari va kutilayotgan natijalar, maktabda talabalarning o'qishga qabul qilish tizimi, unda o'qitiladigan fanlar va o'quv adabiyotlari tarkibi, mutaxassislik bo'yicha ishlab chiqilgan o'quv rejasini dunyoning etakchi ta'lim muassasalarining nufuzli ulamolar tomonidan e'tirof etilganligi va o'qitishda qo'llaniladigan zamonaviy metodlar haqida so'zlab berdi.
Tadbir doirasida jurnalistlar Maktab o'qituvchi va talabalar uchun qulay shart-sharoitlar sifatida bunyod etilgan yopiq suv havzasi, sport zali, Axborot-resurs markazi, kafedralar, talabalar turar joyi bilan yaqindan tanishdilar.
Ommaviy axborot vasitalari xodimlariga Maktabda yaratilgangan sharoitlarni tanishtirish davomida Axborot-resurs markazi uchun xorijdan olib kelingan o'quv adabiyotlari, o'quv jarayonlarini elektron axborot texnologiyalari orqali tashkil etish, boshqarish va monitoringini yuritish maqsadida ishlab chiqilgan elektron portal haqida hamda kafedra o'qituvchilar tomonida o'quv-uslubiy, ilmiy tadqiqot yo'nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida ma'lumot berildi.
Shuningdek, jurnalistlar dars mashg'ulotlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universitetidan jalb etilgan Hadis ilmi fanlari doktori, professor Mahmud Abdulloh Abdurrahmonning 2 kursdagi Hadis va sharh fanidan bo'lib o'tayotgan dars jarayoniga tashrif buyurdilar. Dars mashg'uloti davomida jurnalistlarga Maktabda fanlarni o'qitishda qo'llanilayotgan o'quv metodlari, o'quv jarayonlarining o'ziga xos xususiyatlari va talabalar tomonidan qo'lga kiritilgan yutuqlar haqida so'zlab beriladi.
Jurnalistlar va har ikki ilm maskani jamoasi ishtirokida o'tkazilgan ochiq muloqot davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar qaytarildi.
Hadis ilmi maktabi
Matbuot xizmati
Yaqin kunlarda yurtimizga ham muqaddas ramazon oyi kirib keladi. Muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar yanada kuchaytiriladi.
Islom dinida muhtojlarga yordam berish, nogironligi bor insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish xayrli amallardan hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Moddiy-ma’naviy yordamlar ko‘lamini yanada ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi bir qancha davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, arab davlatlarida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lgan Saudiya podshohligi bilan yo‘lga qo‘yilayotgan aloqalar yildan yilga yanada ijobiy tus olyapti. Bu hamkorlik natijasida Saudiya tomoni, xususan, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazi ikki yildan buyon aynan ramazon oyida O‘zbekistonga ehtiyojmand aholi qatlami uchun hurmo mevasi va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari hadya qilib kelyapti. Ramazon oyi munosabati bilan yaqinda ushbu markaz O‘zbekistonga kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar uchun yana 6 750 dona oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat qutilar va un mahsulotlarini xayriya qilib, fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar salmog‘ini yanada oshirdi. Joriy yilning 24 fevral kuni ushbu xayriya mahsulotlari qabul qilib olinib, ularni o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf ibn Solih al-Gahra al-Utaybiy, Podshoh Salmon ko‘mak va xayriya ishlari markazining O‘zbekistondagi koordinatori Nosir as-Subay’iy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Jahongir Salamov, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi vakillari, OAV xodimlari hamda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalar ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, xayriya qilingan mahsulotlar Respublika bo‘ylab taqsimlanib, Ijtimoiy himoya milliy agentligining joylardagi boshqarmalari va fond filiallari orqali Ramazon oyi davomida ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarga, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor xonadonlarga tarqatiladi. Demak, bu oyda 6 750 ta ehtiyojmand oilaga Ramazon tuhfalari kirib boradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
"Vaqf" xayriya jamoat fondi
Matbuot xizmati