Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida yil yakuniga bag'ishlangan sarhisob yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon Inomov, Masjidlar bo'limini boshlig'i Muhammadnazar Qayumov ishtirok etdi.
Sarhisob yig'ilishida viloyat bosh imom-xatibi Aliakbar Sayfiddinov imom-xatib va noiblar, otinoyilarning joriy 2020 yilda qilgan ishlari bo'yicha hisobot taqdim qildi, kelgusi yilgi rejalarni ma'lum qildi.
So'ng Ibrohimjon domla Inomov yig'ilish qatnashchilariga diniy soha rahbarlarining salomini etkazib, o'tayotgan yilda viloyatda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, yutuqlarni e'tirof etdi, kamchilikni tanqid qildi. Ushbu yig'ilish yakuni bo'yicha kelgusi rejalarni yanada puxtalab olishni qayd etdi.
Tadbir davomida shahar va tuman imom-xatiblari ham qilingan ishlar, yo'l qo'yilgan kamchiliklar, ularni kelgusida bartaraf etish bo'yicha chiqish qildi. Shuningdek, dinimizning yurtimiz tinchligi va aholi turmush tarzini yaxshilashdagi o'rni haqida aytib o'tildi.
***
Qashqadaryo viloyatida o'tkazilgan yig'ilishda ham joriy yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Yig'ilishda dastlab viloyati bosh imom xatibi Rahmatillo Usmonov so'zga chiqib, 2020 yilda hududda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilgan ishlar haqida ma'ruza qildi.
Anjumanda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon Inomov, Masjidlar bo'limi mudiri Muhammadnazar Qayumovlar ham qatnashib, imomlarga juda ta'sirchan ma'ruzalar qildilar.
Shuningdek, joylardagi bosh imom-xatiblarning hisoboti tinglandi va galdagi vazifalar belgilab olindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, jamiyatni yangilash yo‘lida tub o‘zgarishlar ro‘y berayotganini ta’kidladi. Mazkur ezgu amallar diniy va milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirish borasida ham muhim o‘rin tutmoqda.
Tarixiy obidalar, muborak qadamjolar va ziyoratgohlarning obodonlashtirilgani, masjid va madrasalar faoliyatining yo‘lga quyilgani, o‘zbek xalqi hamda O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillarining milliy va diniy marosimlari, shuningdek, an’anaviy bayramlarining o‘tkazilayotgani buning yaqqol dalilidir.
E’tiborlisi, keyingi yillarda O‘zbekiston fuqarolari uchun Haj kvotasi 3 barobarga oshirilib, Umra ziyoratiga kvotalar to‘liq bekor qilindi. Ulug‘ ajdodlarimizning diniy-ma’rifiy salohiyatini dunyoga tanitish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilib, o‘z faoliyatlarini ko‘rsata boshladi.
Qonun va konsepsiya bilan fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.
Ushbu hujjat bilan belgilanayotgan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.
Senator Komila Karomovaning fikricha, yurtimiz aholisi ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali hisoblanadi. Ya’ni, 16 ta konfessiya mavjud bo‘lib, 130 dan ortiq millat va elatlar ahil va tinch-totuv yashamoqda. Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, yurtimizda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, umummilliy va umuminsoniy qadriyatlarni belgilab olish, ijtimoiy adolat asosida totuvlikda yashash uchun barqaror muhitni ta’minlash zarur. Konsepsiyada aynan ushbu mexanizmlar belgilab berilmoqda. Konsepsiyaning yana bir muhim tomoni – unda soxta diniy e’tiqodlar ta’siri ostida taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirishga ham e’tibor qaratilgan. Ushbu norma insonparvarlikning eng oliy namunasi hisoblanadi.
Fuqarolarning shaxsiy diniy qarashlari asosida ma’lum bir dinning boshqalariga nisbatan ustunligini targ‘ib qilish, diniy qoidalarni qonunchilik talablaridan yuqori qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu bois, Konsepsiyada diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglikni va dunyoviylikni ta’minlashdan iborat ekani belgilanmoqda.
Konsepsiyaning dolzarbligi shundaki, mazkur hujjat fuqarolarning vijdon erkinligi huquqini ta’minlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplarini hamda ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilashga, bu esa, jamiyatda bu sohada vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga, dinlararo va millatlararo nizolar kelib chiqishining oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda konsepsiyaning qabul qilinishi diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga asoslangan munosabatlar modelini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashishiga, jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qilishi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat), O‘zA