Shu kunlarda O'zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri vakilliklarida imom-xatiblari ishtirokida 2020 yilda qilingan ishlar, yutuq va kamchiliklarga bag'ishlangan sarhisob tadbirlari bo'lib o'tmoqda.
Ana shunday tadbirlar Namangan, Farg'ona, Buxoro, Toshkent viloyati, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarida bo'lib o'tdi. Ularda O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbar va xodimlari, “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot matbaa ijodiy uyi vakillari qatnashdi.
Tadbirlarda so'zga chiqqanlar so'ngi yillarda diniy sohada amalga oshirilgan ishlar, yo'l qo'yilgan kamchiliklar tahlil qilindi, kelgusidagi dolzarb vazifalarga to'xtalib o'tishdi. Jumladan, viloyat bosh imom-xatiblarining yil yakuni bo'yicha hisobotlari tinglandi.
Ochiq muloqot shaklida o'tayotgan yig'ilishlarda diniy-ma'rifiy soha faoliyatini yanada takomillashtirish, masjidlar faoliyatini yaxshilashda imom-xatiblar kelgusida qilishi lozim bo'lgan ishlar ko'rib chiqilib, zaruriy tavsiyalar berildi.
Jumladan, imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirish, yoshlar bilan ishlash, internet va ijtimoiy tarmoqlarda faollik ko'rsatish, Islomni aholiga keng etkazishda fidoiylik bilan xizmat qilish kabi qator ko'rsatma va topshiriqlar berildi. Pandemiya sabab yurtimizdagi masjidlar faoliyatini vaqtincha to'xtatgani, bu davrda imom-xatiblar xayriya ishlariga urg'u berishdi. Hozirda Respublikamizdagi barcha masjidlarda namozxonlarimiz karantin qoidalariga rioya qilgan holda ibodatlarini ado etayotgani ta'kidlandi. So'ngi yillar yangi masjidlar qurish va mavjudlarini ta'mirlash yillari bo'layotganini qayd etishdi. Imom-xatiblar bildirgan takliflar qo'llab-quvvatlandi.
Tadbirlar davomida 2020 yilda faol xizmat qilgan, chuqur bilimi, tajribasi, namunali xulqi, fidokorligi bilan Allohning baytiga, dinimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan imom-xatib va noiblar turli yo'nalishlarda taqdirlandi.
Yig'ilishlar yakunida O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot matbaa ijodiy uyida nashr etilayotgan “Hidoyat”, “Mo'minalar” jurnallari va “Islom nuri” gazetalariga aholini obuna qilishda faollik ko'rsatgan imom-xatiblarga tashakkurnoma, faxriy yorliq va esdalik sovg'alar topshirildi. Imom-xatiblarning Alloh taoloning roziligi yo'lida din xizmatchisi sifatida qilayotgan solih amallari husni qabul bo'lishi, ularning kelgusidagi faoliyatiga kuch-quvvat so'rab, xayrli duolar qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati