O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi: istiqboldagi rejalar» mavzusida xalqaro onlayn-anjuman tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Din ishlar bo'yicha qo'mita ma'lumotiga ko'ra, tadbirda o'zbekistonlik hamda xorijlik taniqli olimlar, davlat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha Islom tashkiloti (ISESCO) bosh direktori Salim al-Malik, Al-Azhar islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Nazir Muhammad Ayyad, Islom taraqqiyot bankining fan, texnologiya va innovatsiyalar bo'yicha maslahatchisi Hayat Sindi kabi taniqli olim, mutaxassis va jamoat arboblari nutq so'zladi.
Anjumanda so'zga chiqqanlar Imom Moturidiy ilmiy merosini o'rganish va xalqaro jamoatchilikka targ'ib qilish sharafli va mas'uliyatli vazifa ekanini qayd etib, bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan sa'y-harakatlar yuksak baholandi.
Ishtirokchilar globallashuv jarayonida namoyon bo'layotgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurash jarayonida o'zaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta'kidlab, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejasi ham muhokama qilindi.
— Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi dunyoning etuk moturidiyshunos olimlari, tadqiqotchilarini birlashtiradigan, qizg'in fikrlar muhokama qilinadigan platforma bo'lib xizmat qiladi, — dedi O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi raisi Abdug'ofur Ahmedov. — O'z navbatida, ushbu maskan ma'rifiy islom g'oyalarini tarannum etadigan va bunga zamin yaratadigan ma'rifa markaziga aylanadi.
Anjuman yakunida Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha Islom tashkiloti (ISESCO) bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o'rtasida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'ytcha anglashuv memorondumi imzolandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Jannatdagi yuqori martabalarni va ulug‘ farishtalar bilan birga bo‘lishni xohlasangiz Allohning oyatlariga bog‘laning. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onga mohir bo‘lgan kishi hurmatli farishtalar bilan birgadir”[1], deganlar. Boshqa bir hadislarida esa: “Qiyomat kuni Qur’on sohibi jannatga kirsa, unga “O‘qi va ko‘taril!” deyiladi. U o‘qiydi va har bir oyat uchun bir daraja ko‘tariladi, toki o‘zidagi bor oyatlarni o‘qiydi”[2], deganlar.
Allohning oyatlariga qanday bog‘lanish mumkin?
Juzlarga ajratilgan Qur’on sotib oling. Shunda mo‘ljallangan juzni o‘zingiz bilan olib yura olasiz. Bo‘sh vaqtingizdan unumli foydalaning va bir-ikki oyat bo‘lsa-da, o‘qib olishga harakat qiling.
Namozga aytiladigan iqoma va azon o‘rtasida Qur’on o‘qishga ozroq vaqtingiz bo‘lishi uchun namozga ertaroq boring.
Ulovingizga bitta mus'haf qo‘yib qo‘ying. Uyga kirishdan avval kichik bo‘lsa-da, bir necha oyat o‘qing. Shu tariqa siz uyingizga Allohning oyatlari ila birga kirib borasiz.
Ishga ketayotgan va qaytayotgan paytingiz bir necha daqiqa bo‘lsa ham Qur’on eshiting.
Juma namoziga ertaroq boring va hafta davomida Qur’ondan o‘qiy olmagan qismingizni ushbu muborak soatlarda o‘qib, yetkazib oling.
Muhtarama ayollar! Uy yig‘ishtirayotganingizda, taom tayyorlayotganingizda Qur’onning ovozli shaklini qo‘yib qo‘ying. Qanchadan-qancha vaqtimiz havoga sovurilib ketyapti. Xasratu nadomatlar foyda bermaydigan kunda bu vaqtlarimiz uchun pushaymon bo‘lamiz, axir.
Qur’onning elektron shaklini telefon yoki kompyuteringizning ekraniga o‘rnatib oling. Shunda ozroq bo‘lsa-da, o‘qishga muvaffaq bo‘lasiz.
Piyoda yurganingizda yod olgan suralaringizni takrorlab boring va buni kundalik odatga aylantiring.
Yotoqingizga yaqinroq joyda ham bitta Mus'haf bo‘lsin. Uyquga ketishdan avval Qur’ondan kunlik belgilangan miqdorni tugatib qo‘ying. Shunday qilsangiz kuningizning yakuni Allohning oyatlari bilan hamohang bo‘ladi.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.
[2] Imom Ahmad rivoyati.